Jamiyat | 19:04 / 28.04.2023
32493
2 daqiqa o‘qiladi

Mualliflik huquqini buzgan yana bir xonanda tovon to‘laydigan bo‘ldi

Shoir Behzod Fazliddinning “Ayyor do‘stlarim” she’ridan beruxsat foydalangan holda qo‘shiq kuylagan Jaloliddin Ahmadaliyev mualliflik huquqini buzgani uchun o‘tgan yili shoirga 24 mln so‘m tovon to‘lagan edi. Endilikda yana bir xonanda A.Shermatov ham shu she’rdan ruxsatsiz foydalangani uchun 30 mln so‘m tovon to‘laydigan bo‘ldi.

Foto: Flickr

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Behzod Fazliddinning mualliflik huquqi buzilishiga doir da’vosi qanoatlantirildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, shoir boshqarmaga ariza bilan murojaat qilib, xonanda A. Shermatov undan ruxsat olmagan holda “Ayyor do‘stlarim” she’ridan foydalanib qo‘shiq kuylaganini bildirgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rib, mualliflik huquqini himoya qilishni so‘ragan.

Adliya organining da’vosi bilan, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida ko‘rilgan. Sud qaroriga asosan, xonanda A.Shermatov mualliflik huquqbuzarligini sodir etgani tasdiqlangan va u jarimaga tortilgan.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining hal qiluv qarori asosida, shoir Behzod Fazliddin foydasiga xonandadan 100 BHM, ya’ni 30 mln so‘m tovon puli undiriladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Behzod Fazliddinning “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” to‘plamidagi aynan shu – “Balosiz, go‘yoki g‘amimni yeysiz” deb boshlanuvchi “Ayyor do‘stlarim” she’ri 2022 yil yozida ham mualliflik huquqi bo‘yicha nizo markazida bo‘lgan edi.

O‘shanda xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev bu she’rni muallifdan ruxsatsiz qo‘shiq qilgani uchun BHMning 80 barobari, ya’ni 24 mln so‘m tovon puli va 2 mln so‘m ma’naviy zarar to‘lashga majbur bo‘lgandi.

“Hurmatli ijod vakillari! Mualliflik huquqi nafaqat nomulkiy, balki mulkiy huquq ekanligini unutmaylik. Mualliflik huquqingiz buzilsa, uni himoya qilish uchun Adliya vazirligi yoki hududiy adliya boshqarmalariga murojaat qiling!” – deya murojaat qildi Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi.

Mavzuga oid