Jahon | 09:49 / 17.05.2023
5110
2 daqiqa o‘qiladi

London va Amsterdam F-16 sotib olish bo‘yicha koalitsiya to‘g‘risida kelishib oldi

Buyuk Britaniya va Niderlandiya Ukrainani jangovar samolyotlar bilan ta’minlashda, jumladan, uchuvchilarni tayyorlashda va Kiyev uchun F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olishda yordam beradi.

F-16 qiruvchisi

Buyuk Britaniya va Niderlandiya Ukraina uchun F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olish uchun koalitsiya tuzishga kelishib oldi. Bu haqda 16 may, seshanba kuni Reykyavikda bo‘lib o‘tgan Yevropa kengashi sammitida ma’lum qilindi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning idorasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, koalitsiya Kiyevni Ukrainani jangovar samolyotlar bilan ta’minlashda qo‘llab-quvvatlaydi. Yordam, jumladan, uchuvchilarni tayyorlash va F-16 samolyotlarini xarid qilishda bo‘ladi.

Koalitsiya tuzish qarorini Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak olqishladi. “Bizga qiruvchilar kerak va ittifoqchilarga bu yo‘nalishda ishlash qarori uchun minnatdorchilik bildiramiz”, dedi u. Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Belgiya ham ukrainalik uchuvchilarni o‘qitishga tayyorligini tasdiqlagan.

Bir necha kun oldin Volodimir Zelenskiy Italiya, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdi. Ukraina prezidenti ta’kidlaganidek, uning Yevropa poytaxtlariga tashrifi, xususan, “qiruvchilar koalitsiyasi”ni yaratish niyati bilan bog‘liq. 16 may kuni kechki videomurojaatida u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bir kun avval koalitsiya tuzishni qo‘llab-quvvatlaganini eslatdi.

Mavzuga oid