Jahon | 10:55 / 01.06.2023
55998
14 daqiqa o‘qiladi

Bir jinoyat tarixi – SSSRdagi eng xavfli qotil nega o‘zbekistonliklarga qasd qilgandi?

1981 yil, Irkutsk viloyatidagi Ust-Ilimsk shahri. Yosh er-xotin tashlandiq ahvolga kelib qolgan ko‘p qavatli uyning yo‘lagida ikki nafar erkakning jasadini ko‘rib qolishadi.

Foto: Kun.uz

Ular bu haqda darrov militsiyaga xabar berishadi. Militsiya xodimlari yetib kelganidan so‘ng sal naridan yana bir odamning jasadi topiladi. Har uchala jasad boshsiz edi.

Jasadlar tekshirib ko‘rilganda ular o‘rta osiyoliklar ekani oydinlashadi. Biroq ularning shaxsini aniqlashning iloji yo‘q edi. Shundan so‘ng Ust-Ilimsk shahar militsiyasi tergovchisi Rais Mazitov qotillikning izini topish uchun O‘rta Osiyo respublikalariga jo‘naydi.

U avval Qozog‘istonga boradi. Biroq u yerda bedarak yo‘qolganlar haqida ma’lumot chiqmaydi. Tergovchi O‘zbekistonga keladi. Respublika ichki ishlar vazirligi orqali barcha hududlarda ma’lumotlar olinadi. Biroq hech kim yaqinlarining Rossiyada bedarak ketgani haqida murojaat qilmagani oydinlashadi.

Rais Mazitov uyga qaytishga qaror qiladi va bolalariga sovg‘a olish uchun Toshkentdagi magazinlarni aylana boshlaydi. Ana shunda tasodifan marhumlardan birining egnida bo‘lgan ko‘ylakka o‘xshash ko‘ylak kiyib yurgan odamni ko‘rib qoladi.

Tergovchi hushyor tortadi va undan ko‘ylakni qayerdan sotib olganini so‘raydi. O‘sha odam ko‘ylakni vodiydagi magazinlarning biridan sotib olganini aytadi. Ko‘ylakning o‘zi esa Namangandagi fabrikada tikilgan ekan. Shundan so‘ng Rais Mazitov darhol vodiyga otlanadi.

Tergovchi vodiyda har uchala viloyat ichki ishlar boshqarmalaridan Rossiyaga ketib bedarak yo‘qolgan shaxslar haqida ma’lumot izlashtiradi. Barcha tumanlardan ma’lumotlar olinadi, biroq hech kim Rossiyada bedarak ketgan qarindoshini topishda yordam so‘rab murojaat qilmagani oydinlashadi.

Shundan so‘ng Rais Mazitov vodiyda bir muddat qoladi. Mahallalarga, choyxonalarga boradi va Irkutsk tomonlarga ketganlarni surishtira boshlaydi.

Kunlarning birida u mahallalardan birini aylanib yurganida keksa yoshdagi odamga duch keladi. Tergovchi undan mahalladagilardan kimdir yaqin orada Rossiyaga ketganmi-yo‘qmi surishtiradi.

Qariya ikki o‘g‘li Jalol va Zuhriddin Muyiddinov hamda qaynisi mashina olib kelish uchun Irkutskka ketganini va bedarak yo‘qolganini aytadi. Ularning yonida 15 ming rublga yaqin pul bo‘lgan.

Qariya avvalroq uch nafar yaqini Rossiyaga borib bedarak yo‘qolgani haqida o‘zi yashaydigan tuman militsiyasiga murojaat qilganini, biroq xodimlar arizasini qabul qilmay eshikdan qaytarganini aytadi.

Tergovchi qariyadan yaqinlariga kim qasd qilishi mumkinligini so‘raganda u familiyasi Qambarov bo‘lgan odamdan gumon qilayotganini, o‘g‘illarini Rossiyaga shu odam olib ketganini aytadi.

Bu ma’lumotni olgan rais Mazitov zudlik bilan Ust-Ilimskka qaytadi. O‘sha paytda Irkutskda bo‘lib turgan Xolbek Qambarov hibsga olinadi. U marhumlarga avvaldan tanish odam bo‘lib chiqadi.

