Jahon | 09:55 / 27.05.2023
25236
15 daqiqa o‘qiladi

AQSh va SSSR o‘rtasidagi kosmik poyga: milliardlab dollar sarflangan «Buran» loyihasi nega barbod bo‘lgandi?

1988 yil 15 noyabr kuni Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan ilk bor ko‘p marta foydalanishga mo‘ljallangan «Buran» kosmik kemasi uchiriladi. U Yer kurrasini ikki marta aylanib chiqqandan so‘ng ortga qaytadi. Yerga tushish paytida kosmik kemada nosozliklar kuzatiladi. Sovet konstruktorlari nosozliklarni barataf eta olishmaydi. Shu tariqa milliardlab dollar sarflangan loyiha barbod bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

1950-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab SSSR va AQSh tomonidan fazoni zabt etish uchun poyga boshlanadi. Har ikki davlat tomonidan avvaliga turli hajmdagi sun’iy yo‘ldoshlar koinotga chiqariladi. Keyin esa kosmik kemalar yasalib, ularda tirik jon uchiriladi.

SSSRda ilk parvoz itlar bilan o‘tkazilganda, AQSh konstruktorlari maymunni uchirishadi. 1961 yilda Gagarin fazoga parvoz qilgach, amerikaliklar ham odam uchirishga muvaffaq bo‘lishadi.

Undan keyin ham kapitalistik hamda sotsialistik qutbning yetakchilari bo‘lgan SSSR va AQSh fazoni o‘zlashtirishda keskin raqobat olib borishadi.

O‘sha paytda har bir kosmik kemaning yasalishi, parvozga tayyorlash, uchirish kabi ishlar milliardlab dollar mablag‘ni talab qilardi. Shu sababli 1970-yillar boshida AQShliklar ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema yasash ustida ish boshlaydi.

Bu haqda xabar topgan SSSR hukumati ham amerikaliklardan ortda qolmaslik uchun sovet konstruktorlariga shunday kema tayyorlash topshirig‘ini qo‘yadi. Biroq bu oson emasdi.

Yangi tipdagi kosmik kemani tayyorlashda amerikaliklar chaqqonroq chiqishadi. Ular 1980-yillar boshida ilk bor ko‘p marta foydalaniladigan kosmik kemani yasab uni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazishadi.

Keyinchalik bunday turdagi kosmik kemalarning yana bir nechtasini yasab chiqishadi. Natijada AQSh SSSRga qaraganda har bir parvoz uchun kamroq mablag‘ sarflay boshladi.

Sovetlar esa ko‘p marta foydalaniladigan kosmik kemani tayyorlashni cho‘zib yuborishadi. Faqat 1980 yillar oxiriga borib yagona nusxada tayyorlashadi. Biroq uning sinov parvozi kutilganday bo‘lmaydi. Shundan so‘ng ushbu kosmik kema boshqa parvoz qilmaydi. Ko‘p o‘tmay loyiha butunlay to‘xtatiladi.

Amerikalik astronavt Jon Glenn va Yuriy Gagarin

«Buran»ning yasalishi

1973 yilda SSSR ministrlar soveti prezidiumi ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema tayyorlash bo‘yicha qaror qabul qiladi. O‘sha paytda amerikaliklar bunday kemalarni tayyorlash bo‘yicha ishlarni allaqachon boshlab yuborgandi.

Yangi turdagi kosmik kemani tayyorlash ishlari mudofaa vazirligi tarkibidagi Fazoviy mudofaa bosh boshqarmasiga topshiriladi.

Biroq bunday kosmik kemani yasab chiqish oson ish emasdi. Shu sababli loyihalarni tayyorlashning o‘ziga bir necha yil ketadi. Nihoyat 1976 yilda SSSR mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov kema loyihasini tasdiqlaydi.

Shundan so‘ng mudofaa vazirligi qoshida «Molniya» ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etiladi. Yangi turdagi kosmik kema shu birlashmada tayyorlanishi belgilanadi.

O‘sha paytda SSSRda tayyorlanayotgan kosmik kemalar Moskva viloyatida joylashgan Tushinsk mashinasozlik zavodida tayyorlanardi. Shu sababli yangi kosmik kemaning asosiy ehtiyot qismlari, korpusi shu zavodda yasay boshlashadi.

