Jahon | 19:44 / 18.05.2023
56951
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Haj ziyorati narxi taqqoslandi

Eng arzon narx Qozog‘istonda – 3000 dollar. 

Foto: AFP

Saudiya Arabistoni 2023 yilda haj ziyoratini yengillashtirib, pandemiya vaqtidagi ko‘plab cheklovlarni bekor qildi. O‘zbekistonliklar uchun 24 mingta kvota ajratildi. Haj qimati 5200 dollar (taxminan 59,2 mln so‘m) bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi. 

Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni joriy yilda Tojikistonga 7 mingta kvota ajratgan, Tojikiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi esa 2023 yilda haj ziyorati miqdori 5,4 ming dollar (61,5 mln so‘m) bo‘lishini ma’lum qilgan. 

Bu miqdor ziyoratchilarning Haj mavsumidagi dastlabki xarajatlarini qoplaydi, jumladan, borish-kelish chiptalari, Makka va Madinada mehmonxonada joylashtirish, qurbonlik qilish, sug‘urta va davlat to‘lovlari. 

Qayd qilish joiz, haj narxi mamlakatlar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatiga qarab o‘zgaradi. Masalan, 4,9 ming dollar (55,8 mln so‘m) evaziga Rossiya kompaniyalari ziyoratchilar uchun kuniga atigi ikki mahal ovqat va Al-Haram masjididan (muqaddas Ka’ba) uzoqda joylashgan mehmonxonani taklif qilmoqda. Biroq, 9,9 ming dollar (112,8 mln so‘m) evaziga kuniga uch mahal ovqat va besh yulduzli mehmonxonaga joylashish mumkin. 

Haj ziyorati uchun eng arzon narx Qozog‘istonda qayd etilgan – 3 ming dollardan (34,2 mln so‘m) 4,5 ming dollargacha (51,3 mln so‘m). Qirg‘izistonda 3900 dollar (44,4 mln so‘m) evaziga ushbu ibodatni amalga oshirish mumkin. 

Foto: Asia-Plus

2023 yilgi Haj mavsumi 26 iyun kuni boshlanishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid