O‘zbekiston | 11:19 / 09.05.2023
9658
5 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman vakili qiynoqqa solingan aytilgani ikki mahbusning holidan xabar oldi

Uchrashuvda har ikki jabrlanuvchi qiynoqqa solinganini tasdiqlashgan. Ushbu holat yuzasidan Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga tergov jarayonida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha nazorat xati kiritilgan.

Shu yilning 1 may kuni O‘zbekiston “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov tergov organlari tomonidan fuqarolar qiynoqqa solinayotgan holatlar mavjudligi haqida xabar bergandi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari qiynoqqa solingani aytilgan ikki erkak saqlanayotgan hibsxonalarga borib, ularning holidan xabar oldi.

“Joriy yilning 6 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif davomida Jinoyat kodeksining 164-moddasida (Bosqinchilik) nazarda tutilgan jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib, qamoqqa olingan Dilshodjon To‘raxo‘jayev va 251 prim 1-moddasida (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda gumonlanib, qamoqqa olingan Hasanboy Abdunabiyevlar bilan ham yakka tartibda holi suhbatlar o‘tkazildi.

O‘tkazilgan suhbatlar davomida har ikki shaxs ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari haqida tarqatilgan xabarlarni tasdiqladi”, deyiladi ombudsman axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan xabarda.

Qayd etilishicha, Dilshodjon To‘raxo‘jayev uchrashuv davomida o‘ziga nisbatan avval Namangan viloyatining Pop tumani Ichki ishlar bo‘limida va keyinchalik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilgani, qiynoqqa solinganini ta’kidlagan.

Dilshodjon To‘raxo‘jayev Ombudsman vakili bilan uchrashuv chog‘ida Foto: Ombudsman.uz

Tadbirkor qiynoqlar natijasida aybiga iqror bo‘lgani va olgan tan jarohatlarini ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilganligi bo‘yicha ko‘rsatma bermagan.

Eslatib o‘tamiz, To‘raxo‘jayevning qiynoqqa solingani haqida jamoatchilikka uning advokati xabar qilgandi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, himoyasidagi shaxs badanidagi qiynoq alomatlari aks etgan suratlarni ko‘rsatib, videomurojaat yo‘llaganidan so‘ng mijozini qiynoqqa solish to‘xtatilgan.

Tadbirkor Ombudsman vakili bilan uchrashuvda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy qiynoqqa solinganligini tasdiqlovchi asosli dalillari mavjudligini ma’lum qilgan.

“Shu bois Ombudsmanning monitoring tashrifi yakunlariga ko‘ra, D.To‘raxo‘jayevning qiynoqqa solinganligi holati yuzasidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishining ta’minlanishi yuzasidan Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritildi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Hasanboy Abdunabiyev Ombudsman vakili bilan uchrashuv chog‘ida Foto: Ombudsman.uz

Tashrif davomida Ombudsman vakili qiynoqqa solingani aytilgan boshqa bir erkak – O‘zbekiston Respublikasi JKning 251-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanib, tergov hibsxonasida saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyev bilan ham uchrashgan. Abdurahmon Tashanov qiynoqlar natijasida u salkam nogironga aylanib qolgani, badanidagi momataloq izlari va elektroshokerda qiynoqqa solingani asoratlari hanuz ketmaganini aytgandi.

Ta’kidlanishicha, H.Abdunabiyevning advokati tomonidan Ombudsmanga yuborilgan murojaat nazoratga olinib, Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida ko‘rib chiqilishi yuzasidan Bosh prokuraturaga Ombudsmanning nazorat xati kiritilgan.

Monitoring tashrifi davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning Jinoyat-ijroiya kodeksi va “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan huquq va manfaatlari ta’minlanayotganligi holati o‘rganilgan.

Rasmiy xabarda o‘rganish davomida hibsxonada bir qator kamchiliklar mavjudligi, jumladan, ayrim kameralarda sanitariya-gigiyena holati talab darajasida emasligi, saqlanayotgan shaxslarga sayr uchun yetarli vaqt berilmayotgani hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ayrim e’tirozlar bildirilgani qayd etiladi. Ammo bir qator kamchiliklar deganda nimalar nazarda tutilgani, aynan qanday e’tirozlar bildirilgani ochiqlanmaydi.

“Monitoringda ushbu salbiy holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga Ombudsman talabnomasi kiritildi”, deyiladi rasmiy relizda.

Mavzuga oid