1980-1984-yillar davomida ilk kosmik kema tayyor bo‘ladi. Uni sinovdan o‘tkazish uchun «VM-T Atlant» yuk samolyotida Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga olib kelinadi. Kemaga «Buran» deb nom beriladi.

Shundan keyin ham ilk sinov parvozigacha to‘rt yil vaqt o‘tib ketadi. O‘sha paytlarda amerikaliklar bilan kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha poyga o‘ynayotgan sovetlar uchun raketaning muvaffaqiyatli parvozi muhim edi. Shu sababli ular kosmik kemani mukammal ko‘rinishga keltirishga urinishadi.

Kosmonavtlarning sirli o‘limlari

«Buran» kosmik kemasini yasash haqida qaror qilingandan so‘ng 1977 yilda unda uchishi lozim bo‘lgan kosmonavtlarni tanlab olish kosmonavt-uchuvchi Igor Volkka topshiriladi.

U eng tajribali kosmonavtlardan yetti nafarini tanlab oladi. Bular V.Bukreyev, A.Shukin, R.Stankyavichyus, A.Levchenko, O.Kononenko, A.Lisenko, N.Sadovnikov edi.

1977 yil Bukreyev Mig-25 samolyotining sinov parvozini amalga oshirayotganda halokatga uchraydi va halok bo‘ladi.

O‘sha yil iyun oyida Lisenko Mig-23 samolyotining sinov parvozida halokatga uchrab halok bo‘ladi.

Oradan uch yil o‘tib, 1980 yil sentabrda Kononenko Yak-36 samolyotining sinov parvozida halokatga uchrab halok bo‘ladi.

Shundan so‘ng Volk ixtiyorida to‘rt nafar kosmonavt qoladi. U sinov parvoziga o‘zi bilan birga uchish uchun R.Stankyavichyusni tanlab oladi. Shukin va A.Levchenkoni zaxira juftligi sifatida qoldiriladi.

«Buran»ning yagona parvozida uchgan Igor Volk
www.kp.by

Sinov parvozi

O‘sha paytda «Buran»ning parvozi uchun Boyqo‘ng‘irda alohida uchish maydonchasi quriladi. Sinov parvozi ana shu maydonchada o‘tkazilishi belgilanadi.

«Buran»ga to‘rtta turboreaktiv dvigatel o‘rnatilgan bo‘lib, u oddiy aerodromlardan ham parvoz qilishi mumkin edi. Shu sababli, Simferopolda va Uzoq Sharqda ikkita zaxira aerodromlari ham tayyorlab qo‘yiladi.

Bundan tashqari, kosmik kema qaytib tushishda mo‘ljaldan adashishi mumkinligi inobatga olinib, xorijiy davlatlardagi o‘n to‘rtta aerodrom zaxira sifatida tanlab qo‘yiladi. Ular orasida Kuba, Liviya va yana bir nechta xorijiy davlatlar aerodromlari bor edi.

1984-1988-yillar oralig‘ida «Buran»ni olib yurish uchun Kiyevdagi Antonov aviatsiya zavodida dunyodagi eng yirik transport samolyoti An-225 «Mriya» tayyorlanadi.

An-225 «Mriya» va «Buran»
sfw.org.ua

«Buran»ning parvozi 1988 yil 15 noyabr kuniga belgilanadi. Parvoz muvaffaqiyatli kechadi va uni «Energiya» raketa tashuvchisi fazoga olib chiqadi. Parvoz 205 daqiqa davom etadi. Bu vaqt mobaynida «Buran» Yer kurrasini ikki marta aylanib chiqadi.

«Buran» yasalayotgan paytda sovetlar u avtomatik tarzda uchishi va qo‘nishi haqida maqtanib jar solishadi. Biroq kosmik kema qaytib tushayotganida muammo kuzatiladi.

«Buran» va «Energiya» raketa tashuvchisi bilan parvoz ararfasida
www.buran.fr

«Buran» 11 ming metrgacha pastlab kelganda birdaniga yo‘nalishini 180 darajaga o‘zgartirib yuboradi. Shu paytda bir muddat u bilan aloqa uziladi. Biroz o‘tib avtomatik boshqaruvdan qo‘l boshqaruviga o‘tiladi va kosmik kema yerdan turib boshqariladi. Shu tariqa «Buran»ning belgilangan joyga qo‘nishi ta’minlanadi.

