Jahon | 21:31 / 10.05.2023
19250
3 daqiqa o‘qiladi

«Azov» polki asoschisi Baxmut atrofida rossiyaliklarning ikki rotasi tor-mor etilganini aytdi

Avvalroq Prigojin RF armiyasi askarlari qochib ketgani haqida xabar bergandi.

Foto: Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastining Baxmut shahri atrofida RF quruqlik qo‘shinlarining 72-brigadasi bo‘linmalarini mag‘lub etgan. Bu haqda «Azov» polki asoschisi va «Milliy korpus» partiyasi yetakchisi Andriy Biletskiy ma’lum qildi.

«Ukraina qurolli kuchlari uchinchi alohida shturm brigadasining hujum harakatlari natijasida RF 72- brigadasi bo‘linmalari mag‘lub etildi. Shu brigadaning oltinchi va sakkizinchi rotalari amalda to‘liq yo‘q qilindi», — degan Biletskiy telegramdagi videomurojaatida. U o‘z so‘zlarini isbotlovchi dalillarni keltirmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «brigadaning razvedkachilari yakson etilgan, katta miqdordagi jangovar zirhli mashinalar yo‘q qilingan, ko‘p sonli harbiylar asir olingan». Bundan tashqari, uning tasdiqlashicha, «Vagner» XHK shturm otryadi ham katta yo‘qotishga uchragan.

Biletskiyning qayd etishicha, hujum harakatlari uch kilometr kenglikdagi va ikki kilometr 600 metr ichkaridagi hudud bo‘ylab amalga oshirilgan. Hozirda, uning so‘zlariga ko‘ra, bu hudud Rossiya kuchlaridan to‘liq ozod etilgan.

Ukraina qurolli kuchlarining uchinchi shturm brigadasi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida RF armiyasining 72-brigadasi bilan jang aks etgani aytilgan videoyozuvni joylashtirgan. Kadrlarda bir qancha harbiylar zirhli texnikadan qochib borayotgani aks etgan. Ukraina QK shturm brigadasiga ko‘ra, besh kishi asir olingan.

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin avvalroq RF armiyasining 72-brigadasi 9 may kuni Baxmutdagi strategik platsdarmdan qochib ketganini aytgandi. «Bizni qanotda qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan mudofaa vazirligi bo‘linmasi o‘z pozitsiyasidan qochib ketib, 2 km kenglikda va 500 metr chuqurlikdagi joyni ochiq qoldirdi. Yaxshiyamki bu joyni bir amallab blokladik», — degan Prigojin videomurojaatida.

RF mudofaa vazirligi bu xabarlar yuzasidan munosabat bildirmagan.

Mavzuga oid