Jamiyat | 18:01 / 02.05.2023
32599
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda PPX xodimlari 1,5 yashar farzandi bilan o‘zini kanalga tashlagan ayolni qutqarib oldi

Voqea 25 aprel kuni tungi soat 23:00 atrofida sodir bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘i tashlab ketgani ortidan ruhiy holati yaxshi bo‘lmagan 23 yoshli ona o‘zi va farzandini kanalga tashlagan.

Poytaxtning Yunusobod tumanida o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan patrul-post xizmati xodimlari bir yarim yoshli farzandi bilan o‘zini Bo‘zsuv kanaliga tashlagan ayolni qutqarib qoldi.

Ma’lum bo‘lishicha, 25 apreli kuni Bo‘zsuv kanali atrofida xizmat olib borayotgan ikki nafar ichki ishlar xodimi bir ayol qo‘lida bolasi bilan o‘zini suvga tashlaganini ko‘rib qolgan. Cafdor Elnur Kalikulov ona-bolani qutqarish uchun zudlik bilan o‘zini suvga otgan va u dastlab bolani suvdan olib chiqqan, keyin esa onani cho‘kishdan qutqarib qolgan.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga ko‘ra, 2003 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan ayol turmush o‘rtog‘i tashlab ketganligi sabab ruhiy va og‘ir ijtimoiy muammolar natijasida o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan va 1,5 yoshli farzandi bilan o‘zini suvga tashlagan. Shifokorlarga ko‘ra, ayol ruhiy shok holatida bo‘lgan.

Hozirda ayol va bolaning hayotiga hech narsa xavf solmayapti, deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid