O‘zbekiston | 21:26 / 25.04.2023
9679
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Chexiya hukumati delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Chexiya bosh vaziri bilan industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirishning aniq loyihalarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

25 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Chexiya bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qildi.

O‘zbekiston-Chexiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Chexiya mamlakatimizning Yevropadagi an’anaviy hamkoridir. Joriy yilda ikki tomonlama diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda.

Keyingi bir necha yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 barobarga, qo‘shma korxona va loyihalar soni esa 2,5 barobarga ko‘paydi.

Bugungi kunda qurilish materiallari, tibbiy uskunalarni ishlab chiqarish, ishbilarmonlik infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi almashinuvlar har doimgidek faol. Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston-Chexiya arxeologik ekspeditsiyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi.

Uchrashuv chog‘ida o‘z mintaqalarida sanoat peshqadamlari bo‘lgan mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli hamkorligida mavjud salohiyatni samarali ishga solish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Hukumatlararo komissiya ishini faollashtirish va uning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Bugun mamlakatlarimiz yetakchi korxonalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan va istiqbolli loyihalar taqdimot qilingan biznes-forumning samarali yakunlari yuksak baholandi.

Qazib chiqarish tarmog‘i, energetikani modernizatsiya qilish, energetik mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va charm sanoati, transport va logistika, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va boshqalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

O‘zbekistonda Chexiyaning ilg‘or texnologiyalarini keng joriy qilishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va birgalikda moliyalashtirish vositalaridan foydalanish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hamkorlikning har bir yo‘nalishi bo‘yicha ishchi guruhlar tuzish va «yo‘l xarita»larini ishlab chiqishga qaror qilindi.

Bundan tashqari, Ishbilarmonlar kengashining faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilmoqda, uning doirasida O‘zbekiston va Chexiya poytaxtlari va hududlarida biznes-forumlarni muntazam o‘tkazib borish rejalashtirilmoqda.

Gumanitar almashinuvni kengaytirish, shu jumladan Chexiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘zbekistonlik talabalarning tahsil olishi uchun kvotalarni ko‘paytirish va madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mavzuga oid