O‘zbekiston | 09:56 / 09.05.2023
34686
14 daqiqa o‘qiladi

Kaltaklangan o‘qituvchi, «travma» olgan bolalar, befarq rahbariyat – Chilonzordagi maktabda nima bo‘ldi?

Chilonzor tumanidagi maktablardan birida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘quvchining onasi tomonidan kaltaklandi. Holatga bolalarning o‘zaro janjali va ta’lim muassasasidagi yig‘-yig‘lar sabab bo‘lgani aytilmoqda. Kun.uz vaziyatni o‘rganish maqsadida voqea guvohlari, o‘quvchining onasi hamda kaltaklangan pedagog bilan suhbatlashdi. 

Kun.uzʼga kelib tushgan ma’lumotda o‘qituvchining kaltaklanish holati Chilonzor tumanidagi 178-maktabda sodir bo‘lgani aytiladi. Mazkur holat maktabning 4-sinf rahbar o‘qituvchisi va shu sinfda o‘qiydigan qizning onasi o‘rtasida yuzaga kelgan. Mojaro 1 may kuni o‘quvchi qizlarning o‘zaro tortishuvidan boshlangan.

«Maktabda 4 nafar o‘quvchi qiz o‘rtasida janjal bo‘lgan. O‘zim janjalda qatnashmaganman, bu qizlarning onasi ham emasman. Lekin bir qizcha boshqa qizlarni tajovuzkorlik ruhida urgan va ruhiy bosim o‘tkazgan. Janjaldan keyin birinchi kuni onasi kelgan», – deydi shu sinf o‘quvchilaridan birining onasi. 

«1 may, dushanba kuni bolalar maktabga kelib, darsda o‘tirgan bo‘lgan. Bir ona farzandining ortidan kelib, o‘quvchilarning ko‘z o‘ngida o‘qituvchi bilan to‘polon qilib ketgan. O‘qituvchini haqoratlab, so‘kib, chiqib ketgan. 

Bu voqeani o‘qituvchi ota-onalarga aytib berganidan so‘ng biz maktab direktorining oldiga keldik. Lekin chora ko‘rishmadi, shekilli, o‘sha ona chorshanba kuni bolalarni uyiga kuzatayotgan vaqtida pedagogni urib ketgan», deydi yana bir ona. 

O‘zaro urishib qolgan o‘quvchi qizlarning onalaridan biri esa darsdagi janjaldan keyin farzandining ahvoli yomon bo‘lib qolganini, shu sabab bir qancha ota-onalar direktorning oldiga kirishganini aytdi.

«Seshanba kuni maktab direktorining oldiga kirib, «amaliy yordam ko‘rsating» – bizga deganimizda, «hammasini tinchlik bilan hal qilinglar», – deyishdan uyog‘iga o‘tmadilar. Hatto, sinf rahbariga ham yordam bermay, «Manzura, bundan besh battar bo‘lgan», deyaverdilar. 

Keyin men o‘zim ona bilan aloqaga chiqdim, «sinf rahbarini aralashtirmay, shu o‘quvchining onasi qayerda deb yozsangiz, yetib borardim. Bu bolalarning o‘rtasida bo‘ladigan narsa, kim urishmay katta bo‘lgan?!» dedim. Keyin u ona: «mening bolamni seniki doim urar ekan, seniki bir marotaba kaltak yesa, hech narsa qilmaydi», – dedi. 

Bolalar urishib-talashib, katta bo‘lishadi. Aslida onalarning aralashishga haqqi yo‘q. Dushanba kuni janjal bo‘lgan bo‘lsa, seshanba kuni hamma gaplashib o‘tiribdi. Nima keragi bor? Dushanba kuni kelib o‘qituvchini haqorat qilganlar, seshanba kechki vaqt kelib yana haqorat qilganlar, chorshanba kuni esa urib ketganlar. Bu rejalashtirilganmi, bilmayman. Sinf rahbariga nisbatan qandaydir g‘arazlari bo‘lgan-da», – deydi onalardan biri. 

Yana bir ona o‘qituvchining kaltaklanganiga guvoh bo‘lgandagi holatni gapirib berdi.

Har kuni kechki 6 da qizimni maktabdan olgani kelaman. Sinf rahbari bilan qizim haqida gaplashib, «kechagi holatdan keyin ahvolingiz qanday?» deb turgandim. O‘sha vaqtda janjal ko‘targan ona 3-sinfda o‘qiydigan qizi bilan kelib qoldi. Shunda ona o‘qituvchiga qiziga nima deganini so‘rab, pedagog bilan gaplashdi. Qizi o‘qituvchi uni yolg‘onchi, yolg‘on gapirma deganini aytdi. Pedagog shunga javob berayotgan vaqtida yuzi bilan boshi aralash tarsaki tushdi. Ayolni ajratdim, qarasam oyog‘i tegibdi. Oyog‘i tegganini ko‘rmagandim lekin. O‘zim ham bu holatdan qotib qoldim. Tushunmay qoldim. Keyin o‘qituvchining mazasi bo‘lmay qoldi, tez yordam chaqirishdi. 

