Jahon | 16:06 / 05.06.2023
14109
2 daqiqa o‘qiladi

Bishkekda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda gumonlanganlar qo‘lga olinyapti

Foto: Videodan kadr

Mustaqil OAV xabarlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumon qilingan 10 ga yaqin kishini qo‘lga olgan, hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.

OAV xabarlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Bishkekda ommaviy qo‘lga olish ishlarini olib bormoqda. 5 iyun, dushanba kuni mustaqil nashrlar huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumonlanganlar qo‘lga olinayotgani to‘g‘risida xabar berdi.

24.kg nashri ham davlat to‘ntarishi ehtimoli ishtirokchilarining ommaviy qo‘lga olinishi haqida yozyapti. Portal o‘z manbalariga tayanib, bir guruh shaxslar hokimiyatni kuch bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rganiga ishora qilmoqda. Shu bilan birga, qo‘lga olinganlarning ismlari aytilmagan. Bundan tashqari, nashr maxsus bo‘linma askarlari mashinadan tushib, turar joy binosi hovlisiga kirgani, shuningdek, mashinani to‘xtatib, haydovchini qo‘lga olgani tasvirlangan videolarni e’lon qilgan.

Hozircha bu borada Qirg‘iziston rasmiylaridan hech qanday rasmiy izoh berilmagan. 

Mavzuga oid