9 may – kimga qanday kun: Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Moskvaga nega bordi?
9 may borasida possovet davlatlarida biri-biridan tubdan farqli qarashlar bor. Rossiya uchun bu - SSSRning dunyo qudratiga chiqish sanasi. Sovetlar ittifoqi - bu kattalashgan Rossiya edi. Uning asosida rus tili yotar, rus sivilizatsiyasi turardi, qolganlar unga bo‘ysundirilgan edi.
Boltiqbo‘yi davlatlari, Latviya, Litva, Estoniya uchun — 9 may va SSSR g‘alabasi — ushbu respublikalar mustaqilligi qo‘ldan ketishi sanasi hisoblanadi. Shuning uchun, bugungi kunda 9 may ushbu davlatlarda rasman man qilingan. Chunki, shu sanada bu davlatlar mustaqilligini yo‘qotib, SSSR tarkibiga kirishga majbur bo‘lgan.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, umuman, Markaziy Osiyo uchun Ikkinchi jahon urushi va unda sovetlarning g‘alaba qozonishi — mintaqa davlatlari mustaqilligini kechiktirgan, SSSRni yanada jipslashtirgan voqea sifatida anglanadi.
Shuning uchun, O‘zbekiston, mustaqillikka erishgach, 1996-97 yillarga kelib, 9 may «Xotira va qadrlash kuni» deb e’lon qildi.
Ya’ni «o‘tgan ajdodlarni xotirlash va tirik qolganlarini qadrlash», lekin, «g‘alaba kuni emas», chunki, «bu urush bizning eng asosiy qadriyatimiz — mustaqilligimizni orqaga surgan voqea bo‘ldi», deb aytildi.
Rossiya imperiyasi XX asrda ikki marta parchalandi. Dastlab 1917 yilda. O‘shanda Chor Rossiyasi juda katta hududlarini yo‘qotdi, asosan, Yevropa qismida. Uning davomchisi SSSR 1990 yilga kelib yanada parchalandi.
Lekin Rossiya hali ham dunyodagi eng katta davlat. Ichki demografik holati salbiy, albatta. Katta ambitsiyalarga va nomutanosib imkoniyatga ega. Shunday bo‘lsa-da, hamon xavfli. Shuning uchun possovet davlatlarining ko‘pchiligi u bilan hisoblashishga majbur.
Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari bugun Moskvada. Mintaqa yetakchilari buni «taktika» deb bilishadi. Bu o‘ziga xos sharqona diplomatiyaning ko‘rinishi: maksimum realizm va minimum idealizm. Bu yetakchilar bayramda ham Moskvada to‘planishadi, agar motam bo‘lib qolsa, unga ham xursand bo‘lib kelishadi.
Kremlda motam bo‘lib qolishini istashadi, lekin, buni yuzlaridagi soxta kulgilarida bildirishmaydi. Siyosat — murakkab soha. Siyosat — real voqelik bilan o‘lchanadi. Eng avvalo, siyosat maqsadga erishish mahorati.
Idealizmga berilib katta muammolar yaratish, realizm bilan esa katta muammolarni chetlab o‘tish mumkin. Markaziy Osiyo yetakchilari Moskvaga 9 may harbiy paradini kuzatish uchun borib, o‘z davlatlarini Rossiya bosimi va ehtimoliy tajovuzidan saqlab qolayotganiga ishonishlari aniq.
Agar mintaqa davlatlari hamjihat bo‘lib, yakdil pozitsiyada turib Moskvaga borish-bormaslikni kelishib olganlarida edi — albatta, eng yaxshisi shu bo‘lardi. Ammo, boshida faqat Qirzig‘iston prezidenti Sadir Japarov Moskvaga borishi aytildi. 8 mayga kelib qolgan to‘rtta respublika rahbarlari ham Moskvaga borayotgani ma’lum bo‘ldi.
Markaziy Osiyo davlatlariga koordinatsiya, muvofiqlashuv yetishmayapti. Yakdillik kam. Rossiya bosimlariga kelganda mintaqa poytaxtlari jips bo‘lmasa, kechagi metropoliya birma-bir mintaqa davlatlarini o‘z o‘yiniga o‘ynatishda davom etaveradi.
Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos.
Mavzuga oid
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
16:43 / 07.12.2024
Markaziy Osiyo aholisi soni 80 milliondan oshdi
17:22 / 19.11.2024