Sport | 17:22 / 02.05.2023
26636
14 daqiqa o‘qiladi

«Rotatsiya qiroli». Gvardiolaning chempionatdagi asosiy quroli haqida

Katta ehtimol bilan Angliyadagi navbatdagi chempionlik ham «Manchester Siti»ga ketadi. Pep Gvardiola o‘z jamoasi bilan olti yilda beshinchi marta chempion bo‘lishga yaqin turibdi. Ayniqsa, sovrin uchun kurash so‘nggi turlargacha boradigan mavsumlarda doim manchesterliklarning qo‘li baland kelmoqda.

Foto: Global Look Press

Odatda, bu juda oson izohlanardi. Hal qiluvchi o‘yinlarda ko‘pincha pand yeydigan, uzoq muddat davom etadigan liga formatidagi musobaqalarda esa, tengsiz bo‘lgan «Manchester Siti» aynan tarkib kengligi, Pep tomonidan davomli rotatsiya amalga oshirishi hisobiga hal qiluvchi pallalarda ham o‘z formasini saqlab qoladi. Klubga qarshilik ko‘rsatgan «Liverpul» esa ko‘pincha zaxira yetishmasligi tufayli kurashni boy bergan.

Bu xulosa shu qadar shafqatsizki, agar Angliyada chempion bo‘lmoqchi bo‘lsang, aynan «Manchester Siti» kabi har bir chiziqda teng kuchli, kamida 50 million funtga sotib olingan futbolchilarga ega bo‘lishing kerak, boshqa yo‘l yo‘q. Bu plankani esa, «Siti»ning o‘zidan boshqa hech qaysi klub ushlab tura olmaydi.

Ammo aynan ushbu mavsum vaziyatga boshqa rakursdan qarashga imkon yaratib berdi. Rotatsiya deganda faqat «har chiziqda ikki futbolchi»ni emas, uning ostidagi ulkan murabbiylik mehnatiga ham nazar solishimiz, buni e’tirof etishimiz zarur ekanini ko‘rsatdi.

Sababi, «Manchester Siti»ni yozda bir qator futbolchilar, xususan, Sterling, Jyezus, Zinchenko, Fernandino, keyinroq, Kanselu tark etishi, jamoaga esa, faqat Akanji, Alvares va Holand kelib qo‘shilgani. Ya’ni bu safar «Manchester Siti» ham boshqa raqobatchilari kabi sharoitlarda mavsumni boshladiki, buni raqamlar ham ko‘rsatib turibdi.

Misol uchun, agar doimiy maydonga tushishga tayyor bo‘lgan va tarkibning muntazam va to‘laqonli a’zosi bo‘lgan futbolchilar soni «Manchester Siti»da ham, «Arsenal»da ham qariyb 15-16 nafarni tashkil qiladi. Bir necha turnirda qatnashadigan klublar uchun bu u qadar katta raqam emas va «bir pozitsiyaga ikki teng kuchli futbolchi» qoidasiga ham tushmaydigandek. Bundan tashqari, «Siti» «Arsenal»dan farqli ravishda Angliya kubogi finaligacha bordi, Chempionlar ligasida qatnashmoqda. To‘g‘ri, «Arsenal»da ham Yevropa Ligasi bor edi, ammo bu shunday turnirki, londonliklar guruh bahslarida bemalol ikkinchi tarkibni tushirish imkoniyati bor. Shunday qildi ham.

Xo‘sh, unda nega, teng miqdordagi ijrochilar bilan, aslida ko‘proq o‘yinlarda ishtirok etgan «Siti» mavsumning hal qiluvchi pallasida «Arsenal»dan yaxshiroq formada bo‘la olmoqda? Ha, javob rotatsiya. Ammo hammasi biz doim tushunib kelgandek sodda emas. Keling, aynan qaysi omillar Pep Gvardiolaga ustunlik berganini ko‘rib chiqamiz.

