Jahon | 11:33 / 01.05.2023
8484
2 daqiqa o‘qiladi

Aprel oyida Xitoyning ishlab chiqarish faolligi pasaydi

Xitoyda ishlab chiqarish sektoridagi xarid menejyerlari indeksi bir oy ichida 51,9 punktdan 49,2 punktga tushdi.

Foto: Reuters

Aprel oyida Xitoyning ishlab chiqarish faolligi kutilganidan farqli ravishda pasaydi. 30 aprel, yakshanba kuni Xitoy Xalq Respublikasi Davlat statistika boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan Xarid bo‘yicha menejyerlar indeksi (PMI) ko‘rsatkichlari shundan dalolat beradi. Xitoyning ishlab chiqarish PMI ko‘rsatkichi mart oyidagi 51,9 punktdan keyin 49,2 punktga tushdi, ekspertlar esa 51,4 darajani kutishgan edi.

Xitoyning noishlab chiqarish sektoridagi faolligining o‘sishi ham biroz sekinlashdi. Agar mart oyida ushbu sohada PMI indeksi 58,2 punktni tashkil etgan bo‘lsa, aprel oyida u 56,4 punktga teng bo‘ldi. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi vaziyatni aks ettiruvchi PMI deb ataladigan ko‘rsatkich aprel oyida 54,4 punktni tashkil etdi. Taqqoslash uchun: mart oyida u 57,0 darajasida edi.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, hozirgi rivojlanish "global talabning sustligi va mahalliy ko‘chmas mulk sektorini hisobga olgan holda, COVID-19 pandemiyasidan notekis tiklanish davrida" iqtisodiy muammolarni yanada kuchaytirmoqda.

50 punktdan yuqori bo‘lgan PMI ko‘rsatkichi sanoatdagi o‘sishni ko‘rsatadi, 50 punktdan past ko‘rsatkichlar esa faollikning qisqarishini anglatadi. Shu bilan birga, PMI biznes faolligining yetakchi ko‘rsatkichidir, chunki menejyerlar kutilgan talab asosida xaridlarni amalga oshiradilar.

Mavzuga oid