Xolbek Qambarov tergov davomida qotillikka aloqasi yo‘qligini ta’kidlaydi. Marhumlar Irkutskda yangi oq rangli «Jiguli» mashinasini xarid qilganlarini, Qambarov sotuvchini tanimasligini, ism-sharifini bilmasligini aytadi.

Qambarovning tergovda ma’lum qilishicha marhumlarga mashina sotgan odam slavyan millatiga mansub, sochi sariq, baland bo‘yli odam bo‘lgan.

Shundan so‘ng Ust-Ilimsk, Irkutsk va atrofdagi boshqa shahar va tumanlardan mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib yurgan shaxslar haqida ma’lumot yig‘iladi.

O‘sha paytda SSSRda mashina olib sotish jinoyat hisoblangan va bu ish uchun qamoq jazosi belgilangandi. Shu sababli Ust-Ilimsk militsiyasi mashina savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar haqida aniq ma’lumot topa olmaydi.

Ko‘pchilik mashina sotib olgan yoki sotganlar o‘zlari bilan savdolashgan odamning ism-sharifini bilmasliklarini aytishadi. Shundan so‘ng Qambarov va boshqalarning ta’riflariga qarab gumondorning fotoroboti chizib chiqiladi va barcha militsiya bo‘limlariga tarqatiladi.

Ust-Ilimsk militsiyasi aka-uka Muydinov va ularning qarindoshini o‘ldirgan shaxsni qidirishni boshlagan paytda Voronejda ham uch kishining jasadi topiladi.

Shahar chetidagi o‘rmonga sayrga chiqqan yoshlar erkak kishining jasadiga duch kelishadi. Ko‘p o‘tmay sal naridan yana ikki kishining jasadi topiladi.

Jasadlarni mahalliy mutasaddilar tanishadi. Ular bir necha kun avval Turkmanistondan kelgan Ollamurod Xudoyorov, Yakboy Karimov va Illan Ualliyev edi. Turkmanistonliklar ham xuddi Ust-Ilimskdagi kabi o‘ldirilgandi.

Shundan so‘ng o‘sha paytda hibsda bo‘lgan Qambarovdan barcha gumonlar olib tashlanadi va qo‘yib yuboriladi. U Namanganga qaytadi.

Ko‘p o‘tmay boshqa bir viloyatda ikki nafar o‘rta osiyolik o‘ldirib ketilgani haqidagi xabar tarqaladi. Ular ham mashina olish uchun kelgan aka-ukalar bo‘lib chiqadi.

Shundan so‘ng voronejlik va irkutsklik tergovchilar har uch jinoyat juda o‘xshash ekani va sakkiz nafar o‘rta osiyoliklar bir kishi tomonidan o‘ldirilgan degan xulosaga kelishadi. Gumondorning fotoroboti hamma yoqqa tarqatiladi.

Qotilning qo‘lga olinishi

Ust-Ilimsk tumani militsiya bo‘limi xodimlaridan biri gumondorning fotorobotini ko‘rar ekan, do‘sti Aantoliy Maystrukka juda o‘xshash ekani uning e’tiborini tortadi.

U do‘stini bo‘limga chaqiradi va fotorobotni ko‘rsatadi. Anatoliy Maystruk fotorobotni ko‘rib pinagini ham buzmaydi. U juda kulgili tasodif ekanini aytadi va bo‘limdan chiqib ketadi.

Xodim Anatoliydan shubhalanadi va uni qo‘yib yuborgani uchun afsuslanadi. So‘ng boshlig‘ining oldiga kirib, do‘stlaridan biri fotorobotdagi shaxsga juda o‘xshab ketishini aytadi. Boshliq hushyor tortadi va Anatoliy Maystrukka qidiruv e’lon qilinadi. Bu paytda u qochib ketib bo‘lgan edi.

Anatoliyni eng avval uyiga qidirib borishadi. Shunda u oq rangli «Jiguli»ni uyda qoldirib ketgani ma’lum bo‘ladi. Mashinadan aniqlangan qon dog‘lari va topilgan soch tolalari tekshirib ko‘rilganda ular Ust-Ilimskda o‘ldirilgan Muydinovlarga tegishli bo‘lib chiqadi.

Shundan so‘ng Maystrukni qo‘lga olish bo‘yicha reja tuziladi. Eng avval ukasi Leonidni ushlab kelishadi. So‘ng xotinini tergov qilishadi. Tergovda aniqlanishicha, xotini uning qayerdaligini bilmaydi, ukasi esa biladi.

Leonid akasi bilan mashina olib sotishganini, biroq uning qotilliklari haqida bilmasligini ma’lum qiladi. U akasi yana kimlarningdir umriga zomin bo‘lmasligi uchun militsiya bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ladi.

Shundan so‘ng Anatoliy Maystrukka ukasi Leonidning nomidan telegramma jo‘natishadi. Unda barchasi tinchib ketgani va Ust-Ilimskka qaytaverishi mumkinligi yozilgandi.

Maystruk Ust-Ilimskka qaytsa eng avval xotinining oldiga kelishi inobatga olinib, uning uyida militsiya xodimlari yashirincha poylay boshlashadi.

Kutilganday Maystruk telegramma jo‘natilgandan so‘ng bir necha kun o‘tib uyiga qaytadi, uni shu yerda qo‘lga olishadi. Qo‘lga olish guruhiga tergovchi Rais Mazitov boshchilik qiladi.

Tergov va qotillik sabablarining ochilishi

Maystruk tergov avvalida turli shaharlarda 28 kishini o‘ldirganini aytadi. Biroq militsiyada faqat Ust-Ilimsk, Voronej va yana bir holatda jami sakkiz kishi o‘ldirilgani haqida ma’lumotlar bor edi. Boshqa qotilliklar haqida dalillar topilmaydi.

Militsiya Maystrukka qarshi topilgan jasadlar soni bo‘yicha sakkiz kishini o‘ldirganlikda ayblab ish ochadi.

Maystruk ukasining qotilliklarga aloqasi yo‘qligini aytib, uni qo‘yib yuborishlarini talab qiladi. Ukasini esa qo‘yib yuborishmaydi. Unga qotillik bilan emas, noqonuniy mashina olib sotgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Tergov jarayonlarida Maystrukning og‘ir o‘tgan hayoti va qotilliklarga nega qo‘l urgani ham ochiqlanadi. Ularga ko‘ra 1950-yillarda G‘arbiy Ukrainada tug‘ilgan Maystrukning bolalikda hayoti juda og‘ir kechgan.

Maystrukning otasi sovet tuzumiga qarshi bo‘lgani uchun urushdan so‘ng nemislar bilan hamkorlik qilganlikda ayblanib, qamalib chiqadi. Otasi sotqin degan tavqi la’nat tufayli Anatoliy va Leonid keyinchalik ko‘p jabr chekishadi.

1963 yilda onasini ish joyidan oziq-ovqat o‘g‘irlaganlikda ayblab qamashadi. Shundan so‘ng Anatoliy ukasi Leonid bilan qarovsiz qolib ketadi. U bolalar uyiga tushmaslik uchun ukasini olib qochib ketadi va ulg‘ayguncha darbadar hayot kechiradi.

Anatoliy ulg‘aygach armiya xizmatini o‘tab keladi va qurilishlardan birida yuk mashinasini boshqara boshlaydi. Biroq ko‘p o‘tmay Krasnodarda ko‘chani kesib o‘tayotgan bolani urib yuboradi. Bola vafot etadi.

Surishtiruvlarda bolaning o‘zi yuk mashinasi yo‘liga yugurib chiqqani aniqlangan bo‘lsa-da, sud uni aybdor deb topadi. Maystruk to‘rt yilga qamaladi.

Uni Irkutsk viloyati Ust-Ilimsk shaharchasida joylashgan qamoqxonaga jo‘natishadi. Yaxshi xulqi uchun ikki yilda ozod bo‘lgan Maystruk shu shaharchada yashab qoladi. Uylanadi va mashina olib sotish bilan shug‘ullana boshlaydi.

Maystrukning asosiy mijozlari o‘rta osiyoliklar, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondan edi. Anatoliy mijozlarga «Jiguli» va «Moskvich» mashinasini olib berardi.

Tergov jarayonlarida Anatoliydan mashinalarni qanday tarzda olib sotgani haqida ham so‘rashadi. U o‘zi sotgan mashinalarni Ust-Ilimsk yaqinida qurilayotgan yirik GES ishchilari yordamida olganini aytadi.