O‘qituvchimiz yaxshi, men onani umuman ko‘rmaganman, bilmagan edim. Birinchi kuni darsga kirib, janjal qilganiga farzandlarimiz qo‘rqib qolgan, «yana shunaqa xola kelib, shunday qiladimi? » deb mening farzandim ham so‘radi. Bugun maktabga kelmasligini ham aytdi», deydi ona. 

Voqealar xronologiyasiga ko‘ra, ayol dastlab 1 mayda darsga kirib, o‘qituvchi bilan og‘zaki janjallashgan, seshanba 18:00 larda ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazilgan va unda ham ziddiyat kuchaygan. 3 may kuni esa maktab hovlisida o‘qituvchiga qo‘l ko‘tarilgan.

Holatning asosiy ishtirokchilari bilan suhbatga o‘tishdan avval, bir jihatga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Tahririyatga bu murojaat shanba, 6 may kuni yuborilgan. Mojaro esa murojaat kelishidan 5 kun oldin boshlangan. Vaziyat jiddiylashishidan oldin bu vaqt oralig‘ida maktab rahbariyati nima bilan shug‘ullangan? Vaholanki, ta’lim binosi yetarlicha videokameralar bilan ta’minlangani, uning uchun ota-onalar pul ham to‘lagani, qolaversa, muassasada qorovul ham faoliyat yuritayotgani aytilmoqda. Savollarga javob olish uchun maktab direktori bilan bog‘lanishga urindik, ammo aloqaga chiqishning iloji bo‘lmadi. 

O‘rganishdagi keyingi bosqich ikki tomon bilan suhbat bo‘ldi. Dastlab o‘qituvchiga qo‘l ko‘targan ona bilan gaplashdik. Ayolni maktabga chaqirishga urindik, ammo kela olmasligini, telefon orqali ham izoh berishini bildirdi. 

Uning aytishicha, o‘zaro ziddiyat dastlab fevral oyida fond va turli tadbirlarga beriladigan yig‘-yig‘lar sabab boshlangan. 

«Fond puli yig‘amiz deyishdi. Har qanday inson pulni mehnat qilib topganidan keyin, o‘sha pulning qayerga ishlatilishini so‘rashga haqqi bormi yoki yo‘q? «60 ming berasiz» deyishdi, shuncha summa berilgan har doim. Shu pulni bering deydi, beramiz, bermasangiz muomalasi o‘zgarib qoladi, qo‘pollashadi. Boshlanishi shundan bo‘ldi, fond puli nimaga ishlatiladi deb so‘raganimizda ma’lumot berishni istamadi, jahl qilib, «pullaringni yeb ketaman», deb xonasiga kirib ketgandi. Bu birinchisi. Xo‘p, mayli deb ketgandik. 

Ikkinchisi – bayramlarga yig‘-yig‘lardan boshlandi. Bir kun guruhga 23 fevralni 14 yanvar o‘rniga nishonlab, pul yig‘amiz deyishdi. Keyin men dadasidan pul so‘radim. Shunda nimaga pul yig‘ilayotganiga hayron bo‘lib, pul bermasliklarini, o‘qituvchi bilan gaplashib olishlarini aytdi. Xo‘jayinim o‘qituvchi bilan gaplashishga borganida, pedagog eshitishni ham istamagan. Shundan beri biz bilan teskari, biz bilan hisoblashishni, gaplashishni xohlamaydi. «Sizlar kelguncha, bizda bunday muammo yo‘q edi», – deydi. U kishi necha pul, nimaga yig‘-yig‘ qilsa, biror ota-ona, yurak yutib sababini so‘ramagan, biz so‘rab xato ish qilib qo‘yibmiz», – deydi o‘quvchi qizning onasi. 

Ayolning aytishicha, shu vaqt oralig‘ida bu muammo yuzasidan maktab rahbariyati bilan gaplashilmagan. Qolaversa, ayol o‘qituvchining farzandiga nisbatan bosim qilayotganini ham da’vo qilmoqda. 

Bundan tashqari, uning aytishicha, ayolning qiziga sinf rahbaridan tashqari, o‘quvchi qizlar tomonidan ham bir necha marotaba zo‘ravonlik qilingan. Shundan keyin u o‘qituvchi bilan shu bo‘yicha gaplashmoqchi bo‘lgan. Ammo bunda pedagogning befarq bo‘lgani, ota-ona bilan hisoblashmagani qayd etildi. Ona shu sabab darsga kirib, o‘qituvchi bilan tortishganini, keyinroq esa kichik farzandiga bo‘lgan yomon munosabat tufayli maktab hovlisidagi do‘pposlashgacha borganini bildirdi.

«Men o‘shanda o‘qituvchiga: «Siz qanday pedagogsiz? Bolaga bunchalik zulm qilib, nafsoniyatiga tegdingiz. Maktabga bormayman deyapti, nimaga bunday qildingiz?» – deb aytdim. «Aytaman-da, yolg‘onchilar oilasi bo‘lganingdan keyin. Qo‘lingdan kelganini qil», – dedi. Jahlim chiqib ketib, o‘qituvchiga bir shapaloq tushirdim. 

