Jahon | 09:11 / 08.05.2023
15733
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya sharqida muxolifat mitingi toshbo‘ron qilindi

Erzurumda Istanbul hokimi Imomo‘g‘li ishtirok etgan mitingga uyushtirilgan hujumdan keyin 9 kishi tan jarohati oldi. Turkiyada 14 may kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi, unda muxolifat Erdo‘g‘anni lavozimidan chetlatishi mumkin.

Foto: evrensal

Turkiyaning Erzurum shahrida 7 may, yakshanba kuni noma’lum shaxslarning muxolifat mitingiga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida 9 kishi tan jarohati oldi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li muxolifat va miting ishtirokchilariga tosh otilganini, natijada partiya avtobusiga zarar yetganini aytdi.

Ekrem Imomo‘g‘li voqea uchun Erzurum aholisini mas’ul deb hisoblamasligini, biroq harakatsizlik va hujumning oldini olmagani uchun shahar va shu nomdagi viloyat hokimini sudga bermoqchi ekanligini ta’kidladi. U kasalxonaga jabrlanganlarni ko‘rish uchun bormoqchi.

Bu 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi oldidan o‘ta qizg‘in saylov kampaniyasidagi birinchi jiddiy zo‘ravonlik hodisasidir. Istanbulning mashhur meri Ekrem Imomo‘g‘li yagona nomzod – Respublika Xalq partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘lini ko‘rsatgan muxolifatdagi "Xalq alyansi" vakili.

Uning raqibi, Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘sha kuni Istanbulda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1,7 million ishtirokchi yig‘ilgan mitingda nutq so‘zladi. Unda davlat rahbari Kamol Qilichdoro‘g‘lini “piyonista” deb atagan va uni “terrorchilar” bilan hamkorlikda ayblagan.

Mavzuga oid