Sport | 20:33 / 26.05.2023
32505
4 daqiqa o‘qiladi

Faqat g‘alaba kutilayotgan o‘yin. O‘zbekistonning guruhdan chiqish imkoniyati qanday?

Foto: O‘FA

27 may, jumadan shanbaga o‘tar kechasi soat 02:00da o‘zbekistonlik futbol muxlislarining nigohi yana Argentinaga qaratiladi. O‘zbekiston va Gvatemala yoshlar jamoalari o‘rtasidagi 3-tur uchrashuvida Ravshan Haydarov shogirdlarining JCh-2023dagi keyingi taqdiriga oydinlik kiritiladi. Dastlabki ikki turda g‘alabaga erisha olmagan hamyurtlarimizni Shimoliy Amerika qit’asi vakiliga qarshi to‘qnashuvda g‘alabadan boshqa natija qanoatlantirmaydi. Yo g‘alaba, yo uyga.

 O‘yin oldidan 

Ravshan Haydarov shogirdlari kichik mundialning 1-turida mezbon Argentinaga alamli tarzda mag‘lubiyatga (1:2) uchragan bo‘lsa, 2-turda Yangi Zelandiyaga qarshi bahsda so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib (2:2), guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. Gvatemala esa ikki o‘yinda ham Yangi Zelandiya (0:1) va Argentinaga (0:3) mag‘lubiyatga uchradi. Natijada, O‘zbekiston 2-turdan keyin 1 ochko bilan 3-o‘rinda, gvatemalaliklar esa turnirda hali gol ham kiritmagan 3-jamoa bo‘lib, guruhda so‘nggi o‘rinni band etib turibdi. 

26 may kuni JCh-2023ning 2-turi yakuniga yetdi va hozircha O‘zbekiston yoshlar jamoasi 3-o‘rinni egallab turgan jamoalar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 4-jamoa bo‘lib, yo‘llanmaga «ilinib» turibdi. 

Guruhdan chiqish imkoniyati qanday? 

Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, Gvatemala bilan bahsda ham ochko yo‘qotilsa, guruhdan chiqishning deyarli iloji bo‘lmaydi. Shu bois faqat g‘alaba, imkonqadar yirikroq hisobidagi yutuq Ravshan Haydarov shogirdlariga pley-off yo‘llanmasini keltiradi. 

O‘zbekiston yoshlar jamoasi 3-turda Gvatemalani kamida 2ta to‘p farqi bilan mag‘lub etsa va parallel o‘yinda Argentina Yangi Zelandiyadan ustun kelsa, vakillarimiz nimchorakfinalga 2-o‘rinni egallab yo‘llanma oladi. Okeaniyaliklar mezbon jamoaga mag‘lub bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston 1/8 finalga 3-o‘rin bilan ham yo‘llanma olishi mumkin bo‘ladi. 3-o‘rinlar orasida eng yaxshi natijaga ega 4 jamoani aniqlashda esa quyidagi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi:

1) to‘plangan ochkolar;

2) to‘plar nisbati;

3) kiritilgan gollar soni;

4) «Halol o‘yin» ochkolari (sariq va qizil kartochkalar) 

Tarkiblar bahosi 

Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar jamoasi umumiy tarkibi bahosiga ko‘ra, Gvatemala U20 jamoasidan yuqoriroq o‘rinda. JCh-2023ning 24 jamoasi orasida Gvatemala umumiy 1,79 million yevro narx bilan 22-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston 2,15 million yevro narx bilan 20-o‘rindan joy olgan. 

Eng qimmatbaho o‘yinchilari borasida esa O‘zbekiston tarkibidagi futbolchilar narxi balandroq. 

O‘zbekiston U20 jamoasining eng qimmatbaho 3 futbolchisi: 

1. Umarali Rahmonaliyev – 350 ming yevro 

2. Abbosbek Fayzullayev – 300 ming yevro 

3. Abduqodir Husanov – 300 ming yevro

Gvatemala U20 jamoasining eng qimmatbaho 3 futbolchisi: 

1. Arkumidez Ordonez – 400 ming yevro 

2. Andreson Villagran – 175 ming yevro 

3. Jorjye Moreno – 175 ming yevro.  

Anons. JCh-2023 U20. 3-tur
27 may (shanba)
O‘zbekiston U20 – Gvatemala U20
Santyago del Estero, «Estadio Único Madre de Ciudades» stadioni.
O‘yin boshlanish vaqti: 02:00
TV-translatsiya: UzReport TV. 

Mavzuga oid