O‘zbekiston | 11:37 / 23.05.2023
25855
2 daqiqa o‘qiladi

Diniy qo‘mita xodimi fuqarolar umra uchun to‘lagan 1,6 milliard so‘mni onlayn qimorga tikib yubordi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani hokimligida ishlaydigan bosh mutaxassisi fuqarolarning Umra ziyorati uchun to‘lagan pullarini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborgan. Firibgar 5 yilga qamalgan, ammo 70 ga yaqin jabrlanuvchilarga yetgan zarar qoplab berilmagan.

Achinarlisi, hokimiyat mansabdori muqaddas ziyorat uchun deb to‘plangan xalq pulini onlayn qimorga sarflab yuborgan. “Hokimiyatda aldanishni xayolimizga ham keltirmagan edik. Boshqalar turfirmalar orqali yoki Qirg‘iziston orqali bemalol ziyoratga borib kelyapti. Ularga ishonmay, hokimiyatdan “otilib” qoldik”, deydi jabrlanuvchilar.

MY5 telekanali Markaziy studiya ko‘rsatuvi tayyorlagan lavhadan ma’lum bo‘lishicha, uzoq tergovdan so‘ng ham firibgarning va’dalariga ishongan jabrlanuvchilar o‘z arizasini qaytarib olgan. Natijada ularning zararlarini qoplab berish masalasi ochiq qolmoqda.

Diniy qo‘mita vakili esa 2 yil mansabdorlik yuklatilgan vazifalarda ishlash vakolatidan mahrum bo‘lgan hamda 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Xo‘jaobod tumani hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, A.F.dan jabrlangan bir nechta fuqarolarga pullari qaytarib berilgan. Qolgan jabrlanuvchilar masalasida esa hokimiyatga sud hukmi taqdim etilgach, shunga ko‘ra ish ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Haj ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish “biznesi”ni monopollashtirgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita turfirmalarning “firibgarligi”dan tinimsiz ogohlantirish berayotgan edi. Lekin mas’ullarning o‘zi hamon O‘zbekistondagi ziyorat paketi narxlarini ham oshkor qilmagan.

Mavzuga oid