«Buran»ning Yerga qaytib tushishida nosozlik kuzatilgan bo‘lsa-da, sovetlar buni ommadan yashirishadi. Ular OAV orqali SSSRda ko‘p marta foydalaniladigan kosmik kemaning sinov parvozi muvaffaqiyat bilan o‘tganini aytib chiqishadi.

Shuningdek, «Buran»ni dunyodagi eng yirik transport samolyoti bo‘lgan An-225 «Mriya»ning ustiga joylashtirib, dunyoning yarmini aylantirib kelishadi.

Loyihaning barbod bo‘lishi

Sinov parvozidan so‘ng sovet konstruktorlari harchand urinib «Buran»dagi nosozlikni bartaraf eta olishmaydi. O‘shanda sovetlar kosmik kemani ikkinchi marta uchirishga jur’at qila olishmaydi. Bunga sabab «Buran»dagi nosozlik bartaraf etilmagan, sovetlar ikkinchi parvozda undan ayrilib butun dunyoga sharmanda bo‘lishni xohlamas edi.

1990 yilga kelib sovetlar «Buran»ni tuzata olmasliklarini tushunib yetishadi va uni takomillashtirish ustida olib borilayotgan ishlar to‘xtatiladi.

«Buran» Boyqo‘ng‘ir kosmodromida

1993 yilda esa Rossiya konstruktorlari kengashi qarori bilan «Buran» bilan bog‘liq barcha loyihalar yopiladi. Kosmik kema saqlash uchun Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga joylanadi.

2002 yilda Boyqo‘ng‘irda turgan «Buran»ning yagona nusxasi shikastlanadi va yaroqsiz holga keladi. Bunga kosmodromdagi sinov parvozlari maydonchasidagi ulkan bino tomini ta’mirlashayotganda kosmik kemaning ustiga og‘ir temir korpus qulashi sabab bo‘ladi.

Shu tariqa sovetlar davrida bir necha milliard dollar sarflanib tayyorlangan «Buran» tarixga aylanadi.

«Buran» loyihasiga amerikaliklar ham qiziqqanmi?

«Buran» loyihasi e’lon qilingan paytlarda amerikaliklar ham ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema ustida ishlayotgan edi. Ular sovetlardan farqli ravishda bunday kemani 1980-yillar boshida yasab chiqqandi.

Jumladan, 1981 yilda ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan «Kolumbiya shatlining muvaffaqiyatli parvozini o‘tkazishadi. Keyingi parvozlarda esa undan muntazam foydalana boshlashadi.

Agar «Buran»ning tashqi ko‘rinishiga qaralsa amerikaliklarning «Kolumbiya» shatliga juda o‘xshash ekanini ko‘rish mumkin. O‘sha paytda sovetlar Buranning tashqi ko‘rinishini «Kolumbiya»dan o‘g‘irlagan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

«Kolumbiya» kosmik kemasi
www.alamy.com

Bir paytlar Fransiya va Britaniya hamkorlikda tovushdan tez uchuvchi «Konkord» samolyotlarini tayyorlaganda sovetlar uning loyihasini o‘g‘irlagandi.

Ko‘p o‘tmay tashqi tomondan «Konkord»ga juda o‘xshash bo‘lgan tovushdan tez uchuvchi Tu-144 samolyoti ishlab chiqarilgandi. Biroq sovetlar tuzukroq dvigatel yasay olmagani uchun Tu-144 loyihasi ham qisqa vaqtda barbod bo‘lgan, milliardlab dollar sarflangan 20 tacha samolyot parvoz qilishga ulgurmasdan yaroqsizga chiqqandi.

Keyinchalik amerikaliklar «Chellenjyer» va «Indevor» nomlari ostida ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kemalarni ham yasab chiqishadi va shu tariqa fazoni o‘zlashtirish uchun qilinayotgan xarajatlarni ancha kamaytirishga erishishadi.

NASAga uzoq yillar xizmat qilgan «Kolumbiya» 2003 yil 1 fevral kuni o‘zining yigirma sakkizinchi (!) parvozidan so‘ng halokatga uchraydi. Kosmik kema qaytib tushayotganda to‘satdan aloqa uziladi va «Kolumbiya» yonib ketadi. Kema bortida bo‘lgan 7 nafar astronavt halok bo‘ladi.

