O‘zbekiston | 14:04 / 10.05.2023
29848
4 daqiqa o‘qiladi

OTMga kirishda maksimal ball olish uchun chet tili sertifikati darajasi qanday bo‘lishi kerak?

Keyingi oydan davlat oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish boshlanadi. Qabul yaqinlashgani sayin abituriyentlarda savollar ko‘payyapti. Shunday savollardan biri imtihonda chet tili fanidan maksimal ball olish uchun sertifikat darajasi qanday bo‘lishi kerakligi haqida.

Foto: KUN.UZ

Bakalavriat ta’lim bosqichiga hujjat topshirayotgan abituriyentning chet tili sertifikati B2 bo‘lsa, unga chet tili blogidan maksimal ball beriladi. Undan pastroq sertifikatlar, masalan, B1 sertifikati qabul qilinmaydi.

Chet tilidan B2 sertifikati bor abituriyentga maksimal ball beriladi. Masalan, ingliz tili abituriyentning birinchi fani bo‘lsa, unda 93,0 ball, ikkinchi fani bo‘lsa, 63,0 ball naqd degani.

Sertifikatlar qanaqa bo‘lishi kerak?

ingliz tili uchun — IELTS 5,5, Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE, Cambridge Assessment English Linguaskill xalqaro imtihon tizimlari yoki milliy imtihon tizimi sertifikatlari bo‘lsa, B2 daraja;

  • yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
  • nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
  • fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Française (TCF4) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
  • boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori.

Darajasi pastroq sertifikat topshirib ham qanchadir ball olish mumkinmi?

Buning imkoni yo‘q. Sababi OTMga hujjat topshirishda sertifikatga oid ma’lumotlar onlayn platformaga yuklangach Bilim va malakalarni baholash agentligi ularning har birining haqiqiyligi va darajasi mos kelishini tekshiradi.

Masalan, o‘tgan yilgi qabulda abituriyentlar tomonidan 29 mingdan ziyod chet tili sertifikati yuklangan bo‘lsa, ularning 955 tasi talabga javob bermasligi aniqlangan.

56 ta sertifikat esa qalbaki tarzda abituriyentlarning o‘zlari tomonidan yasalgan. Bunday sertifikatlar haqida sobiq Davlat test markazi (hozirda Bilim va malakalarni baholash agentligi) huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. Shuning uchun sertifikatni soxtalashtirish haqida umuman o‘ylamagan ma’qul.

Magistratura uchun-chi?

OTMlarning magistraturasiga hujjat topshirish uchun chet tili sertifikati majburiy qilib qo‘yilgan. Ya’ni agar abituriyentning chet tili sertifikati bo‘lmasa, unda hatto hujjat topshirishga ham imkon bo‘lmaydi. Bunda filologiya ta’lim yo‘nalishlari uchun sertifikat darajasi kamida C1, boshqa barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun esa B2 bo‘lishi kerak.

Yaqinda shu yilgi qabuldan boshlab magistratura uchun qabul qilinadigan chet tili sertifikatlari ro‘yxati (darajasi bilan) mavjud qaror loyihasi e’lon qilindi. Ro‘yxatga 10 ta til bo‘yicha jami 25 turdagi sertifikat kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi qabuldan boshlab magistratura va undan keyingi ta’lim uchun chet tili sertifikati talab qilish birinchi marta boshlangani uchun bir yilda ikki marta qabul o‘tkazilgan va sertifikati tegishli darajadan past abituriyentlar ham o‘qishga qabul qilingandi. Faqat ularga ham to o‘qish tugaguniga qadar talab darajasidagi chet tili sertifikatiga ega bo‘lish sharti qo‘yilgan. Bo‘lmasa diplom berilmaydi.

Lekin Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu faqat o‘tgan yilgi qabul uchun istisno bo‘lgan. Bu yildan boshlab sertifikat talabi qat’iy bo‘ladi. 

Mavzuga oid