Sport | 03:17 / 05.06.2023
26374
2 daqiqa o‘qiladi

«Futbol bilan xayrlashish fursati yetdi». Zlatan Ibrahimovich faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi

Foto: Milan

A Seriya 38-turi doirasidagi «Milan» - «Verona» (3:1) o‘yinidan keyin «rossonerlar» bilan xayrlashuvi e’lon qilingan Zlatan Ibrahimovich «San-Siro»dagi xayrlashuv nutqida futbolchilik faoliyatini yakunlash haqidagi qarorini ma’lum qildi.

«Butun umr «Milan» muxlisi bo‘lib qolaman. Hozirgi holatda hayajon kuchli, nafas olishim ham qiyin, ammo hammasi joyida. «San-Siro»dan shunchalik ko‘p xotiralar qolyaptiki... Boshida u menga mehr berdi, keyin esa – baxt.

Oilamga sabr uchun rahmat deyman. Ikkinchi oilam – o‘yinchilar, murabbiylar, xodimlardan ham minnatdorman. Muxlislarga ham chin yurakdan tashakkurimni bildiraman. Futbol bilan xayrlashish fursati yetdi, ammo siz bilan emas», - deydi 41 yoshli shvetsiyalik hujumchi.

Ma’lumot uchun, Zlatan professional faoliyatini 1999 yilda boshlagan. U «Milan»dan tashqari, «Malme», «Ayaks», «Yuventus», «Inter», «Barselona», «PSJ», «Manchester Yunayted», «Los-Andjyeles Gelaksi» klublari sharafini himoya qilgan.

Ibrahimovich Shvetsiya safida 122 o‘yinda 62ta gol muallifiga aylangan – bu milliy jamoadagi rekord sanaladi.

Avvalroq, Ibrahimovich futbolchilik faoliyatini yakunlamasligi, keyingi mavsum «Milan»dan «Monsa»ga o‘tishi kutilayotgani haqida xabarlar yangragan edi.

Mavzuga oid