Shundan so‘ng G‘arb OAVda amerikaliklar «Buran»ni tiklash va loyihani mukammallashtirish bo‘yicha rossiyalik hamkasblariga murojaat bilan chiqqani haqida yoza boshlashadi. Rossiya tomoni bu xabarni tasdiqlamagan, biroq rad ham etmagan.

Roskosmosdagi korrupsion ishlar

2010 yillarda Roskosmos buyurtmalarini bajaruvchi markaziy mashinasozlik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Gennadiy Raykunov Rossiya 2015 yilda ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema sinovini o‘tkazishini va 2018 yilda undan muntazam foydalana boshlashini aytib chiqadi.

Biroq bu narsa amalga oshmaydi. Roskosmos ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kemani tayyorlay olmadi va hanuzgacha oddiy kosmik kemadan foydalanishda davom etmoqda. Shu sababli ham Roskosmos sobiq rahbarlari, shu jumladan Andrey Ragozin ko‘p marta tanqid ostida qolgan.

Putin va Ragozin

Tanqidchilar Roskosmos ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kemani hech qachon yasamasligini, aniqrog‘i hozircha yasay olmasligini aytishadi. Ular bunga ikkita sabab keltirishadi.

Birinchi sababga ko‘ra Rossiyada ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema yasay uchun poydevor bo‘ladigan asosning yo‘q. Ya’ni sovet davrida ham asos bo‘lmagani uchun «Buran» loyihasi barbod bo‘lgan.

Ikkinchi sabab, Rossiyada fazoga parvoz qilish sohasida misli ko‘rilmagan korrupsiya bor. Roskosmos mutasaddilari kosmik tadqiqotlar va parvozlar uchun ajratiladigan mablag‘larning katta qismini o‘zlashtirib yuborishadi.

Agar ko‘p marta foydalanadigan kosmik kema yasab chiqilsa keyin davlat tomonidan ajratiladigan pullar miqdori kamayadi. Natijada o‘zlashtiriladigan pullar salmog‘i ham kamayadi. Shu uchun Roskosmos rahbarlari va mutasaddilari ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema yasab chiqilishidan manfaatdor emas deyishadi ular.

Ularning bu gapida jon bor. Rossiya huquqni himoya qiluvchi organlari tomonidan so‘nggi yillarda Roskosmosda juda katta mablag‘lar o‘zlashtirilishi masalasida ko‘p marta ish ochilgan. Turli odamlar javobgarlikka tortilgan. Biroq shunda ham vaziyat o‘zgarmayapti.

Roskosmosdagi korrupsion ishlar haqida Rossiyadagi saytlar ham tez-tez xabar berib turishadi.

Jumladan, 2020 yilda Rossiya moliya vaziri Kudrin Roskosmosda 2019 hisobot yilida 30 mlrd rubl (o‘sha paytda bu summa 500 mln dollar atrofida bo‘lardi) o‘zlashtirilib yuborilganini aytib chiqqandi.

O‘shanda Kudrin Roskosmosning moliyaviy va buxgalteriya hisobotlarida qonunbuzilishi holatlari bo‘lganini ta’kidlagan, biroq Roskosmos rahbariyati buni rad etib chiqqandi.

2022 yilda Roskosmosning qurilish depatamentini 2017-2018-yillarda boshqargan maksim Mamsurov juda katta mablag‘larni o‘zlashtirishda ayblanib qo‘lga olinadi va unga jinoyat ishi ochiladi.

O‘sha yili Roskosmos rahbari Igor Komarov ham ishdan olinadi va Putin tomonidan Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Dmitriy Rogozin tashkilotning yangi rahbari etib tayinlanadi.

Ragozin Roskosmosda 4 yil ishladi. Uning davrida ham tashkilotda korrupsiya urchib ketgani va davlatning juda katta mablag‘lari o‘zlashtirilayotgani haqidagi gap-so‘zlar tinmadi. Oxir-oqibat 2022 yil 15 Dmitriy Rogozin ishdan olinadi. Uning o‘rniga Yuriy Borisov tashkilot bosh direktori etib tayinlanadi.

Putin va Yuriy Borisov

Rogozin ishdan olingandan so‘ng u Roskosmosda o‘zidan avval ishlab kelgan shaxslarni korrupsiyada ayblab chiqadi.

Umuman olganda, bir necha yildan buyon Roskosmos va uning tarkibida bo‘lgan ko‘plab turli tashkilotlarning rahbarlari va boshqa xodimlari korrupsiyada va davlatga xiyonatda ayblangan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid