O‘zbekiston | 09:40 / 18.05.2023
10152
2 daqiqa o‘qiladi

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasidan tavsiyanoma olish uchun arizalar qabuli boshlandi

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasidan tavsiyanoma olish uchun arizalar qabuli boshlandi. 2022-2023 o‘quv yilida tavsiyanoma olgan, biroq oliy ta’lim muassasalarida talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlarning tavsiyanomalari 2023-2024 yillar uchun ham amal qiladi.

Hukumat qaroriga muvofiq mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat oliy ta’lim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishlari lozim.

Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
  • tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.

Talabgorlar joriy yilning 1 iyuniga qadar (shu kuni ham) ariza bilan doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) Ishchi guruhlariga murojaat etadilar va quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi;
  • mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko‘chirma;
  • o‘rta-maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha diplom.

Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda 1-7 iyun kunlari ko‘rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinadi.

Mavzuga oid