Ibrohim Abdurahmonovdan keyin: Ilmiy loyihalar qo‘l uchida ko‘rilyaptimi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ilmiy loyiha topshirgan olimlar Hay’at qarorlaridan norozi bo‘lmoqda. Biolog olim Erkin Kurganov loyihalar taqdirini sohani yaxshi tushunmaydigan mutaxassislar hal qilayotgani va loyihalarni ko‘rib chiqishda aniq tizim yo‘qligidan norozi ekanini bildirdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ilm-fan va innovatsiyalar kengashi turli ilmiy loyihalarni ko‘rib chiqib, ularga pul ajratish yoki rad qilish uchun qaror qabul qiladi. 2021 yil oktyabr oyida biolog olim Erkin Kurganov hamrahbarligida topshirilgan loyiha oradan 1,5 yil o‘tib rad qilingan. Olim Kun.uz’ga murojaat qilib, vazirlik kengashi loyihalarni ko‘rib chiqishda sustkashlik qilayotganidan norozi ekanini bildirdi.
Rad qilingan loyiha
Erkin Kurganov hamrahbarligidagi loyiha “Qandli diabetda va toksik gepatitda hujayra bioenergetikasi hamda hajm boshqarilishi buzilishlarining biofizik mexanizmlari hamda ularning farmakologik korreksiyasi” deb nomlanadi.
Olimning tushuntirishicha, loyiha qandli diabetga qarshi, zamonaviy va nojo‘ya ta’siri kam yoki yo‘q bo‘lgan dori vositalarini topish uchun asos bo‘lishi mumkin.
“Buning uchun kasallikning patogenez mexanizmlarini aniqlash, moddalarni organizmdagi hujayra hajm boshqarilishi va mitoxondriyadagi o‘zgarishlarga ta’sirini eng avvalo molekulyar darajada o‘rganish kerak bo‘ladi. Bu ishlarni fundamental tadqiqotlar doirasida amalga oshirish lozim”, — deydi biolog.
Hujayra hajm boshqarilishini akademik Ravshan Sobirov yo‘lga qo‘ygan. Ta’kidlanishicha, loyiha ham hujayra hajm boshqarilishining kasalliklarda roli bormi, agar bo‘lsa, keyinchalik shu orqali bu kasalliklarni davolasa bo‘ladimi, degan maqsadda topshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qandli diabet bilan dunyoda 573 million, O‘zbekistonda esa 250 mingga yaqin odamlar kasallangan. Jigar kasalliklari (gepatit ham shunga kiradi) bilan esa dunyoda yiliga 355 million odam xastalanadi.
Loyiha nega rad etildi?
Olimlarning bu loyihasi 2021 yil 15 oktyabrda Innovatsion rivojlanish vazirligiga (hozir bu vazirlik Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tarkibida agentlik sifatida faoliyat yurityapti) topshirilgan. Ilmiy texnik kengashda 2022 yil 2 aprelda, Hay’atda esa 2023 yilning 10 mayida ko‘rib chiqilgan. Erkin Kurganov jarayonning aynan shu joyidan noroziligi, ya’ni loyihalarni ko‘rib chiqish uchun aniq dedlayn yo‘qligi, bo‘lsa ham unga rioya qilishmayotgani olimlar ishini orqaga tortayotganini aytdi.
“Loyihani uzoq vaqt ko‘rib chiqishganiga ham chidadik, lekin eng yomoni, Hay’atgacha kelgan loyihani Hay’atning o‘zida himoya qilishga yo‘l berishmadi. Oldin Hay’at raisi Ibrohim Abdurahmonovning o‘zi edi va u loyihalarning juda yaxshi farqiga borar va ichiga kirardi. Past ball olgan loyihalarni ham yaxshi bo‘lsa, Hay’atda himoya qilishga ruxsat berib, isbotlay olsa moliyalashtirishga imkon berardi”, – deydi u.
Loyiha hamrahbarining aytishicha, Hay’at raisi Shahlo Turdiqulova loyiha nomini o‘qib, loyiha haqida savol bermay, uni rad etgan. Bunga loyiha rahbarining ish joyi o‘zgargani va loyiha amaliy bo‘lgan degan vajlar ko‘rsatilgan.
“2022 yil dekabrgacha Yaponiyadagi Kioto texnologiya institutida assistant professor bo‘lib ishlaganman. Hozir Amerikada MIT va Harvard universiteti qoshidagi Broad degan ilmiy-tekshirish institutida ilmiy tadqiqotchi bo‘lib ishlayapman. Ish joyim o‘zgarganini bahona qilib loyihani rad etishdi. Ular buni fundamental emas, amaliy loyiha degan vaj bilan ham qaytarishyapti. Lekin biologiyada biror kasallik bo‘lsa, uning mexanizmini o‘rganish fundamental loyiha hisoblanadi. Agar biror modda bo‘lsa-yu uni tekshirib ko‘rishga to‘g‘ri kelsa, bu amaliy loyiha bo‘ladi”, – deydi Kurganov.
Shu yerda loyiha budjeti muammo bo‘lmadimi, degan savol tug‘iladi. Kurganovning aytishicha, agar budjet muammo bo‘lganda moliyaviy ekspertiza loyihani o‘tkazmasligi kerak edi.
Taqdiri noma’lum yana bir loyiha
Yuqoridagi loyihadan tashqari mikrobiolog olim Baxtiyor Rasulovning loyihasi taqdiri ham noma’lumligicha qolmoqda. U 2021 yil oktyabrda vazirlikka “Kumush kremniy nanozarralarini rizobakteriya ekzopolisa xaridlarida barqarorlashtirish mexanizmlari tadqiqi va qishloq xo‘jaligi ekinlarining stressga qarshi chidamliligini oshirishda qo‘llash” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini yuborgan.
“Loyiha avval institut ilmiy kengashida ko‘rib chiqilgan, lekin uni Hay’atda kengash yig‘ilishida ko‘rib chiqish paysalga solinyapti”, – deydi Rasulov.
Ilmiy loyihalar qanday ko‘rilishi kerak?
Kurganov Yaponiyaning bir nechta institutlari va AQShda tadqiqot qilayotgan olim sifatida AQShda ilmiy loyihalar qanday ko‘rib chiqilishi haqida ma’lumot berdi. Ilmiy loyihalarni AQShdagi tibbiyotga oid loyihalar uchun grant ajratadigan institut faoliyati orqali shunday tushuntiradi.
“Amerikadagi sog‘liqni saqlash sohasiga oid loyihalar bitta institutga topshiriladi. Institutning ilmiy tadqiqot markazi loyihalarni oladi va yo‘nalishiga moslab har xil institutlarga taqrizga yuboradi va shu bilan birga o‘zining ham taqriz guruhi bor. Ya’ni loyiha 2 joyda ko‘rib chiqiladi. Keyin guruhlar loyihalar ahamiyatini baholaydi. Shundan keyin loyihalar aynan o‘sha sohaga ixtisoslashgan mutaxassislardan tuzilgan maslahat kengashiga topshiriladi. Baholash va kengash orasidagi vaqt 2-3 oy deb belgilangan. Maslahat kengashi buni obdan ko‘rib chiqadi va uni moliyalashtirish uchun o‘zidan yuqori o‘sha institut direktoriga tavsiya qiladi. Maslahat kengashi mutaxassislari loyihani institut direktori oldida himoya qiladi. Nega aynan shu loyihani moliyalashtirish kerakligini asoslab berishi kerak? Deylik loyiha mayda topshirilgan bo‘lsa, o‘sha yilning oxiriga borib, loyiha egalari moliyalashtirish mablag‘larini olishadi”, – deydi u.
Erkin Kurganov bu jarayonni O‘zbekiston bilan taqqoslaydi. Uning aytishicha, tadqiqotchi g‘oyasini vazirlikka topshiradi yoki vazirlikning o‘zi mavzular ro‘yxatini e’lon qiladi. Vazirlik loyihani olgandan keyin 2 yoki 3 nafar taqrizchiga yuboradi. Taqrizchini vazirlikning o‘zi topadi. Keyin ularning taqrizi ilmiy texnik kengashga yuboriladi. Ular esa loyiha rahbarini institutga chaqiradi va doklad qildiradi. O‘sha yerdagi ekspertlar loyihani ko‘rib chiqadi va ma’qul deb topsa, Hay’atga yuboradi. Hay’at turli soha vakillaridan iborat 11 kishilik ekspertlar guruhidan o‘tadi.
“Eng yomon tomoni shu ilmiy texnik kengashning raisi tadqiqotchi loyihasini Hay’atda himoya qilishi kerak. Ya’ni rais zoolog bo‘lsa, u mikrobiologiya bo‘yicha tadqiqotni himoya qilib berishi qiyin. Chunki bu uning sohasi emas, unga qo‘shimcha ish bo‘ladi. Amerikada o‘sha sohaning kuchli olimlari himoya qilsa, bizda buni kengash raisiga yuklab qo‘yishgan. Shu qismida bizda birinchi buzilish bor. Ikkinchi xatolik esa loyiha texnik kengashda qancha, Hay’atda qancha vaqtda ko‘rilishi muddati noma’lumligicha qolmoqda”, – deydi biolog olim.
Tahririyat olimlar murojaati yuzasidan vazirlikka so‘rov yuborgan. Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Mavzuga oid
16:34 / 20.12.2024
Talabalar uchun qo‘shimcha avtobus hamda poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi
16:52 / 07.11.2024
O‘zbekistonning 23 ta oliygohi Osiyo universitetlari reytingiga kirdi
18:33 / 28.10.2024
1-kurs talabalariga kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
20:03 / 06.09.2024