Yangi koridor, vagon zavodi, Samarqand va Nukusga elektrobuslar - Ilhom Mahkamov Xitoy bilan kelishuvlar haqida
Xitoydan O‘zbekistonga quriladigan temiryo‘lning texnik-iqtisodiy asoslari tayyor, deya ma’lum qildi Xitoyning Sian shahridagi biznes forumdan keyin Kun.uz'ga intervyu bergan transport vaziri Ilhom Mahkamov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda yuk vagonlari va elektrobuslar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin.
18 may kuni Xitoyning Sian shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi, 19 mayda esa Markaziy Osiyo – Xitoy sammiti bo‘lib o‘tadi.
Tashrifdan oldin, 17 may kuni Sianda O‘zbekiston–Xitoy biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida Kun.uz muxbiriga intervyu bergan transport vaziri Ilhom Mahkamov XXR bilan hamkorlikdagi yangi loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Uzoq vaqtdan buyon kutilayotgan yangi transport koridori
Eng muhim masalalardan biri – Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi loyihasi. Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy temir yo‘llari qoshidagi loyiha instituti bilan bu temir yo‘lning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish yakunlangan.
“Bugun biz qirg‘iz va xitoy hamkasblarimiz bilan shu qurilishda amaliy jihatdan qanday yangi qadamlarga o‘tish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritasi”ga qo‘l qo‘yayapmiz”, – dedi u.
Yuk vagonlari ishlab chiqarish
Ilhom Mahkamovga ko‘ra, Xitoy tomoni bilan O‘zbekistonda yuk vagonlarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
“Bu ham tannarxni tushirishga, ham [ishlab chiqarish] hajmini oshirishga imkoniyat yaratadi. Birinchi navbatda yuk vagonlari ishlab chiqariladi. Keyingi bosqichda yo‘lovchi vagonlarini ham ishlab chiqarish masalasini endi ko‘rib chiqishni boshladik”, – dedi vazir.
Boshqa hududlarga ham elektrobuslar
Xitoyning King Long va Yutong kompaniyalari bilan O‘zbekistonga 1000 ta avtobus yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzilgan. Mahkamov oxirgi haftalarda avtobuslarning qariyb 600 tasi yetkazib berilgani, qolgan 400 tasi may oyi oxirigacha olib kelinishini aytdi.
“Bundan tashqari, Yutong kompaniyasi elektrobuslarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishi ham kelishilyapti”, – deya ma’lum qildi Transport vazirligi rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqanddagi konferensiyasi doirasida Xitoydan olib kelingan birinchi 6 ta elektrobusning taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Bunday elektrobuslardan 2 oy ichida Samarqand va Nukus shaharlariga 100 tadan xarid qilinishi kutilyapti.
Xitoyning Sian shahridan
Sardorbek Usmoniy,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
23:24 / 23.12.2024
Xitoyda murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
11:25 / 23.12.2024
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
21:44 / 22.12.2024