O‘zbekiston | 12:01 / 10.05.2023
70291
3 daqiqa o‘qiladi

Paxtachidagi gaz to‘ldirish shoxobchasida dahshatli portlash: voqea joyidan reportaj

9 may kuni soat 21:25 da Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi aholiga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida portlash sodir bo‘ldi. Portlash oqibatida hududdagi konteynerlar, ma’muriy binolar va bir nechta texnikalar zararlangan. Kun.uz muxbiri voqea joyidan reportaj tayyorladi.

10 may kuni soat taxminan 2:00 larda yong‘in o‘chirilgan, xavf bartaraf etilgan va tozalash ishlari olib borilayotgandi. Hodisa joyida bo‘lib turgan “Hududgaz Samarqand” gazta’minot filiali direktor o‘rinbosari Xurshid Meliyevning aytishicha, odatdagi kunda ushbu hududda 15 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilib kelgan.

Bugun bayram kuni bo‘lgani uchun qorovul va ikki nafar ishchimiz shu yerda bo‘lgan ekan. Bir nafar ishchimiz kuyish tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketildi. Yettita texnikamiz qisman, bittasi to‘liq zarar ko‘rdi. Ma’muriy binolar ham yong‘in va portlash zarbi hisobiga zararlandi”, – dedi Meliyev.

Portlash va yong‘inga guvoh bo‘lib qolgan mahalliy aholidan ma’lumot olishga harakat qildik.

Ma’lum bo‘lishicha, portlash bir necha marta takrorlangan. Aholi avvaliga tog‘da kon portlatilyapti, degan tasavvurga borgan. Biroq yaqin hududda katta yong‘in paydo bo‘lgani, qattiq zarb ta’sirida uylar zirillab ketgani odamlarni tahlikaga solib qo‘ygan.

Neftbaza ham gaz to‘ldirish shoxobchasi bilan deyarli yonma-yon joylashgan, hammamizni xudo asradi. Agar qattiqroq shamol yoki biror falokat bo‘lganida hech birimiz omon qolmasdik”, – deydi hududda istiqomat qiluvchilardan biri.

Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasiga olib ketilgan gaz idorasi vakilining holatini bilish maqsadida birlashmada ham bo‘ldik.

Davolash ishlari bo‘yicha bosh vrach o‘rinbosari Anvar Bobomurodovga ko‘ra, bemor og‘ir holatda olib kelingan. Tanasining 70 foiz qismida kuyish holati kuzatilgan. Tezkor reanimatsion yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, bemorning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, hodisa joyiga 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borib, soat 22:30 da yong‘in qurshab olingan va soat 23:00 da bartaraf etilgan.

Hodisa shoxobchadagi «MAN» rusumli suyultirilgan gaz tashuvchi mashinadan gazni zaxira sig‘imiga bo‘shatish jaryonida xavfsizlik texnikasi qoidalari buzilishi oqibatida yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda.

Samarqand viloyati IIBning ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudga oid tibbiyot, yong‘in-texnika va sudga oid baholash ekspertizalari tayinlangan.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid