O‘zbekiston | 16:12 / 11.05.2023
15415
5 daqiqa o‘qiladi

Sport buyumlari – “qandolatchi”ga, ryukzaklar – “chinnichi”ga. Shubhali tenderlar davom etyapti

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’minot xizmati sport anjomlari xaridi uchun 5 ta tender o‘tkazdi. Shundan umumiy summasi 22 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 2 ta lotni non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona yutgan. Yana bir holatda esa keramik buyumlar ishlab chiqaruvchi korxona o‘quvchilar sumkasi xaridi uchun o‘tkazilgan tanlovda g‘olib deb topilgan.

Foto: Shutterstock

Keyingi paytlarda “Ta’minot va logistika xizmati” DUK tomonidan o‘tkazilayotgan tenderlar anchagina shubhali bo‘lmoqda. Negaki, milliardlab so‘mlik tenderlarni faoliyat turi xarid qilinayotgan mahsulotga mos kelmaydigan tadbirkorlik sub’yektlari yutib ketyapti. Qolaversa, ayrim hollarda arzon narx taklif qilgan korxona qolib, qimmat narx aytgan korxona g‘olib deb topilib, ular bilan shartnomalar qilinmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’minot xizmati oldinroq o‘quv qurollari xaridi uchun 12 ta tender o‘tkazgan hamda ularning 4 tasini yog‘och va qurilish materiallari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi firma, bittasini faoliyat turi avtomashinalarni yuvish bo‘lgan firma yutib olgandi. Kun.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘shanda g‘olib firmalar bilan 13,5 mlrd so‘m qimmat narxlarda shartnoma imzolangan.

3 may kuni sport anjomlari (to‘plar) xaridi uchun o‘tkazilgan tenderlarda ham bu kabi holat kuzatildi: 5 ta lotning ikkitasida faoliyat turi non, xamirdan qandolat mahsulotlari, tort va piroj ishlab chiqarish bo‘lgan MChJ g‘olib deb topilgan.

1-holat: 7 mlrd 444 mln so‘m

Orolbo‘yi hududidagi maktablar uchun sport anjomlari – har biri 12 630 donadan futbol, voleybol, basketbol, gandbol to‘plari va 2526 ta sekundomer xarid qilish maqsadida 7 mlrd 754 mln so‘m boshlang‘ich summa bilan tanlov e’lon qilingan.

Tanlovda “Ko'xna Diyor” MChJ g‘olib deb topilgan va u bilan 7 mlrd 444 mln 687 ming so‘mga shartnoma imzolangan.

Reyestrga ko‘ra, “Ko'xna Diyor” MChJ non, xamirdan qandolat mahsulotlari, tort va pirog ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Andijon viloyatining Baliqchi tumanida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan korxona rahbari – Shohakbar Rustamov.

2-holat: 14 mlrd 305 mln so‘m

Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatidagi maktablar uchun sport anjomlari – har biri 24 270 donadan futbol, voleybol, basketbol, gandbol to‘plari va 4854 dona sekundomer xarid qilish maqsadida 14 mlrd 901 mln so‘m boshlang‘ich summa bilan tanlov e’lon qilingan.

Tanlovni “Ko'xna Diyor” MChJ yutgan va u bilan 14 mlrd 305 mln so‘mga shartnoma imzolangan.

E’tiborlisi, mazkur tenderlarda faoliyat turi sport jihozlari ishlab chiqarish bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari ham yutqazgan. Bu jihatlar mazkur tenderlarning adolatli o‘tkazilganini shubha ostiga qo‘yadi.

3-holat: 14 mlrd 675 mln so‘m

“Ta’minot va logistika xizmati” DUK tomonidan 25 aprel kuni o‘quvchilar sumkasi xaridi uchun o‘tkazilgan tender ham biroz shubhali. Sababi ushbu tenderda faoliyat turi maishiy va dekorativ keramik buyumlar ishlab chiqarish bo‘lgan korxona g‘olib bo‘lgan.

149 755 dona o‘quvchi sumkasi xarid qilish maqsadida 15 mlrd 200 mln so‘m boshlang‘ich summa bilan tanlov e’lon qilingan. Lotni “Mohi Diyor Rashidon” MChJ yutgan va u bilan 14 mlrd 675 mln so‘mlik shartnoma imzolangan.

Oldinroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’minot xizmati 2023/24-o‘quv yili uchun ingliz tili fanidan 1-11 sinf mashq daftarlari, darsliklar sotib olish maqsadida jami 11 ta lotda tender o‘tkazgani hamdaularda negadir qimmat narx taklif qilgan tadbirkorlik sub’yekti g‘olib deb topilib, 30 foiz arzon narx taklif qilgan MChJ jarayondan chetlashtirilgani ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik tender natijalari davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi bayoni bilan bekor qilingan.

“Ta’minot va logistika xizmati” DUKning shubhali tenderlari haqida hozircha vakolatli organlar negadir sukut saqlamoqda.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid