O‘zbekiston | 00:29 / 27.04.2023
35299
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways samolyoti bortida bola tug‘ildi

Turkiyaga parvoz qilgan 27 yoshli ayolning samolyotda ko‘zi yoridi. Ona va bolaning ahvoli barqaror ekani aytildi.

Foto: Uzbekistan Airways

26 aprel kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan HY-273 reysi samolyoti bortida chaqaloq dunyoga keldi.

Qayd qilinishicha, samolyot Istanbulga yaqinlashganda ayolni to‘lg‘oq tutgan. 1996 yilda tug‘ilgan Sitora A. bu haqda styuardessalarga murojaat qilgan. Shundan so‘ng ular yo‘lovchilardan shifokor bor yoki yo‘qligini so‘rashgan.

Biroz vaqt o‘tgach, homiladorlikning 28-haftasida bo‘lgan ayol o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Samolyot Istanbul xalqaro aeroportiga qo‘ngach, tibbiyot xodimlari ona va chaqaloqni poliklinikaga yetkazgan. Ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bola tug‘ilishida yordam ko‘rsatgan yo‘lovchilarga minnatdorlik bildirib, ularga esdalik sovg‘alari taqdim etilishini ma’lum qildi. Shuningdek, «Butunjahon uchuvchilar kuni»da tug‘ilgan chaqaloq kelajakda hayotini osmon va aviatsiya bilan bog‘lashiga umid bildirdi.

Mavzuga oid