Sport | 21:48 / 01.06.2023
38188
7 daqiqa o‘qiladi

Saudiya barcha futbol yulduzlarini sotib olmoqchi va milliardlab pul to‘lashga tayyor

Fors ko‘rfazi monarxiyalari jahon futbolining yangi markaziga aylanish huquqi uchun kurashni davom ettirmoqda. Qatar jahon chempionatiga mezbonlik qildi, «PSJ» klubiga yuz millionlab sarmoya kiritdi va UYeFA qarorlarini qabul qilishda o‘z ta’sirini kuchaytirmoqda. Ammo uning qo‘shnisi Saudiya Arabistoni boshqa yo‘ldan ketmoqda. Forbes.Sport tafsilotlarni aytib berdi. 

Foto: Reuters

Saudiya Arabistoni 2027 yilda Osiyo Kubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini allaqachon qo‘lga kiritdi va 2030 yilgi jahon chempionatini Gretsiya va Misr bilan birgalikda o‘tkazishga jiddiy kirishgan. Buning uchun saudiyaliklar, hatto Gretsiya va Misrdagi futbol stadionlari qurilishini ham moliyalashtirishga tayyor. Buning evaziga ular jahon chempionati o‘yinlarining 75 foizini o‘zida o‘tkazishni istamoqda. 

Saudiyalik ishbilarmonlar asta-sekin dunyo yulduzlarini ham mahalliy chempionatga jalb etmoqda. Yanvar oyida «An-Nasr» Krishtianu Ronaldu bilan yiliga 75 million dollarlik shartnoma imzoladi va bu Saudiya Pro-Ligasiga qiziqishni kuchaytirdi. Portugaliyalik yulduzning ko‘chib o‘tishidan oldin ular faqat braziliyalik Luis Gustavo va «Arsenal»ning sobiq darvozaboni David Ospina bilan maqtana olardi. 

Krishtianu Ronaldu (Getty Images) 

«Saudiya ligasi yaxshilanmoqda va kelasi yil yanada yaxshi bo‘ladi. Menimcha, asta-sekin Saudiya chempionati dunyoning kuchli besh ligasiga kiradi, ammo buning uchun vaqt, futbolchilar va infratuzilma kerak. Bu mamlakat ajoyib salohiyatga va odamlarga ega. Liga ajoyib bo‘ladi», dedi Ronaldu Saudiya Arabistonining SSC sport telekanaliga. 

Saudiyaliklar infratuzilma bilan shug‘ullanishga va’da berishdi: Qirollik futbol federatsiyasi Osiyo Kubogi-2027 uchun uchta yangi stadion qurilishini e’lon qildi. Futbolchilar bilan bog‘liq vaziyat esa biroz mushkulroq. 

Futbol tarixidagi eng saxiy taklif 

«Oltin to‘p»ning yetti karra sohibi Lionel Messi joriy mavsumlar oralig‘ida «talash» bo‘lmoqda. Iyun oyi oxirida hujumchining «PSJ» bilan shartnomasi tugaydi va hozirda uchta klub argentinalik futbolchiga jiddiy da’vogarlik qilyapti. 

Lionel Messi (PSG via Getty Images) 

«Barselona» prezidenti Joan Laporta 2021 yilda munosabatlari buzilgan Messini qaytarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytdi. O‘shanda Lionel Kataloniya klubida qolmoqchi bo‘lgan, biroq «Barselona» uni milliard dollarlik qarz va maoshlar chegarasidan oshib ketgani uchun saqlab qola olmadi. 

Bir necha oylar oldin Messi «PSJ»ni tark etgach, Amerikaning «Inter Mayami» klubiga o‘tishi, u yerda AQSh futboli tarixidagi eng boy futbolchiga aylanishi va Devid Bekhem bilan birga klub egasi bo‘lishiga shubha yo‘q edi. Ammo Messiga eng saxovatli taklif Saudiya Arabistonidan keldi. 

«Shartnoma - eksklyuziv. Bu juda katta qiymat. Biz faqat ba’zi tafsilotlarni yakuniga yetkazyapmiz», degan edi manbalar. 

Saudiyaliklar jahon chempioni uchun ovni qishdayoq boshlashgan: aprel oyida «Al-Hilol» (Ronaldu o‘ynayotgan «An-Nasr»ning asosiy raqobatchisi) Messiga yiliga 400 million yevrolik shartnoma taklif qildi, ammo futbolchi rad javobini berdi. Keyinroq argentinalikka futbol tarixidagi eng saxiy shartnoma taklif qilindi - ikki yilga 1,2 milliard yevro, Messi esa o‘ylanib qoldi. 

Aytishlaricha, Leo «Barselona»ga qaytishni xohlaydi, ammo Kataloniya klubining moliyaviy muammolari tarozini «Al-Hilol» foydasiga og‘dirmoqda. 

Saudiyaliklarga hamma kerak 

«PSJ» eng yorqin yulduzi Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan yagona superklub bo‘lmasligi mumkin. Hozirda «Real Madrid» o‘zining eng yaxshi hujumchisi, fransiyalik Karim Benzemaning yozda klubda qolishi yoki qolmasligini tasdiqlashini kutmoqda. 35 yoshli hujumchi shartnomani uzaytirishga shoshilmayapti, chunki Saudiya Arabistonida unga faoliyatidagi eng yirik shartnoma taklif qilingan: mavsumiga 100 million yevro maosh bilan ikki yillik shartnoma. 

Karim Benzema (Getty Images) 

Albatta, Messi bilan aql bovar qilmaydigan kelishuv fonida bu miqdor kamtarona ko‘rinadi, ammo Benzema bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi. 

Jumladan, o‘tgan yilgi «Oltin to‘p» sohibi Saudiya Arabistoni chempionatidagi klublardan qaysi birida o‘ynashni o‘zi tanlaydi. Jurnalist Fabritsio Romanoning ta’kidlashicha, bu klub joriy mavsum Qirollik chempioniga aylangan «Al-Ittihod» bo‘ladi. 

Benzema, shuningdek, bolalar futbol maktablarini targ‘ib qilish va Saudiya Arabistoni, Gretsiya va Misrning 2030 yilgi jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma arizasi uchun elchi bo‘lish borasida shartnoma tuzadi. Bundan tashqari, forvard soliq to‘lashdan ozod qilinadi, uning istagan yashash qarorgohi xarajatlari qoplab beriladi va barcha marketing huquqlari o‘zida qoladi. Ispaniyalik jurnalistlarning xabar berishicha, Benzema allaqachon «Real Madrid» prezidenti Florentino Peres bilan uchrashgan va agar Madridni tark etishga tayyor bo‘lsa, yakshanba kunigacha javob berishini aytgan. 

Shu bilan birga, Saudiya ligasi ishtahasi «Oltin to‘p» sohiblari bilan cheklanib qolmadi. Braziliyalik Neymar ham katta taklif oldi. Biroq u allaqachon Saudiya Arabistoni chempionatida o‘ynashdan bosh tortgan. Nomi oshkor etilmagan klub hujumchiga 400 million yevro taklif qilgan, biroq Neymar hozir uni faqat ikkita klub qiziqtirayotganini aytdi — o‘zi o‘ynayotgan «PSJ» va «Manchester Yunayted».

Mashhur murabbiy Zinedin Zidan ham Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishdan manfaatdor emas. «An-Nasr» «Real»ning sobiq ustoziga ikki yilga 150 million yevro taklif qildi, biroq fransuz bu saxiy taklifni rad etdi va Yevropaning top-5 ligasidagi top-klublardan biriga chaqirilishini kutmoqda. 

Mavzuga oid