Birinchi faktor. Futbolchilarning universalligi.

«Manchester Siti» futbolchilarining deyarli har biri bir necha pozitsiyani yopa oladi. Bernardu Silva ushbu mavsumda Mahrez, De Bryuyne, Gundo‘g‘an, Grilish o‘rnida harakat qildi va hatto ba’zi o‘yinlarda leterallik ham qildi. De Bryuyne yarimhimoyadagi barcha pozitsiyadan tashqari, Holand o‘rniga «aldamchi to‘qqizlik» vazifasini bajarishi mumkin. Ake, Akanji, Stounz kabi futbolchilar himoyadagi uch pozitsiyada birdek samarali o‘ynay oladilar. Umuman Diash, Rodri va Holanddan tashqari, har bir futbolchida bir necha sxemalarda turli pozitsiya va funksiyalar mavjud.

Bu nima beradi? De Bryuynega dam berish kerakmi? Buning uchun «Siti» aynan De Bryuynega o‘rinbosar bo‘lgan yarimhimoyachini o‘zida saqlashga muhtoj emas. «Siti» bemalol mavsum davomida o‘sha 15 nafar futbolchi bilan har qanday pozitsiyadagi o‘yinchini rotatsiya qilish imkoniga ega.

Xuddi shu holat boshqa klublarda oqsaydi. Masalan, «Arsenal»da Saka jarohat oladigan bo‘lsa, o‘ng qanotda xuddi shu yuklamani xuddi shu sifatda amalga oshira oladigan futbolchining o‘zi yo‘q. Har bir pozitsiya yaqqol ijrochiga ega va har qanday o‘zgarish jamoa o‘yini sifatini tushirib yuboradi. «Manchester Yunayted» Kazemiro, Eriksen yoki Brunoning o‘rnini hech qanday shaklda to‘ldira olmaganini ham ta’kidlash mumkin. Manchesterning narigi klubida go‘yoki zaxira katta, hatto jahon chempionatiga eng ko‘p vakil yuborgan klublardan biri, ammo har bir chiziqda sifatli rotatsiya qilish imkoniyati yo‘qligini guvohi bo‘lmoqdamiz.

Ikkinchi faktor. Taktika va sxemalardagi universallik.

«Arsenal»da Zinchenko jarohat olib, uning o‘rniga Tirni tusha boshlagach, jamoa o‘yiniga salbiy ta’sir kuzatildi, bir qator o‘yinlarda ochko yo‘qotildi. Ko‘pgina mutaxassislar asosli ravishda Artetaning bir jihatini tanqid ostiga olishdi.

Gap shundaki, Artetaning asosiy uslubi 4-2-3-1 bo‘lib, jamoa to‘pga egalik qilayotganda qanot himoyachisi bo‘lgan Zinchenko uchinchi tayanch yarimhimoyachisi sifatida Parti-Jaka juftligiga qo‘shiladi va sxema 3-3-3-1 ga aylanadi. Bu raqib yarimhimoyachini +1 futbolchi yordamida yorib o‘tishda ham, himoyadan chiqishdagi «bild-ap»da ham hal qiluvchi faktor hisoblanadi. Bu funksiya uchun Zinchenko ideal nomzod, unda «Manchester Siti» davridan bunday amaliyot mavjud. Ammo Tirni biz bilgan klassik qanot himoyachisi hisoblansa-da, Arteta Tirni bilan ham shunday uslubda o‘ynamoqchi bo‘ldi. Tabiiyki, hech qachon shotlandiyalik himoyachi Zinchenko bo‘la olmaydi, umuman boshqa tur.

