Jamiyat | 18:54 / 09.05.2023
30580
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida Imtihon markazi ochildi

 Andijon viloyatida haydovchilik guvohnomasini olish uchun amaliy va nazariy imtihonlar inson omilisiz amalga oshiriladigan Imtihon markazi ishga tushdi.

8 may kuni Andijon viloyatida "Andijon viloyati imtihon markazi" innovatsion imtihon markazi ochildi. Markazda har kuni nazariy imtihondan o‘tishni istagan 450 dan ortiq, amaliy imtihonlar bo‘yicha esa 300 nafar nomzodlar imtihon topshirishlari mumkin.

Butun jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, nazorat qilish inson omilisiz boshqariladi. Nomzod Markazga kelib, topshirgan imtihonlarining har bir bosqichi belgilab boriladigan individual QR-kod oladi. Nazariy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish uchun 25 daqiqa ichida 20 ta test savollaridan kamida 18 ta savolga to‘g‘ri javob berishingiz kerak. Agar imtihonning ushbu qismi muvaffaqiyatli topshirilsa, nomzod amaliy imtihonni topshirish huquqini oladi. Kutish xonasida hammaga ko‘rsatmalar beriladi, shuningdek, video ko‘rsatma ham mavjud bo‘lib, unda mashqlar ketma-ketligi va ularni qanday bajarish kerakligi to‘liq ko‘rsatilgan. Agar 99 ta jarima balli chegarasidan oshmasa, imtihon muvaffaqiyatli topshirilgan deb hisoblanadi. Imtihonning amaliy qismi muvaffaqiyatli topshirilmagan taqdirda nomzod, nazariy imtihon muvaffaqiyatli topshirilgan kundan boshlab 2 oy ichida har 7 kun oralig‘ida qayta topshirishi mumkin.

Amaliy imtihonni qabul qilish uchun Markazda uchta maydonli avtomatlashtirilgan avtodrom mavjud. Ularning bittasida, B, C va D toifalaridagi, ya’ni yengil avtomobil, yuk mashinasi va avtobus haydash huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olmoqchi bo‘lgan nomzodlar imtihon topshiradi. Ikkinchisida, A toifasidagi - mototransport vositalarini boshqarish huquqini olishni istaganlar o‘zlarining amaliy ko‘nikmalarini namoyish etadi. Uchinchisi transport vositalarini tirkama bilan boshqarish uchun BE, CE va DE toifalariga imtihon topshirayotganlar uchun mo‘ljallangan. 

Nazariya va amaliyot bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlikka muhtoj nomzodlar uchun Markazda ekspress-kurslar mavjud.

Imtihonning ikki bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, nomzodga YHXBga murojaat etishi kerak bo‘lgan sertifikat beriladi. Berilgan sertifikat YHXB ma’lumotlar bazasidan tekshirilgandan so‘ng, unga haydovchilik guvohnomasi beriladi.

Viloyat YHXB axborot xizmati rahbari Abdumajid Raimjonovning ma’lum qilishicha, bu yerda imtihon topshiruvchilarga psixologik yordam ko‘rsatiladi:

“Ushbu innovatsion imtihon markazida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatuvchi maydonchalar so‘nggi rusumdagi zamonaviy uslubda tashkil etilgan. O‘quvchilarga transport vositasini boshqarishdan oldin nimalarga e’tibor berish kerakligi, hayajonga tushmasligi uchun psixologik yordam ko‘rsatish xonalari ham yaratilgan.

Imtihon topshiruvchining salohiyatini tekshirish uchun avtomobillarga tashqi va ichki tomondan kameralar o‘rnatilgan. Shu kameralar nazoratida o‘quvchining bilimi baholanadi”. 

Yo‘l harakati xavfsizligi masalasi bugungi kunda juda muhim hisoblanadi. Toshkent imtihon markazi amaliyotidan ko‘rinib turibdiki, 2022 yilning fevral oyidan dekabrgacha bo‘lgan davrda 27 626 nafar nomzoddan faqat 13 357 nafari imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan, ko‘plari bir necha takroriy imtihonlardan so‘ng.

Imtihon muvaffaqiyatli yakunlanganini tasdiqlovchi sertifikatni faqat amaliyotda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yo‘l harakati qoidalari va haydash ko‘nikmalari bo‘yicha bilimga ega bo‘lganlargina olishlari mumkin.

Mavzuga oid