Jahon | 20:54 / 27.04.2023
34789
6 daqiqa o‘qiladi

«Kurashning bevaqt keskinlashuvi». «Mariupol qassobi» Shoyguning o‘rinbosarligidan ketgani aytilmoqda

Harbiy blogerlar va muxbirlar bu iste’fodan norozi.

Foto: Getty Images

General-polkovnik Mixail Mizinsev Rossiya mudofaa vazirining moddiy-texnik ta’minot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganidan yetti oy o‘tib ishdan ketgan. Bu haqda z-blogerlar va telegram-kanallar xabar tarqatdi. Mizinsevning iste’fosi haqida rasman e’lon qilinmagan.

Mizinsev lavozimidan ozod etilgani haqida dastlab VGTRK harbiy muxbiri Aleksandr Sladkov xabar berdi. U bu iste’fo sababini bilmasligini aytgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Mizinsev ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risidagi xabarga izoh berishdan bosh tortdi.

Mizinsev haqida nimalar ma’lum?

Mizinsev vazir o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilguniga qadar RF mudofaasini boshqarish milliy markaziga rahbarlik qilgandi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, aynan u uch oy davom etgan Mariupol qamaliga boshchilik qilgan, Ukraina hukumati baholariga ko‘ra, bu shahar uchun janglar vaqtida tinch aholi vakillaridan bir necha o‘n ming kishi halok bo‘lgan. G‘arb matbuotida general «Mariupol qassobi» laqabini olgan.

Shahardagi vayrongarchilik Suriyaning Halab shahri qamali oqibatlariga qiyoslanadi, bu shahar Rossiya bombardimonlaridan keyin xarobaga aylangan. Suriyadagi aviazarbalarga aynan Mizinsev rahbarlik qilgan va harbiy ekspertlar taxmin qilishicha, Mariupolda ham u bu tajribadan qisman foydalangan. 2022 yil martida Britaniya hukumati unga qarshi personal sanksiyalar kiritgandi.

RF Mizinsev shaharni egallashda ishtirok etganini rasman tasdiqlamagan, ayrim mustaqil ekspertlar ham Mariupolning vayron qilinishiga aynan u javobgar ekaniga shubha bildirgan.

Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi tarqatgan audioyozuvda Mizinsev o‘z qo‘li ostidagilarni haqorat qilgani va ularni «butilkaga o‘tirg‘izish» bilan tahdid qilgani aks etgan.

Ta’minotdagi muammolar

Mudofaa vazirligi saytida aytilishicha, mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida Mizinsev rossiyalik harbiylarning moddiy-texnik ta’minotiga, shuningdek, qo‘shinlarni qurol va harbiy texnikalar bilan ta’minlashga javobgar bo‘lgan. 2022 yil sentabriga qadar Rossiyaning front orti ta’minotiga Dmitriy Bulgakov mas’ul bo‘lgandi.

Uning o‘rniga Mizinsev tayinlanganidan uch kun o‘tib Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilingandi, uning davomida qo‘shinlar ta’minotidagi muammolar kun tartibiga chiqqandi. Ish shunga borib yetadiki, Dumadagi ikki qo‘mita rahbarlari bosh prokuraturadan front ortidagi ta’minot muammolari bilan shug‘ullanishni so‘raydi.

Xususan, Dumaning mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Gurulev «shaxsiy tarkibni qabul qilish punktlarida saqlangan bir yarim million komplekt qayerga ketganini haligacha tushunmayotgani»ni aytgandi: «Forma bilan bog‘liq muammolar qayerdan chiqmoqda? Buni hech kim tushuntirmoqchi emas!»

Undan oldinroq esa ukrain harbiylari rossiyalik harbiylarning payoklari aks etgan videoni e’lon qilgandi - kadrlarda barcha to‘plamlardagi mahsulotlarning yaroqlilik muddati bir necha yilga o‘tib ketgani ko‘rsatilgan.

Rossiyalik blogerlar muntazam ravishda harbiy kopterlar, tungi ko‘rish moslamalari va hokazolar uchun pul yig‘ishadi. Safarbarlik e’lon qilinganidan keyin ma’lum bo‘ldiki, armiyaga chaqirilgan rossiyaliklarning qarindoshlari harbiy forma va boshqa zarur jihozlarni o‘z hisobidan sotib olishiga to‘g‘ri kelgan.

Shu tufayli Mizinsevning tayinlanishini harbiy blogerlar mamnuniyat bilan kutib olishgandi. «Mening shaxsiy fikrim: Mizinsev - intellektual va ajoyib logistik, u mudofaa vazirligimizning barcha ehtiyojlaridan yaxshi xabardor. Endi hammasi yaxshilanishi kerak», deya yozgandi Sladkov.

Andrey Gurulev ham ushbu tayinlovni «nihoyatda quvonchli voqea» deb atagandi.

Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) Mizinsevning tayinlanishi «Rossiya armiyasidagi asosiy tarkibiy muammolar» muayyan qo‘mondonlarning shaxsiy muvaffaqiyatsizligi natijasi deb biladigan Kremlning pozitsiyasini aks ettirishini ma’lum qilgandi.

Ehtimoliy iste’foga reaksiya

«Qanday qilib, nima uchun - taxmin qilish qiyin. Barchasini keyinroq bilib olamiz. [...] «Uddalay olmadi» degan formulirovka mos kelmaydi, Mizinsev bu lavozimda bir yil ham qolmadi. Demak, sababi kutilmaganda qandaydir katta e’tiroz paydo bo‘lganida, yoki… Bilmayman», - deya yozgan Sladkov.

«Mizinsev qayerga ketgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Agar u butunlay ketgan bo‘lsa, juda afsuslanarli», deya yozgan «Komsomolskaya pravda» muxbiri Aleksandr Kots.

Mizinsevning o‘rniga katta ehtimol bilan Rosgvardiya rahbari o‘rinbosari Aleksey Kuzmenkov tayinlangan. Sladkov buni «muhim tayinlov» deb atagan, ammo sababini izohlamagan. U boshqa iste’folar ham ro‘y berishini taxmin qilgan. «Chunki kuchishlatar tuzilmalar blokida kurash bevaqt keskinlashmoqda», degan u.

WarGonzo telegram-kanali taxmin qilishicha, bo‘lajak kadrlar o‘zgarishi  - «katta ehtimol bilan Putin oldingi chiziqqa shaxsan tashrif buyurgani effektidir». «Jang maydonidagi haqiqiy vaziyatdan xabardor bo‘lgan va g‘azablanib turgan ofitserlar bu - prezidentga haqiqiy muammolarni yetkazish uchun imkon ekanini anglashgani aniq», deya yozgan muallif.

18 aprel kuni Kreml Putin Xerson va Luhansk oblastlarida (Ukrainaning bu ikki regioni rasman Rossiya tomonidan anneksiya qilingan, ammo amalda Rossiya harbiylari bu hududlarni to‘liq nazorat qilmayapti).

Mavzuga oid