Jamiyat | 19:59 / 31.05.2023
31341
3 daqiqa o‘qiladi

Yakshanba kuni dam olganlardan tushuntirish xati olgan samarqandlik mansabdor jarimaga tortildi

Samarqandda Yoshlar ishlari agentligining Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari rahbarlari dam olish kunida dam olgani uchun viloyatga tushuntirish xati yozib bergani haqida xabar berilgandi.

Foto: Getty Images

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, mazkur holat Davlat mehnat nazorat inspeksiyasi tomonidan nazoratga olingan va agentlikning boshqarma boshlig‘iga ma’muriy jarima qo‘llangan.

O‘tkazilgan o‘rganish davomida Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i H.To‘xtayev 2023 yil 21 may, haftaning yakshanba dam olish kuni ish yuzasidan Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumanlarida bo‘lib, agentlikning Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumanlari bo‘lim boshliqlaridan "Yoshlarni mahallabay yo‘l xaritalari" bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holatini bilish maqsadida izlagan va ularning telefon raqamlariga bog‘lana olmagan.

Shundan so‘ng 2023 yilning 23 may dushanba kuni boshqarma boshlig‘i Husen To‘xtayev boshqarmaning kadrlar bo‘lim boshlig‘i E.Davirovga Yoshlar ishlari agentligi Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumani rahbarlaridan yakshanba kuni telefoni o‘chirilganligi yuzasidan tushuntirish xati olish to‘g‘risida topshiriq bergan. Shundan so‘ng To‘xtayev nomiga ushbu tuman bo‘limlari rahbarlarining tushuntirish xatlari talab qilib olingan.

Mehnat Kodeksining 209-moddasida dam olish kunlarida va ishlamaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanishi, agarda kutilmagan qaysi bir ishlarning shoshilinch bajarilishiga bog‘liq bo‘lsa, o‘sha ishni bajarish uchun dam olish kunlari va ishlamaydigan bayram kunlari ishga jalb etish ularning yozma roziligi bilan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Yuqoridagi holatda Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshlig‘i To‘xtayev Husen Mirzayevichga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 49-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganligi sababli Samarqand viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorat inspeksiyasi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llangan.

Mavzuga oid