O‘zbekiston | 16:26 / 10.05.2023
65453
5 daqiqa o‘qiladi

Nashida uchun qamalgan yigit voqeasi: IIB bayonoti ayblov xulosasiga zid kelyapti

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi sinfdoshlariga nashida havolasini yuborishi ortidan 3 yilga qamalgan yigit haqida tarmoqlardagi noroziliklarga munosabat bildirdi. Faollarni noxolis axborot tarqatishda ayblagan IIBB bayonotining o‘zida – ishga doir hujjatlar hamda sud hukmiga to‘g‘ri kelmaydigan bir qancha noto‘g‘ri ma’lumotlar va tuhmat borligini ko‘rish mumkin.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Birinchidan: Toshkent viloyati IIBB tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 21 yoshli yigitni “Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning g‘oyaviy ta’siriga tushish hamda ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni boshlagan”likda ayblagan.

Vaholanki, sud hukmida ham, ayblanuvchining yaqinlari Kun.uz'ga taqdim qilgan, Yangiyo‘l tuman IIB tergovchilari imzosi bilan tasdiqlangan ayblov xulosasida ham bunday ma’lumot yo‘q.

Ikkinchidan: IIBB Jahongir Ulug‘murodovni “xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov” ma’ruzalarini o‘ziga tanish bo‘lgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shug‘ullangan”likda ham ayblagan.

Ayblov xulosasida ham, sud hukmida ham bunday ma’lumot yo‘q.

4 varaqdan iborat ayblov xulosasida talaba yigitning faqatgina bir harakati borasida ma’lumotlar, shuningdek o‘zi va guvohlarning ko‘rsatmalari berilgan. Ya’ni Jahongir Ulug‘murodov – YouTube platformasidagi o‘zi ma’nosini yaxshi tushunmagan diniy qo‘shiqning havolasini (nashidaning o‘zini emas) guruhga yuborgani haqida ko‘rsatma bergan. Sud hukmi ham ayni ushbu ma’lumotni tasdiqlab turibdi.

Ya’ni, ayblanuvchi IIBB aytganidek noqonuniy materiallarni “tarqatish bilan shug‘ullangan” emas, balki bir marotaba Telegram guruhga yuborgan. Shuningdek, Jahongir Ulug‘murodov ayblov xulosasida ham nashid ma’nolarini tushunib yetmagani, bilmasdan tarqatgani hamda aybidan pushaymon ekani yozilgan.

Uchinchidan, IIBB bayonotidagi “xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida”, degan ma’lumot, hujjatlarga tayanilsa, tuhmat bo‘lib qolmoqda.

Chunki, ayblov xulosasida ham, sud hukmida ham 21 yoshli talabaga bunday ayblov qo‘yilmagan. Savol tug‘iladi: Toshkent viloyati IIBB talabaning maqsadini qayerda bilgan bo‘lishi mumkin?

Bayonotda Toshkent viloyati IIBB ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tayotgan quyidagi fikrlar esa doim takrorlanadi, lekin biror marotaba fakt va dalillar jamoatchilikka ochiqlanmagan.

“Bugungi kunda ko‘plab yoshlarning muqaddas islom dini niqobi ostida faoliyat yuritayotgan turli taqiqlangan tashkilotlar ta’sirida soxta “jihod”, “hijrat” va “shahidlik” g‘oyalari bilan, Suriya, Iroq va boshqa, jangovar harakatlar davom etayotgan mamlakatlar hududiga chiqib ketish holatlari davom etmoqda”.

Masalan, savollar paydo bo‘ladi: 2022 yilda qancha o‘zbekistonlik yoshlar bunday g‘oyalar bilan chet elga chiqib ketdi? Ularning ketish sabablari nima? Doimgidek, javoblar yo‘q.

Nashidaga ekspertlik xulosasini bergan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita – ushbu ma’lumotlar aholi orasida vahima chiqarishga qaratilmagani, Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga va xalifalik barpo etishga targ‘ib qiladigan g‘oyalarning mavjud emasligi, taqiqlangan tashkilotlar tuzish va unda qatnashishda da’vatlar mavjud emasligi, shu bilan birga nashid diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, uni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 8 may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2-bosqich talabasi, 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov 3 yilga qamaldi.

U 2022 yilda sinfdoshlari a’zoligidagi Telegram-guruhga YouTube'dagi diniy qo‘shiq – nashida uchun havola yuborganlikda ayblanmoqda. So‘nggi vaqtlarda bunday “ayblovlar” bilan qamalayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Bu jamoatchilikda turli savollar va havotirlar uyg‘otmoqda.

Joriy yil yanvar oyida telefonidan diniy nashida topilgan yana bir 21 yoshli yigit – Sardor Rahmonqulov ham 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Keyinroq, jamoatchilikning keskin etirozlari ortidan, apellyatsiya sudining ajrimiga muvofiq, Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hukmga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida ozod qilindi.

Mavzuga oid