O‘zbekiston | 20:31 / 08.05.2023
13989
1 daqiqa o‘qiladi

Ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda davlat boji undirilmaydi

O‘zbekistonda, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlaridan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi.

Foto: Kun.uz

Tegishli qonun loyihasi 2023 yil 1 oktyabrgacha Qonunchilik palatasiga kiritilishi kerak. Bu – yangi tahrirdagi konstitutsiyani ro‘yobga chiqarishga doir prezident farmonida belgilandi.

Bundan tashqari, shartnomaviy va boshqa fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan javobgarlik choralari ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikdan chiqarib tashlanadi. Farmonda bu topshiriq ijrosi uchun 2 oy muddat ko‘rsatilgan.

Mas’ullarga, 2024 yil 1 yanvarga qadar, qonunchilik bazasini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, unda belgilangan huquqiy ta’sir choralarini mutanosiblik prinsipiga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi konstitutsiyaning 29-moddasida belgilangan davlatning huquqbuzarliklardan jabrlanganlarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyati to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlarni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Loyiha 2 oy muddatda prezident administratsiyasiga kiritilishi zarur.

Mavzuga oid