Inson bo‘lib yashashga undovchi asar - “Puankare” haqida
– Xudoyim, meni o‘ttiz yil orqaga qaytar, qaytar, Xudoyim...
Ushbu jumlalarni o‘qir ekansiz, har kimning xayoliga o‘zining qalb tubiga cho‘kib qolgan, har zamon jizillab qo‘yadigan og‘riqli armoni kelgani aniq. Hamma insonning o‘z xatosi, armonlari bor. “Vaqt ortga qaytib qolganda edi, falon qilgan bo‘lardim”, degich afsuslari bisyor. Yuqoridagi nido qiluvchi odam Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” asari bosh qahramonidir. Uning erishishga qattiq harakat qilgan, erisholmagach telba bo‘lgan bir orzusi bor edi...
Syujyet:
Asar qahramoni institutni bitirish chog‘larida birdan Puankare gipotezasi shaydosiga aylanadi va fikri-xayoli shu gipotezaning yechimini topish bo‘lib qoladi. Tun-u kun tuz totmay, uxlamay shu masalaga tutunadi. Harakatlari zoye ketmay, yechim yo‘lida ancha oldga siljiydi ham. Ammo oilaning to‘ng‘ich farzandidan tezroq uylanish talab etiladi. Hammasi uylangandan so‘ng boshlanadi...
Qahramonimiz orzu qilib yurgan pari qayergadir uchib, o‘rniga noshukr, qanoatsiz, erini tushunishdan yiroq bo‘lgan ayol kelib qoladi. Yigit endi jamoaviy yotoqxona, ikki dona tuxum, qaynatilgan kartoshkaga qanoat qilib, bemalol masalani yechish bilan shug‘ullanolmasdi. Unga uy olish, ro‘zg‘orni yaxshiroq tebratish, farzandlarining kelajagini ta’minlash, biror biznes boshlash singari talablar ko‘ndalang qo‘yildi.
Hayotning har xil makrlariga, aldashlariga chalg‘igan yigit oradan ancha yillar o‘tib ketganini bilmay qoldi. Bu orada bir qancha biznes boshlashga harakat qildi. Ishi yurishmadi (ilm fan odami edi-da). Endi uning yagona umidi biror shogird topib, birgalikda harakat qilish edi. Shogird topdiyam. U bilan birga harakat qilishga kelishildi, hatto agar uddasidan chiqolsalar, mukofot uchun qo‘yilgan katta miqdordagi puldan ham voz kechadi. Uning uchun endi faqat maqsadga yetish, dunyodan armonsiz o‘tish muhim edi. Shuning uchun ham u yana talabalik yillaridagidek ko‘tarinki kayfiyatda orzular qila boshladi.
Ammo bu ko‘tarinkilik uzoqqa bormadi. Shogirdi birdan uylanadigan bo‘lib qoldi. To‘y o‘tgach ishtiyoq bilan masala yechimiga kirishishga va’da ham berdi. Ammo ustoz bilardiki, uylangach... Ha, mayli. Qo‘lidan nima kelardi. Uylanma deyolmasa...
Kunlarning birida qahramonimiz internetda gipoteza yechimini topishganini ko‘rib qoladi. Uni Sankt-Peterburgda yashovchi, institutda katta ilmiy xodim bo‘lgan 41 yoshli Grigoriy Perelman isbotlabdi. Unga eng alam qiladigani o‘zi ham gipotezaning 99 foizini to‘g‘ri bajargani, yechimgacha atigi bir qadamgina qolgani edi. Agar ozgina, ozginagina vaqt va imkon bo‘lganida edi, orzusiga yetgan bo‘lardi. Ammo hayotning ikir-chikiri tugamadi, mayda-chuydalari oyog‘idan chalishdan charchamadi. Oqibatda, katta maqsadidan ayrildi.
Qahramonimiz telbaga aylandi. Jinnixonaga tushdi. U nido qilardi:
– Xudoyim, meni o‘ttiz yil orqaga qaytar, qaytar, Xudoyim...
Tahlil:
Bu dunyoda har kimning o‘z Puankaresi bor. Inson maqsadsiz yasholmaydi. Hammaning maqsadi mavjud. Ammo shu maqsadlar turlicha bo‘ladi. Kimdadir katta, kimdadir kichik, kimdadir esa oliy. Hayotda mayda-chuyda yumushlar, chalg‘ituvchi omillar ko‘p. Siz o‘z yo‘lingizda maqsadingiz sari dadil yurib borarkansiz, ana shu mayda-chuydaliklar, maishiy muammolar, tiriklik tashvishlari yo‘lingizga to‘siq bo‘lib, chalg‘itishga urinadi.
Agar chalg‘ib, birorta to‘siqni bartaraf qilishga ovora bo‘lib qolsak, albatta, ikkinchisi ham tayyor turgan bo‘ladi. Oqibatda umr o‘tib ketganini bilmay qolamiz. Keyin esa biz zabt etmoqchi bo‘lgan cho‘qqida o‘zgani ko‘rgach, dardi dunyomiz qorong‘ilashadi.
Asarda Puankare faqat maqsad emas, vijdon ramzida ham kelgan. Vijdonimizning ko‘plab shartlari mavjud. Shu shartlardan o‘tolsak, birma-bir tugunlarni yechib, masalani isbot qilolsak, hayotimiz so‘ngida odamiylik cho‘qqisini zabt etganimizni his qilamiz. Aksincha bo‘lsa, vijdonimizni boy berib qo‘ygan hisoblanamiz.
Erkak kishi uchun yaxshi ayol dunyoning yarim matosi. Yarmi esa iymonidir. Shunday ekan juft tanlashda ham har bir shaxs hushyor bo‘lishi, yaxshilab fikr qilishi lozimligi asarda yaqqol ko‘rinadi. Dunyoqarashi, qiziqishlari bir-biriga to‘g‘ri kelgan, o‘zaro yaxshi kelisha oladigan, bir-birini qo‘llaydigan juftliklarning hayoti muvaffaqiyatlarga boy bo‘ladi.
Qahramonimiz kabi ilm yo‘lidagi shaxslarga ilmni tushunadigan, fanni quvvatlovchi qanoatli ayol munosib. Ayoli uchun esa biznesmen, toparmon-tutarmon umr yo‘ldosh uchraganda edi hayotdan rozi yashardi, balki. Ammo unday bo‘lmadi. Ikkisi bir oilada yashardi-yu, go‘yo ikki qutbda edilar. Shuning uchun ham adib hikoya orqali bir-birini yaqin bilmay, o‘zgalar aralashuvi bilan hayot ipini bog‘lash tushunchasini qattiq qoralaydi.
Dunyoga bir bor kelamiz, umr esa o‘tkinchi. Shu o‘tkinchi hayotda barhayot bo‘lish uchun, hechqursa, ketishda ko‘ngil tinchishi uchun odam “nimanidir” uddalagan bo‘lishi kerak. Oliy maqsadingizni o‘ylang. Harakat qiling va o‘zingizni toping, o‘zligingizni isbotlang!
Gulasal Qodirova, kitobxon
Mavzuga oid
14:39 / 06.12.2024
Angela Merkelning kitobi startdayoq bessellerga aylandi
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
11:53 / 06.10.2024
O‘quv markazi, kitob do‘koni va SMM: Ikki yilda uchta biznes ochgan yosh tadbirkor hikoyasi
14:40 / 31.08.2024