«O‘nlab bolalar tiriklayin yonib ketgan» - sovetlar sir saqlagan fojiaga 64 yil to‘ldi
SSSRda yirik fojialar odatda juda qattiq sir saqlangan. Xalq tinch va osoyishta turmush kechirayotgani iddao qilinib, gazetalar va televideniye bu voqealar haqida miq etmasdi. 1959 yil 2 iyun kuni Krasnoyarsk o‘lkasining Minino stansiyasi yaqinida sodir bo‘lgan temiryo‘l halokati ana shunday hodisalardan biridir.
Voqeada kamida 65 nafar bola halok bo‘lgani aytiladi. Fojia ko‘lami katta bo‘lsa-da, na mahalliy, na markaziy gazetalar bu haqida bir qator gap yozmagan.
2013 yilda «Argumenti i fakti» nashri Krasnoyarsk o‘lkasi tarixidagi yirik halokat haqida maqola e’lon qildi. Shundan so‘nggina odamlar yarim asr avvalgi hodisa haqida ommaviy bila boshladilar.
O‘sha yili Minino stansiyasida g‘alati ommaviy qabrni topgan edilar. Unda bir necha o‘nlab noto‘liq familiyalar bor edi. Bu tepalikcha va qabriston – bundan 64 yil avvalgi mash’um hodisaning tilsiz guvohlaridan biri edi.
Mash’um kun
1959 yil 2 iyun kuni Krasnoyarsk bekatidan chiqqan, ichida ko‘p sonli sovet pioner-bolalari bo‘lgan «Krasnoyarsk – Abakan» yo‘nalishidagi poyezd soat 19:30da Minino bekatida to‘xtaydi. U yerda poyezdlarni to‘xtatuvchi qizil chiroq yonib turardi. Yashil yonib, vagonlar qo‘zg‘algach, qo‘shni yo‘lda to‘xtab turgan, neft ortilgan poyezdga boshqasi kelib kuchli zarb bilan uriladi. Oqibatda bolalar chiqqan poyezdda ikki vagon ajralib ketadi, buning ustiga halokat natijasida neft yona boshlaydi. Bolalar olov ichida qolib ketadi.
Hodisaga stansiyadagi svetofor ishida nosozlik kelib chiqqani sabab bo‘lgan. Bu nosozlikka nima sabab bo‘lgani haqida esa aniq ma’lumot yo‘q. Taxminlardan biriga ko‘ra, temiryo‘l yoqasini daraxtlardan tozalash paytida qulagan daraxt signalizatsiya tarmog‘iga zarar yetkazgan bo‘lishi mumkin. Boshqa bir taxminga ko‘ra, yashin urishi natijasi svetoforning o‘zida nosozlik ro‘y bergan.
Minino stansiyasi yaqinida yashovchi Viktor Indrikov o‘sha paytda 9 yoshda bo‘lgan.
«Biz bolalar bilan klubdan soat sakkizlarda chiqib, halokat joyiga bordik. U yerda yong‘in bo‘layotgandi. Yetib bormasimizdan, yoqilg‘i sisternasi portlab ketdi. Bu xuddi atom bombasining portlashiga o‘xshardi... Juda qo‘rqinchli edi, odamlar qichqirardi, ular bomba portladi, urush boshlandi deya o‘yladilar... – deya hikoya qiladi Indrikov. – Men uyga yugurdim. Otam yo‘q edi, barcha temiryo‘lchilar darhol safarbar qilingandi. Ertalab soat 4 larda buvim voqea sodir bo‘lgan joyga otlandi, men undan meni o‘zi bilan olib ketishni iltimos qildim.
Manzara dahshatli, hamma narsa yonayotgandi. Askarlar – 300 kishi, olovli daryo oqadi. Ikki vagon ag‘darilgan, jasadlarning kuygan hidi, yaqin atrofda harbiy chodirlar yoyilgan, askarlar jasadlarni joylashtirgan. Yuk poyezdi mashinistining shok holatida xuddi bir gapni takrorlagani xotiramda qattiq muhrlanib qoldi: “Bu mening aybim emas, men yashil chiziqda ketayotgan edim!..”
To‘ntarilgan vagonlarning aksariyatida bolalar bo‘lgan. Yong‘in hududida oq panama shlyapalar va qizil galstuklar sochilib ketgan. Shundan keyin mening oilam bu baxtsiz hodisa haqida gapirmaslikka harakat qilishdi. Otam o‘zidan va o‘rtoqlaridan hodisani oshkor qilmaslik to‘g‘risida tilxat olganliklarini aytgan...»
«Odamlar yaqingacha bu haqida gapirishga qo‘rqib keldi...»
Rossiyalik jurnalist Aleksandr Sherbakovning aytishicha, ommaviy qabr va yodgorlik topilgandan so‘ng ham u dastlab bu voqeaga ishonmagan. So‘ngra, qariyalar, tanishlar, temiryo‘l xodimlari ishga solindi.
«Hodisa haqida tanish temiryo‘lchilardan eshitgandim. Mininoga keldim, yodgorlikni ko‘rdim, hatto dastlab ishonmadim ham. Surishtirdim. Natijada tirik guvohlar hanuz ko‘p ekani ma’lum bo‘ldi. Ba’zilar jon deb gap boshladi, ko‘ngillarini shu yo‘l bilan bo‘shatib olishga harakat qilishardi. Ayrimlar esa hodisaga yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham gapirishga hayiqardi», deydi Sherbakov.
Neft poyezdiga borib urilgan yuk poyezdi mashinisti Fedor Kirillovning qizi Galina Kirillovaga ko‘ra, bir kun avval ularning oilasi 1 iyun – bolalar kunini nishonlashgandi. Oila shahar aylanib kelgach, temiryo‘lchi otaga qo‘ng‘iroq bo‘ladi va ishga chaqiriladi.
«U ketishi kerak edi, ish kuni bo‘lmasa ham. Boshqa mashinistning o‘rniga ishlashi kerak ekan. Otam ketayotib onamga: «Negadir ketgim kelmayapti» dedi. Ammo ketdi... Otamni boshqa ko‘rmadik», deydi Galina.
Dafn va tobutlar
Guvohlar marhumlar qanday dafn etilganini eslashadi. Aytilishicha, olov o‘chirilgach, jasadlar yig‘ilib, vagonlarga ortilgan va Krasnoyarskka, temiryo‘l madaniyat saroyiga olib ketilgan. U yerda tobutlarga solingan va Minino stansiyasiga qaytarilgan.
So‘ngra, qarindoshlar chaqirildi. Shaxsi aniqlanganlarni yaqinlari uylariga olib ketishdi. Ammo ko‘pchilik hech kimni topa olmadi va Mininodagi dafn marosimida qolishgan. Qishloqning o‘rtasiga, qarag‘ay o‘rmoniga 59 ta tobut qo‘yilgan, ko‘plab shifokorlar, tez yordam mashinalari, hatto orkestr ham bor edi. Qabristonda uzun xandaq qazildi, zinapoyalar qilishdi va tobutlarni u yerga tushirishdi.
Kursant Aleksandr Gokku 1959 yilda 21 yoshda edi. Uning aytishicha, 3 iyun kuni sahar soat 4da trevoga bo‘lgan. Komandir voqea joyiga yetib borgan, sochilib yotgan inson tanalarini ko‘rsatgan va terib olish haqida buyruq bergan.
«Bu juda dahshatli edi... Komandir dahshatni yengish uchun tarvuz yiqqanday tasavvur qilishni buyurdi», deydi sobiq kursant.
Voqea joyidagi izlar juda tez tozalangan. Bir sutkadan so‘ng, yana poyezdlar qatnay boshladi. Vagonlar yonib ketgan dala buldozerlar bilan tozalanib, shudgor qilinib, no‘xat ekildi. Faqat ayrim joylarda yillar davomida neft qoldiqlari saqlanib qolgan.
Afsuski, hanuz mas’ul tashkilotlar, Rossiya huquq-tartibot idoralari fojia bo‘yicha rasmiy xabar berishganicha yo‘q. 2 iyunda yuz bergan mash’um voqea guvohlar, dalillar va jurnalistik surishtiruvlardan so‘ng «tiriltirilmoqda». Haligacha yuzdan ortiq bola halok bo‘lganiga oid dahshat tafsilotlari berkitilganicha qolmoqda.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
11:39
G‘ilay Lenin – SSSRda 10 rubllik pullarni soxtalashtirgan shaxs qanday fosh bo‘lgandi?
11:11 / 25.12.2024
Toshkentda logoped markazida bemor bolalar davolangan. SSV markazda tibbiy litsenziya bo‘lmaganini ma’lum qildi
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
16:15 / 19.12.2024