Oradan chiqib, o‘g‘li yugurib keldi-yu, meni urdi. O‘zimni himoya qilaman – degandim, baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Direktor ham bu muammoni yechmadi: «Go‘zalxon, hal qilamiz, ketavering», – dedi, lekin hech qaysi biri chora ko‘rmadi. Bu masalani boshidanoq aytgandim, lekin hech kim eshitmadi», – deydi u. 

Kaltaklangan pedagogning o‘zi bilan ham suhbatlashdik. Uning aytishicha, janjalning birinchi kuni 1 may sanasida ona darsni buzib, o‘qituvchini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan, qo‘lidan siltab tashlagan. 

Suhbat davomida pedagog yig‘-yig‘lar bilan bog‘liq vaziyatga ham izoh berdi.

«Bu narsa hech kimga sir emas, maktabdagi eng zarur narsalar, ya’ni «doska» artadigan latta, «pollatta», bo‘r, supurgi kabi vositalarni ota-onalarning o‘zi olib berishadi. Buning uchun ularga katta rahmat. Bu ish bilan ota-onalar komiteti raislari shug‘ullanishadi. Men bu jarayonga umuman aralashmayman, nima qolmaganini aytaman faqat. Shunda o‘quvchimning otasi kelib, «nimaga pul yig‘averasizlar?» dedi. Tanaffus vaqtida xonaga olib kirib, sharoitni ko‘rsatdim. Bir xonada 3 ta sinf o‘qiydi, 3 ta sinfdan keyin xonaning ahvoliga qarab bo‘lmaydi, bu tabiiy hol. Shunda tushunib, do‘konlari borligini, vositalarni o‘zlari olib berishini aytdi.

Men 4-sinfning oxirigacha olib bera olishi yoki yo‘qligini so‘radim. Jim bo‘lib qoldilar keyin. Bu o‘rtada pul tashlanib, ota-onalar olib beradigan narsalar hisoblanadi. Chunki bizni bular bilan hech kim ta’minlamaydi. COVID-19 vaqtida ham termometr deysizmi, antiseptik vositalarmi – hamma narsaga ota-onalar yordam berishdi, ular sinfni ta’minlab qo‘yishdi. Chunki bizga ham tepadan buyruq keladi, biz ham ota-onalardan iltimos qilamiz», – deydi o‘qituvchi.

Ta’kidlash joiz, prezidentning 2018 yil sentabrdagi farmoniga ko‘ra, mahalliy hokimliklar tumanlar, shaharlarning kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda maktablarni o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirishi lozim.

Demak, maktabni bo‘r, latta, supurgi, umuman kerakli vositalar bilan ta’minlash vazifasi hokimliklarga yuklatilgan. Biroq amalda-chi? 

«2 may kuni direktorning oldiga alohida kirib, darsda bo‘lgan holatning videokameradagi yozuvlarini berishlarini iltimos qildim. Buni fleshkaga o‘tkazib bo‘lmasligini aytdilar. Telefonda videoga olay desam, nima qilishimni so‘radilar. Gap shundaki, men o‘sha ayolning agressiyasidan hali beri vaziyat tinchib ketmasligini, o‘zimni himoya qilish uchun ham shu video kerakligini aytdim. Chunki bu ayol eshitmayapti, hali murosaga kelmadik. Maktab direktori himoya qilishini aytdi, lekin mana himoya qilishganining natijasini ko‘rib turibsizlar (kaltaklanganiga ishora qilib). 

Xullas, shu voqea bo‘lib o‘tdi, ertasi chorshanba kuni ishga keldim. 2 kunlik stressdaman. Bizning sinfdan oldin, o‘sha ayolning kichkina qizi 3-sinfda ta’lim oladi. Sinfxonaga kirib, qizidan to‘g‘risini aytishini, qachon urganligimni so‘radim. Sinf rahbariga bo‘lgan holatni aytib berdim. Sinf rahbarlari kasal bo‘lgan vaqtda o‘qituvchilar almashiladi. Shunda o‘quvchilardan ham kimnidir urganmanmi, deb so‘radim, hamma yo‘q dedi. Qizdan yana so‘rasam, qotib qarab turibdi. «Oyingga shunday debsan, nega yolg‘on gapirding? Kecha kelib rosa to‘polon qildi» dedim. Indamasdan yig‘lashni boshladi», — deydi u. 

Pedagogga ko‘ra, holatdan so‘ng o‘quvchilar uyiga ketayotgan vaqtida qizchaning onasi buning hisobini olish uchun o‘qituvchi bilan gaplashgan va maktab hovlisida uni urgan. Keyin o‘qituvchining salomatligi og‘irlashib, tez yordam avtomobilida shifoxonaga olib ketilgan. Kaltaklangan o‘qituvchi o‘quvchining onasi aytgan barcha da’volarni tuhmat deb baholamoqda. Uning isboti taqdim etilishini talab qilmoqda. 

Holat yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish boshlangani aytilmoqda, biroq bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot hozircha taqdim etilgani yo‘q.

Mavzuga oid