O‘zbekiston | 16:07 / 23.05.2023
63634
5 daqiqa o‘qiladi

“Siz bilan Chingachkuk uslubida gaplashaman”. Qarshida IIB boshlig‘i va prokuror nimani kelisha olmayapti?

Tadbirkorning savdo do‘konini sud qarorisiz buzib tashlash haqida Qarshi shahar prokurori Alisher Mirzayevdan topshiriq olgan 4-sonli IIB boshlig‘i Asror Jo‘rayev vaziyatdan to‘la xabardor bo‘lgach, uni bajarishni rad etadi. Kun.uz qonunlarni himoya qilishi kerak bo‘lgan ikki amaldorning tortishuviga sabab bo‘lgan hodisani o‘rgandi.

Qarshi shahar prokuraturasi obektni buzib olish uchun kuch tashlagan paytda, do‘kondorning rafiqasi o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘lgan. Do‘kondor Bobur Xodiyevga ko‘ra, turmush o‘rtog‘ining ayni paytda ko‘rish qobiliyati zaiflashgan va u shifoxonada davolanmoqda.

Xodiyevning qo‘lida Qarshi shahar hokimining 2008 yil 11 avgustdagi qarori bo‘lib, u shu hujjat asosida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Biroq Kadastr agentligi Qarshi shahar bo‘limining qarori bilan Xodiyevga ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Do‘kon o‘zboshimchalik bilan qurilgani aytilgan. Shundan so‘ng ish sud tartibida ko‘rilgan va 2022 yil 30 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida Kadastr agentligi Qarshi shahar bo‘limining qarori bekor qilingan.

Tadbirkor 2023 yil 13 aprel kuni shahar prokurori Alisher Mirzayevning topshirig‘i bilan hududga yetib kelgan ichki ishlar xodimlariga ushbu hujjatlarni ko‘rsatadi. Shundan so‘ng ichki ishlar idoralari vakillari prokurorning noqonuniy talabini bajarishdan bosh tortadi. Bu orada Qarshi shahrida 4-sonli IIB boshlig‘i Asror Jo‘rayev va prokuror Mirzayev o‘rtasida telefon orqali ziddiyat yuzaga keladi.

“Siz prokurorsiz, men ham fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydigan odamman. Siz hamprezidentning odami, men ham prezidentning odami. Tushundingizmi, Alisherjon? Menga siz o‘dag‘aylamang. O‘dag‘aylasangiz, shaxsiy adovat qilsangiz, ana undan keyin Chingachkukdek, ochiqchasiga, bittama-bitta gaplashamiz”, – deydi Asror Jo‘rayev.

E’tiborni tortadigan yana bir holat bor. 13 aprel kuni do‘konni buzishga urinilganda, Xodiyevning turmush o‘rtog‘i o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘lgani haqida aytdik. Ushbu holat bo‘yicha prokuratura vakili shahar prokurori Mirzayevga telefon orqali qisqacha hisobot bergan. O‘sha suhbat asnosida prokuror Mirzayev sud qachon bo‘lishini so‘raydi. Xodim esa 18 aprel kuni sud bo‘lishini aytadi. Demak, prokuror negadir sud qarorisiz tadbirkor mulkini buzishga jahd qilmoqda. Yoki u sud natijalarini oldindan bilganmidi?

Prokuror Mirzayev va ichki ishlar xodimi Jo‘rayev o‘rtasidagi tortishuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Bosh prokuratura munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, do‘kon Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga kirish darvozasi yonida bo‘lib, tez tibbiy yordam mashinalarining shifoxona hududiga kirib-chiqishiga to‘sqinlik qilgan va fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Biroq biz qariyb ikki soat davomida ushbu hududda bo‘lib, prokuratura keltirgan vajga guvoh bo‘lmadik.

Xodiyev shu vaqtgacha Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi bilan qilingan ijara shartnomaga asosan faoliyat ko‘rsatib kelgan. Tadbirkorning aytishicha, prokuror Mirzayev g‘azabidan qo‘rqib, obodonlashtirish boshqarmasi shartnoma berishni to‘xtatib qo‘ygan.

Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Tohir Sultonovdan vaziyatga izoh oldik. U bizga Xodiyev bilan hech qanday shartnoma qilinmaganini aytdi.

Biroq Sultonov bizga yolg‘on ma’lumot berdi. Vaholanki, tadbirkor shu vaqtgacha shartnoma qilib kelingani va muntazam soliq to‘langanini tasdiqlovchi hujjatlar, kvitansiyalarni taqdim etdi.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi matbuot kotibi Sohibjon G‘aybullayev bosh prokuraturaning rasmiy munosabatidan ortiq ma’lumot taqdim qila olmasligini aytdi.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Javlon Baxtiyev ham holatni prokuratura o‘rganayotgani, Bosh prokuratura bergan rasmiy ma’lumot bilan cheklanishini bildirdi.

Aytish mumkinki, mamlakatimizda prokuror va ichki ishlar tizimi mansabdorlarining bir mavzu yuzasidan jiddiy ziddiyatga borishi, u mavzu ortida tadbirkor taqdiri, qonun va qonundan tashqaridagi holat turishi doim ham kuzatilavermaydi. Ichki ishlar mansabdori Jo‘rayev o‘z professional vazifasini to‘g‘ri anglab, prokurorga e’tiroz qilgan bo‘lsa, harqalay bu holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligining ham munosabati bo‘lishi lozim edi.

Qashqadaryodagi holat bo‘yicha o‘nlab ochiq savollar qolmoqda. Mavzu yuzasidan yuqori turuvchi idoralardan asosli va barcha fakt-dalillarni o‘rgangan holda xolis munosabat kutib qolamiz.

Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid