Pokiston Oliy sudi sobiq bosh vazir Imron Xon noqonuniy hibsga olingani haqida qaror chiqardi
Uning hibsga olinishi oqibatida mamlakatda ommaviy noroziliklar boshlanib ketgan edi.
Pokiston Oliy sudi sobiq bosh vazir Imron Xonning korrupsiyada ayblanib hibsga olinishini noqonuniy deb topdi.
Aprel oyida ishonchsizlik votumi natijasida hokimiyatdan chetlatilgan muxolifat yetakchisi Imron Xon Pokiston Oliy sudi raisi Umar Ato Bandial buyrug‘i bilan sudga keltirildi.
«Sizning hibsga olinganingiz qonuniy emas, shuning uchun bu jarayon bekor qilinishi kerak», dedi sudya.
Xon, shuningdek, avvalroq sud binosidan o‘g‘irlab ketilgani va «tayoq bilan kaltaklangani» haqida sudyalarga shikoyat qildi. Sudya Xonni zudlik bilan ozod qilishni buyurdi.
9 may kuni Xon Islomobod Oliy sudi binosiga korrupsiya ayblovlari bo‘yicha mahkamada qatnashish uchun bordi va u yerda hibsga olingan edi. Shundan keyin mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, oqibatda kamida 10 kishi halok bo‘ldi, 2 ming kishi hibsga olindi.
Hibsga olinganlar orasida sobiq bosh vazirning «Adolat uchun harakat» partiyasi 7 nafar yuqori martabali yetakchisi, jumladan, sobiq tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy ham bor. Politsiya uni «zo‘ravonlikka undash»da ayblamoqda. Qurayshiy buni rad etgan va tarafdorlarini tinch namoyishlarni davom ettirishga chaqirgan.
Xon va partiyadoshlari o‘zlariga qarshi ochilgan ishlar siyosiy sabablarga ko‘ra ekanini da’vo qilmoqda. Uning hibsga olinishi tarafdorlarini g‘azabga soldi - so‘nggi 48 soat ichida mamlakatda ommaviy tartibsizliklar, hukumat va harbiy obektlarga yakka hujumlar sodir bo‘ldi.
Mart oyida Pokiston sudi politsiyaga mamlakatdagi keskinlikni yumshatish maqsadida mashhur siyosatchini hibsga olishga urinishlarni to‘xtatishni buyurgan edi. Xonning yuzlab tarafdorlari ikki kun davomida rasmiylarga uni hibsga olishga to‘sqinlik qilgan va politsiya bilan to‘qnashgan edi. Politsiya ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlarni ishlatdi.
Xon sovg‘alarni sotish bo‘yicha ochilgan ish yuzasidan sud mahkamasiga borishni istamadi. Shundan so‘ng, Islomobod sudi uni hibsga olishga order berdi va sobiq bosh vazir politsiya tomonidan 9 may kuni qo‘lga olindi.
Bu sovg‘alarni unga 2018-2022 yillarda bosh vazir lavozimida ishlagan davrda xorijiy davlatlarning yuqori martabali vakillari topshirgan.
Imron Xonning hibsga olinishi u bilan harbiylar o‘rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirdi.
Ko‘pchilik tahlilchilar uning 2018 yilgi saylovlardagi g‘alabasiga harbiylar yordami bilan erishganiga ishonishadi. Biroq, u bosh vazir sifatida to‘rt yildan kamroq vaqt ishlaganidan so‘ng hokimiyatdan chetlatildi. Shundan so‘ng armiyaning ashaddiy tanqidchilaridan biriga aylandi.
2022 yil noyabr oyida Xon norozilik yurishi paytida oyog‘idan o‘q yedi va jarohatlandi. U hujumda yuqori martabali razvedka amaldorlarini aybladi, ammo harbiylar buni qat’iyan rad etgan edi.
Mavzuga oid
17:38
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
15:02
O‘zbekiston Pokistonning "Gvadar" portidan foydalanish imkoniyatini o‘rganyapti
11:16
Pokistondan olib kirilgan mandarin partiyasida zararkunanda borligi aniqlandi
00:15 / 22.12.2024