Pep Gvardiolaning Artetadan ustunligi shunda ko‘rinadi – Pepda juda ko‘p taktik sxema va taktikalar mavjud bo‘lib, maydonga tushadigan har bir futbolchining ustunliklaridan foydalanish, kamchiliklarini yopishga qaratiladi. Birinchi davrada Kanselu jamoadagi eng asosiy figuralardan biridek ko‘ringandi, ammo u ketgach, tarkibda aynan Kanselu uslubida to‘p suradigan himoyachi bo‘lmasa-da, buni sezmadik ham. Hozir «Siti»da bir paytlar Kanselu to‘p surganini unutib ham yubordik. Qanotda hujum qilishni yaxshi ko‘radigan Uoker to‘p suradimi yoki endigina bu pozitsiyada to‘p surayotgan Stounzmi, Mahrezni tanlaymizmi yoki Silva, Grilish yoki Foden, bir-biridan farq qiladigan qaysi futbolchi tushishidan qat’i nazar Gvardiola tarkibga mos taktikani tanlay olmoqda va funksiyalarni taqsimlashda futbolchilarning individual xislati e’tiborga olinmoqda. Bu ham rotatsiyaning jamoa o‘yiniga va yakuniy natijaga salbiy ta’sirining oldini olishda juda muhim jihat.

Uchinchi faktor. O‘yin vaqtlarini nazorat qilish.

Juda ko‘p murabbiylar o‘yin oxiridagi riskni yomon ko‘radi va shogirdlaridan imkon qadar o‘yin taqdirini ertaroq hal qilishni so‘raydi. Vaqtida realizatsiya qilinmagan imkoniyatlar o‘yin oxirida ortiqcha asab ketishiga va muhimi, yetakchi futbolchilarga dam berish, boshqa futbolchi va uslublarni sinab ko‘rish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Agar buni ham o‘yin davomidagi rotatsiya va futbolchilarni formada ushlab turish uchun muhim faktor sifatida olsak, «Manchester Siti»da yaqqol ustunlikni ko‘ramiz.

Pep Gvardiola jamoasi APLning o‘zida 15 uchrashuv taqdirini 60+ daqiqalarda hal qilib ulgurishgan. Ya’ni shu vaqtga kelib, jamoa 2 va undan ortiq gol hisobiga oldinga o‘tib ulgurishgan. Bu nima beradi? «Manchester Siti» qolgan 30 daqiqada o‘ynab turib ham «dam olishi», yetakchi futbolchilarni zaxiraga olishi mumkin. Taqqoslash uchun, «Manchester Yunayted»da bunday o‘yinlar soni atigi 3 ta. Ya’ni ten Hag shogirdlari o‘tgan 32 o‘yinning 29 tasida, xo‘p, 0:7, 3:6 va 0:4 larni qo‘shmaymiz, 26 tasida 90 daqiqa natija uchun kurashgan. Endi bilyapsizmi, aslida bir xil rejimda mavsum o‘tkazib, nega «Manchester Siti» o‘zining eng yaxshi salohiyatini ko‘rsatayotgan bir paytda «Yunayted» oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab ochko olayotganini?

O‘yinni ertaroq hal qilish jamoa ichki resurslarining ham samarasini oshiradi. Masalan, Alvares APLda atigi 8 o‘yinda boshlang‘ich tarkibda harakat qildi. «Liverpul» bilan o‘yingacha unda 6 ta shunday uchrashuv bor edi, xolos. Lekin o‘sha o‘yin taqdirini hal qilgan futbolchilardan biri bo‘lgandi. Nega? Chunki hujumchi deyarli har o‘yinda zaxiradan maydonga tushgan, ko‘pincha, «Siti» o‘yin natijasini hal qilib qo‘ygan pallalarda bosimsiz harakat qilib, jamoa safiga kirishib keta olgan. Mavsum davomida atigi 3 o‘yin taqdirini ertaroq hal qilgan ten Hag qanday qilib yosh futbolchilarga imkon bera olardi?

Taqqoslash uchun, «Arsenal» bu mavsumda ikki barobar kam, ya’ni 8 o‘yinni 60-daqiqalargacha hal qilib qo‘ygan, xolos. 

Foto: SHAUN BOTTERILL/GETTY IMAGES

Xulosa

Yuqoridagi faktorlar evaziga vujudga kelgan bir qator raqamlarga nazar tashlash mumkin. Masalan, deyarli teng tarkibdan foydalanilgan bo‘lsa-da, «Arsenal» safida 6 futbolchi (Uayt, Gabriel, Jaka, Edegor, Saka va Martinelli) 2500+ daqiqa maydonda harakat qilgan. Agar Saliba jarohat olmaganda unda ham daqiqalar soni 2500 dan oshgan bo‘lardi – 2416.  «Manchester Siti» safida bunday futbolchilar atigi 1 nafar – Rodri (2640). «Shaharliklar»da 7 nafar futbolchi 1000-2000 daqiqa oralig‘idagi maydon vaqtiga ega – mavsum davomida ortiqcha yuklamasiz, lekin formada bo‘lish uchun ideal bo‘lgan ko‘rsatkich. «Arsenal»da faqat Nketia va Jyezus shu oraliqqa tushadi – sababi ham ma’lum, Jyezus jarohat olgan paytda uning o‘rnida Nketia harakat qilgan.

«Arsenal» tarkibidagi futbolchilar yo doimiy maydonda bo‘lib, 2000 daqiqadan ko‘proq o‘ynagan (9 nafar) yoki umuman Viyeyra, Tirni, Nelson yoki Tomiyasu kabi, kerak bo‘lganda tayyor formada bo‘ladigan darajada yetarli vaqtga ega emas.

O‘z-o‘zidan, butun yuklama ayni futbolchilar yelkasiga tushganida, zaxira kuchlar muvozanat bilan ishlatilmaganda, hozirgi sahnaga guvoh bo‘lamiz – «Arsenal» mavsum boshida va alohida o‘yinlarda har qancha kuchli bo‘lmasin, mavsum oxiriga kelib, charchab qoldi. Saka yoki Edegorning sport formasi, Salibaning jarohati ta’siri kutilganidan kattaroq bo‘ldi.

Ammo «Manchester Siti»dagi bu ustunlik faqat tashqi resurslar, moliyaviy ta’sir yordamida bo‘lmaganini yuqorida ko‘rib chiqdik. Axir Pep Gvardiola ataylab mana shunday universal futbolchilarni sotib olganmi yoki doimiy mashg‘ulotlar yordamida uning shogirdlari universalga aylanib qolishganmi? Gvardiolaning juda ko‘p sxemalari va vazifalarini tushunib, maydonda amalga ko‘chira oladigan aqlli futbolchilar qanday to‘planib qoldi? Seleksiya natijasimi yoki Gvardiolaning tarbiyasi? Har ikki holatda ham murabbiy yutug‘i, shunday emasmi?

Ha, Gvardiola chempion jamoani shu yil qurmadi. Tan olish kerak, tarkibda to‘p surgan aksariyat futbolchilar juda ko‘p mavsumlarda chempionlik uchun kurashgan, qachon o‘zini qanday tutish kerakligini biladigan ijrochilar. Shu tomondan qaraganda, Artetani ayblashga haqqimiz yo‘q. Hamkasbidan farqli ravishda, istalgan futbolchini sotib olish imkoniyati unda yo‘q edi. Bir qator yosh futbolchilardan Angliyada chempionlik uchun so‘nggi turlargacha kurashuvchi jamoani tuza oldi. Bu Angliyadagi eng baland sakrash, menimcha.

Isboti. O‘tgan yozda Gvardiola Jyezus va Zinchenkoni «Arsenal»ga sotgandi. Tabiiyki, o‘shanda Pep bu futbolchilar yordamida «Arsenal» chempionlik yo‘lidagi asosiy to‘siq bo‘lishi xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Keltirmagan. Masalan, shu yozda «Siti» «Arsenal»ga hech kimni sotmaydi, ko‘rasiz.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid