Jahon | 09:57 / 30.05.2023
6320
4 daqiqa o‘qiladi

SSV: Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimiga bag‘ishlangan videomuloqot bo‘lib o‘tdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligida tanqidiy va tahliliy ruhda kechgan mazkur tadbirda onalar va bolalar salomatligini asrash borasidagi muhim masalalar atroflicha muhokama etildi.

SSV matbuot xizmati ma’lumot berishicha, bugungi kunda ushbu sohada mamlakatda Respublika perinatal markazi, Respublika skrining va reproduktiv salomatlik markazlari hamda ularning hududlardagi filiallari, Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, shahar va tumanlarda 400 dan ziyod tug‘uruq va bolalar muassasalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 

Vazir o‘z ma’ruzasida so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda aynan tug‘uruq komplekslari faoliyati bo‘yicha ko‘plab salbiy fikrlar tarqalayotganiga urg‘u berib, internet tarmog‘i faollarining tizimdagi og‘ir nuqtalarni ko‘rsatib berayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi.

«Davlatimiz tomonidan dori-darmon va sarflov materiallari uchun yetarli miqdorda mablag‘ ajratilayotgan bir paytda nega homiladorlarga yoki uning qarindoshlari qo‘liga dori-darmon ro‘yxati yozib berilmoqda, deb o‘zimizga savol berishimiz kerak. Tug‘uruq kompleksi rahbarining o‘zi korrupsiyaning tepasida bo‘lsa, hammani bir ko‘zda ko‘rmasa, tanish-bilishchilik qilsa, unda nima bo‘ladi, muassasada nosog‘lom muhit shakllanib, jamoa parokandalikka uchraydi. Aksariyat muassasalar faoliyati yuzasidan kelib chiqqan shikoyatlarning negizida shu omillarni ko‘ryapmiz», dedi vazir o‘z nutqida.

Shuningdek, muloqotda tug‘uruqlarning aksariyati «kesarcha kesish» orqali amalga oshirilayotgani, bu operatsiyalarni ayrim muassasalarda faqat bir mutaxassis o‘tkazib, boshqa yosh va mahoratli shifokorlarga imkoniyat berilmasligi, bunga esa muassasa rahbarining aralashuvi sabab bo‘layotgani keskin tanqid qilindi.

Onlayn yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati misolida aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, barkamol avlodni voyaga yetkazish, tug‘ish yoshidagi ayollarni sog‘lomlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish xulosasi muhokama qilinib, muammolar va ularning yechimlari haqida so‘z yuritildi.

Videomuloqotda ko‘tarilgan yana bir muhim yo‘nalish — tibbiyotning barcha sohalari xodimlari uchun zarur bo‘lgan etika-deontologiya masalalari bo‘ldi. Bemor murojaat qilib kelganda «seni noto‘g‘ri davolabdi, xato operatsiya qilibdi, endi men to‘g‘rilayman» degan nosog‘lom qarash bilan kurashish zarurati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, bemorlar va ularning qarindoshlari bilan muloqot qilishda xalqaro tajribada keng qo‘llanadigan «front-ofis» tushunchasi haqida so‘z yuritildi. 

Ya’ni, bunda muassasaning registratura va qabul bo‘limlari xodimlari uchun kommunikativ standartlar, bemor holatining yomonlashuvi yoki yaqinlarining noroziligiga sabab bo‘luvchi harakatlardan tiyilishda amal qilish lozim bo‘lgan me’yorlar haqida ma’lumot berildi.

Yig‘ilish yakunida faoliyati bo‘yicha ko‘p e’tiroz kelib tushayotgan muassasalar rahbarlari keskin tanqid qilinib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar qat’iy ogohlantirildi.

Mavzuga oid