Ya’ni sovetlar o‘sha paytda taygadagi GES qurilishida og‘ir sharoitlarda ishlayotgan ishchilarga navbatsiz mashina xarid qilish imkoniyatini berishadi. Biroq narxi bir necha ming rubl turadigan «Jiguli»ni maoshi 100-200 rubl bo‘lgan ishchilar sotib ololmasdi.

Maystruk bundan foydalanadi va ma’lum haq evaziga ishchilarning nomidan ariza berib, navbatsiz mashina oladi va ularni o‘rta osiyoliklarga sotadi. O‘sha paytda mashinafurush sifatida uning nomi ko‘pchilikka tanish edi.

Maystruk yangi «Jiguli»larni 7-8 ming rublga sotib oladi va hujjatlarni rasmiylashtirish, ishchiga haq to‘lash kabi ishlarga biroz mablag‘ sarflaydi. Keyin xarajatlari bilan tannarxi 10 ming rublga ham yetmagan mashinani markasiga qarab 13-14 ming rubl sotadi.

Kunlardan bir kun uning oldiga o‘rta osiyoliklardan biri keladi. Maystruk unga «Jiguli» mashinasini olib berishni va’da qilgandi. U mijozni uyiga olib boradi va u-bu narsa olib kelish uchun magazinga chiqib ketadi.

Maystruk uyga qaytgach xotinining mijoz bilan to‘shakda yotganini ko‘radi. Xotini ko‘z yosh to‘kib, mijoz kuch ishlatib zo‘rlaganini aytadi. Maystruk unga ishonadi va mijozni do‘pposlab uyidan quvib yuboradi. Biroz o‘tib bu voqea unga yomon ta’sir qiladi va vaziyat bo‘lishi bilan o‘rta osiyoliklarni o‘ldirishga ahd qiladi.

O‘sha paytda unga birinchi bo‘lib aka-uka Muydinov va ularning tog‘asi ro‘para keladi. Maystruk ularga o‘zlari xohlagan oq rangdagi «Jiguli»ni olib beradi.

So‘ng aylanib kelish bahonasida Ust-Ilimsk shaharchasining chetroq joyiga olib borib ularning uchalasini ham o‘ldiradi. Sotgan mashinasi va pullarni o‘zi bilan olib ketadi. Usti-Ilimsk militsiya bo‘limidagi do‘stidan uch nafar o‘zbekistonlikni o‘ldirgan qotil qidirilayotganini bilgach boshqa shaharga qochib ketadi.

Qochib yurgan paytida unga Voronejda uch nafar turkmanistonlik uchrab qoladi. Maystruk ularni ham shu tarzda o‘ldiradi. Marhumlarning yonida bo‘lgan pullarni olib o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi.

Keyinchalik, Maystrukning xotinini tergovda erining mijozlari bilan o‘zi xohlab jinsiy aloqada bo‘lib kelganini, biroq eri sezib qolgan kezda o‘zini zo‘rlangan jabrdiyda qilib ko‘rsatganini tan oladi.

Sud va jazo

Sakkiz kishini o‘ldirganlikda ayblangan Maystrukning aybi sudda to‘liq isbotlanadi. Unga o‘lim jazosi beriladi. Biroq hukmni ijro eta olishmaydi. U vaqtinchalik saqlash hibsxonasida o‘z joniga qasd qilib vafot etadi.

O‘shanda Maystrukning jasadi yonidan xat topiladi. Xatda u militsiya xodimlarining qo‘lida o‘lgandan ko‘ra o‘z joniga qasd qilishni afzal bilishi haqida yozgandi.

Garchi qotilliklarga aloqasi bo‘lmasa ham Anatoliyning ukasi Leonid noqonuniy mashina savdosida ayblanib sakkiz yilga qamaladi. U qamoqdan chiqib uylanadi va to‘g‘ri hayot kechiradi. Keyinchalik dardga chalinib vafot etadi.

Shu tariqa Anatoliy Maystrukning nomi SSSRdagi eng vahshiy qotillar ro‘yxatiga tushadi. Uning qotilliklarni ochishda ko‘rsatgan jonbozliklari uchun tergovchi Rais Mazitov mukofotlanadi va unvoni oshiriladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid