1 maydan UNG Petro shoxobchalarida AI-92 markali benzin narxi oshirilmaydi – Energetika vazirligi
Vazirlikning aytishicha, 1 maydan benzin narxi oshishi ta’kidlangan va ijtimoiy tarmoqlarda rezonansga sabab bo‘lgan xabarlar rahbariyat bilan kelishmasdan e’lon qilingan. Rasmiy bayonotda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan chora ko‘rilishi bildirilgan.
1 maydan boshlab «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-92 markali avtobenzinining narxi oshirilmaydi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
“UNG Petro MChJ mas’ul xodimlari bu boradagi xabarni shoshma-shosharlik bilan, rahbariyat bilan kelishmasdan ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan va bu holat bo‘yicha ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, may oyi ichida ushbu markadagi benzin narxi 7500 so‘mdan ham arzonlashishi kutilmoqda.
30 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i Navro‘z bayrami arafasida e’lon qilgan AI-92 benziniga chegirmalar 1 maydan boshlab to‘xtatilishi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Bunga esa UNG Petro telegram-kanalida e’lon qilingan xabar asos bo‘ldi. Mazkur xabar ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlandi.
Ma’lumot uchun, UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i tomonidan Navro‘z bayrami arafasida e’lon qilingan chegirma tufayli bir litr AI-92 markali benzin 7500 so‘mdan sotilayotgandi.
Mavzuga oid
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
22:19 / 19.12.2024
Shavkat Mirziyoyev gaz qazib olishni oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
07:35 / 16.12.2024
Birjaga chiqarilayotgan benzin hajmi to‘rt barobar oshirildi
09:35 / 10.12.2024