Jahon | 21:49 / 16.05.2023
8453
4 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda dunyoda 883 kishi sud qarori bilan qatl etildi 

Amnesty International 2022 yilda dunyoda o‘lim jazosining qo‘llanilishi bo‘yicha hisobotini taqdim etdi.

Foto: Getty Images

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda dunyo bo‘ylab kamida 883 kishi sud tomonidan qatl etilgan. Qatllar bo‘yicha yillik hisobotini e’lon qiluvchi Amnesty International tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2021 yilga nisbatan 53 foizga ko‘p va bu 2017 yildan buyon jahon uchun rekord ko‘rsatkichdir. 

Amnesty International hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili 20 mamlakatda (Xitoydan tashqari) 883 kishi qatl etildi. Bu 18 mamlakatda 579 kishi qatl etilgan bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan ancha yuqori. 2022 yildagi o‘sish Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida qatl etilganlar sonining sezilarli darajada oshishi bilan bog‘liq. 

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Xitoyda o‘lim jazosi eng ko‘p qo‘llangan. Ammo Xitoyda qatl etilganlar soni e’lon qilinmagani, davlat siri bo‘lgani uchun aniq raqamlar ma’lum emas. Amnesty International qurbonlar soni minglab ekanini taxmin qilmoqda. 

Eronda 2022 yilda kamida 576 kishi qatl etilgan, bu 2021 yilga nisbatan 83 foizga ko‘p. Bu o‘sish qotillik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha hukmlar soni keskin ko‘payganidan keyin sodir bo‘ldi. 

Saudiya Arabistonida bir yil ichida qatl etilganlar soni uch barobarga oshib, 196 ta holatga yetdi, bu mamlakat uchun so‘nggi 30 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bundan tashqari, o‘tgan yili Saudiya Arabistoni rasmiylari bir kunda 81 nafar mahkumni qatl qildi. 

Qatl etilganlar soni bo‘yicha Misr kuchli uchlikdan katta farq bilan «orqada bormoqda», u yerda 24 kishi qatl etilgan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 71 foizga kam, ammo Misrda o‘limga hukm qilinganlar soni yil davomida 51 foizga oshgan. 

Qo‘shma Shtatlarda 2022 yilda 18 kishi qatl etilgan, bu 2021 yilga nisbatan 64 foizga ko‘pdir. Ammo bu raqamlar AQSh tarixi uchun eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. 

Shu bilan birga, o‘tgan yili Iroqda kamida 11 kishi, Singapurda 11 kishi, Quvaytda 7 kishi, Somalida kamida 6 kishi, Janubiy Sudanda kamida 5 kishi, Falastinda 5 kishi, Yamanda kamida 4 kishi, Bangladeshda 4 kishi, Myanmada 4 kishi, Belarusda 1 kishi va Yaponiya ham 1 kishi qatl etildi. 

Shimoliy Koreya va Vetnam ham xuddi Xitoy kabi qatl etilganlar sonini oshkor qilmaydi. Amnesty International hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mamlakatlarda ham «qatllar soni ko‘p». 

Hisobotda keltirilishicha, 2022 yil dekabr holatiga ko‘ra, dunyoning 112 ta davlati barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosini, 9 davlat esa oddiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosini bekor qilgan. 

Bundan tashqari, Qozog‘iston, Papua-Yangi Gvineya, Siyerra-Leone, MAR, Ekvator Gvineyasi va Zambiyani o‘z ichiga olgan 6 ta davlatda 2022 yilda o‘lim jazosi (barcha yoki oddiy jinoyatlar uchun) bekor qilindi. 

Bundan tashqari, Liberiya va Ganada o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha ba’zi qonunchilik choralari ko‘rildi. Shri-Lanka va Maldiv orollari rasmiylari o‘lim jazosini qo‘llamaslikka va’da berishdi. Malayziyada majburiy o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha qonun loyihalari parlamentda ko‘rib chiqilmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008 yilda bekor qilingan.

Mavzuga oid