O‘zbekiston | 18:41 / 29.04.2023
34033
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga sanksiyalar: Yevropa O‘zbekistondan nimani so‘rayapti?

28 aprel kuni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Toshkentga keldi. Maxsus vakilni prezident Mirziyoyev qabul qildi. Xo‘sh, yevropalik diplomatning kelishdan maqsadi nima, sanksiyalar masalasida O‘zbekiston bilan vaziyat qanaqa?

Sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil – kim, u nima ish bajaradi? Odatda, davlatlar biron bir muhim vazifani, missiyani amalga oshirmoqchi bo‘lsa, shu vaziyatni kuzatish va ijrosini bajarish bo‘yicha, maxsus vakil lavozimini joriy qiladi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 7 mingdan ortiq sanksiyalar joriy qildi. Bu bilan, Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar, Eron va Shimoliy Koreyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalardan ham oshib ketdi.

Sanksiyalarning maqsadi, vazifalari har xil bo‘ladi. Sanksiyalar aniq shaxslarni, siyosiy elitani, ma’lum sohalarni, butun bir jamiyat va davlatni nishonga olishi mumkin. Rossiyaga qarshi qo‘llanilgan sanksiyalarning turi ko‘p. Devid O’Sallivan Toshkentga kelib, sanksiyalarning maqsadini tushuntirdi, O‘zbekistondan so‘ralayotgan masalaga izoh berdi.

Demak, shu paytgacha Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan aniq maqsadli sanksiyalar qo‘lladi. Maqsad – Rossiya harbiy mashinasining kuchayishiga yordam bermaslik, Rossiyaga ikki maqsadli texnologiyalar kirib borishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Devid O’Sallivan sanksiyalar faqat Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga tegishli ekanini tushuntirgan. Misol uchun, O‘zbekistonning o‘zida yoki dunyoning boshqa nuqtalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan hech qanday sanksiyalar mavjud emasligi bildirilgan.

Bular qaysi mahsulotlar? Blok-sxemalar, mikrochiplar, qurol-yarog‘, artilleriya va qanotli raketalar uchun ishlatiladigan optik jihozlar va boshqa maxsus materiallar. Yevropa Ittifoqining maxsus vakili so‘zlariga ko‘ra, keyingi bir yilda O‘zbekiston mana shu mahsulotlar sotib olishni ko‘paytirgan. Import miqdori 126 foizga oshgan.

Maxsus vakil sanksiyalar maqsadini tushuntirib, bu O‘zbekiston va Rossiya iqtisodiy aloqalarini pasaytirish, zarar yetkazish emasligini aytgan.

Rossiya – O‘zbekistonning birinchi yoki ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkori. G‘arb geostrategiyasida, O‘zbekiston mintaqaning, possovet hududining muhim davlatlaridan biri sifatida ko‘riladi. Shuning uchun, O‘zbekiston iqtisodiyotiga zarar – davlatni zaiflashtiruvchi, geosiyosiy salohiyatini pasaytiruvchi omil sifatida ko‘riladi.

YeI vakili O‘zbekistonning betaraflik siyosatini tushunish bilan qabul qilishini aytgan. Aslida, O‘zbekistonning betaraflik siyosatidan maqsad – befarqlik emas. Betaraflik – O‘zbekistonni mojaroga tortishlariga imkon bermaslik vositasi hisoblanadi. Lekin, O‘zbekiston, qolaversa, butun Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari, Ukraina urushiga nisbatan befarq emas. Chunki bu urushning oqibatlari, bevosita butun mintaqa davlatlarining taqdirida, o‘z aksini topadi.

O‘zbekistondan so‘ralayotgan narsa – Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan va Rossiyaga kiritilishi mumkin bo‘lmagan mahsulotlarni, O‘zbekiston orqali aylanib o‘tishlariga yo‘l bermaslik. Maxsus vakilning gaplariga ko‘ra, sanksiyalar hali ko‘p yillar davom etishi mumkin ekan.

Bugun Ukraina nafaqat o‘zining hududiy yaxlitligi va mustaqilligi uchun kurashyapti, balki bu urushda possovet davlatlarining qadriyatlari uchun ham kurash ketmoqda. Qolaversa, bu urush dunyo geosiyosiy tartiboti uchun hamdir. Bu urushning Markaziy Osiyo davlatlari uchun, ikki mezoni, o‘lchami bor. Biri iqtisodiy bo‘lsa, ikkinchisi – siyosiy. Iqtisodiy jihatdan, tabiiyki, bu urush va Rossiyaga qarshi sanksiyalar orqali, bizga salbiy ta’sir qiladi. Lekin, bu urushda Ukraina o‘zining hududiy yaxlitligi va mustaqilligini himoya qila olsa, post-sovet hududida yangi davr boshlanadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid