O‘zbekiston | 10:51 / 25.04.2023
12815
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda jarimani to‘lamaslik uchun «Moskvich» avtoraqamini Gentra’ga taqib qo‘ygan shaxs aniqlandi

Toshkent shahrida jarimani to‘lamaslik uchun boshqa avtomashina davlat raqamini taqib olgan haydovchi aniqlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Foto: Tergov departamenti

2023 yil 13 aprel kuni 27 yoshli A.G. 102 xizmatiga murojaat qilib, opasi, 33 yoshli K.M.ga tegishli bo‘lgan oq rangli “Moskvich M21412” rusumli avtoulovdan old va orqa tomonlardan davlat raqami belgilarni noma’lum shaxs tomonidan yechib olganini ma’lum qilib, davlat raqami belgilarni topish va yechib olgan noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 227-moddasi 1-qismi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan ish qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, mazkur jinoyatni joriy yilning 12 aprel kunidan 13 aprel kuniga o‘tar kechasi, soat 03:00 larda 19 yoshli T.J. sodir etgani aniqlanib, undan jabrlanuvchiga tegishli avtoulov old va orqa tarafidagi davlat raqami belgilari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi so‘roq qilinib, undan nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urgani so‘ralganida, u o‘z tanishi bo‘lgan X.U. tomonidan boshqarib yurgan Lacetti Gentra’ga ko‘p jarimalar kelib, ularni tulashga mablag‘i bo‘lmagani sababli va avtoulov jarima maydonchasiga joylashtirilishidan qo‘rqib, unga yordam sifatida “Moskvich M21412” rusumli avtoulovidan davlat raqami belgilarini yechib olib, tanishi boshqaradigan qora rangli Lacetti Gentra rusumli avtoulovi davlat raqami belgilari bilan almashtirib qo‘yganini ma’lum qilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid