O‘zbekiston | 19:01 / 17.05.2023
11029
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandga elektrobuslar, energetikaga 3,8 mlrd dollar - YeTTB konferensiyasi doirasidagi bitimlar

Samarqandda o‘tayotgan YeTTB yillik yig‘ilishi doirasida qator investitsiyaviy kelishuvlar imzolandi. Bankning o‘zi Samarqandda elektrobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish uchun 49 mln dollargacha mablag‘ ajratmoqda. BAAning ikki kompaniyasi esa 3,8 mlrd dollarlik energetika loyihalarini amalga oshiradi.

Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi davom etmoqda. Anjuman davomida qator investitsiyaviy bitim va shartnomalar imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, O‘zbekiston hukumati va YeTTB o‘rtasida Samarqand shahrida elektrobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish uchun 49 mln dollargacha miqdorda suveren kredit ajratish to‘g‘risida bitim tuzildi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Ajratilgan mablag‘ zaryadlovchi qurilmalar bilan birga 100 tagacha o‘rta o‘lchamdagi (10,5 m) elektrobuslarni sotib olish, shuningdek, elektobuslar parki, elektr stansiyasi, foydalanish uchun ma’muriy binolar va texnik xizmat ko‘rsatish obektlarini o‘z ichiga olgan zarur infratuzilmani yaratish uchun ishlatiladi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Bulardan tashqari, konferensiya doirasida yana quyidagi shartnomalar ham imzolandi:

— Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi va TAQA kompaniyasi o‘rtasida umumiy quvvati 1600 MVt gacha bo‘lgan kombinatsiyalashgan gaz-turbinali uskunani o‘rnatish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 1,2 mlrd dollarlik bitim;

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

— Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi va Masdar kompaniyasi o‘rtasida 2,6 mlrd dollari miqdorida quvvati 2150 MVt va 500 MVt bo‘lgan foto va shamol elektr stansiyalari loyihalarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha bitim;

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

— Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Xalqaro moliya korporatsiyasi o‘rtasida Toshkent shahrida elektr energiyasini taqsimlash loyihasi bo‘yicha 300 mln dollarlik moliyaviy va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida bitim;

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

— Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va Fransiyaning “Suez” kompaniyasi o‘rtasida Surxondaryo viloyatida suv ta’minoti tizimini yaxshilash bo‘yicha umumiy qiymati 500 million dollarlik loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim;

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

— Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va ACWA Power kompaniyasi o‘rtasida “Yashil vodorod” loyihasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 88 million dollarlik investitsiya shartnomasi.

Mavzuga oid