Ijtimoiy himoya agentligi – imkoniyatlar fabrikasi bo‘lishi kerak
Va nihoyat! O‘zbekiston prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilmoqda. Bu – juda yaxshi xabar. O‘zbekiston yaqinda katta konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirdi. Davlat jamiyatning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida konseptual yangi mas’uliyatlar oldi. Ya’ni «ijtimoiy davlat» tushunchasi bosh qomusning birinchi satriga olib chiqildi va alohida urg‘ulandi.
O‘zbekistonda ijtimoiy davlatchilik tafakkuri tarixan kuchli bo‘lgan. Ayniqsa, jamiyat ichida, xalq orasida insonlarning o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash tafakkuri har doim oliy qadriyat bo‘lgan. Mehr-shafqat, saxovat, zakot, sadaqa, ehson, hashar, savob kabi tushunchalar, qadriyatlar va institutlar ajdodlarimizning ongida doimo markaziy o‘rin egallagan.
Qolaversa, biz sobiq SSSR davrida yanada kuchli «ijtimoiy davlat» davrini yashadik. Sobiq ittifoq davrida hukumat insonlar o‘rtasidagi ijtimoiy tafovutni qisqartirish uchun totalitar mafkura va repressiv mashinani yo‘lga qo‘ygan edi. Natijada bu tizimning o‘zi hayotiy emasligi ma’lum bo‘ldi va quladi. Chunki xususiy sektor yo‘q qilindi. Xususiy sektor bilan birgalikda insonlarni harakatga keltiruvchi kuch, energiya – shaxsiy manfaatdorlik, tashabbuskorlik kabi stimullar yo‘qolgan edi.
O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, huquqiy-demokratik davlatchilik yo‘lini tanladi. Iqtisod bozor tamoyillari asosida, o‘tgan 31 yil ichida murakkab davrni boshdan o‘tkazib, bugun ancha ravon o‘zanga tushib oldi. Bugun O‘zbekiston ichida xususiy sektor, ishlab chiqaruvchi kuchlar jo‘shqin rivojlanib bormoqda.
Lekin kapitalizmning ma’lum nuqsonlari ham bo‘ladi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga yetarli e’tibor berilmasa, jamiyatda ijtimoiy tafovutlar shakllanib, qalinlashib, qutblashib boradi. Natijada, o‘n yilliklar o‘tib, jamiyatda o‘ta boylar va o‘ta kambag‘allar sinfi qutblashib ketadi. Bunday davlatlarda umummilliy farovonlik, ijtimoiy hamjihatlik, demokratiya va huquqiy davlatchilik qaltis bo‘ladi.
Dunyodagi eng farovon davlatlar – huquqiy, demokratik va ijtimoiy davlatlar hisoblanadi. Agar AQSh va Germaniyani qiyosiy tahlil qilsak, AQShda ijtimoiy himoya Germaniyaga qaraganda ancha past. G‘arbiy Yevropa davlatlarida erkinlikni imkon qadar tenglik bilan payvandlashga harakat qilishadi. Bu nima degani?
Misol uchun, sobiq SSSR, Shimoliy Koreya yoki Xitoy kabi davlatlar uchun eng muhim qadriyat – tenglik edi. Bu tenglikka erishish uchun ushbu davlatlar to‘liq erkinlikdan voz kechdi. Natijada, tenglikni kuch bilan, repressiya bilan asoslashdan boshqa yo‘l qolmagandi. Germaniya, Fransiya, Skandinaviya davlatlari va boshqalarda erkinliklar maksimum ta’minlanadi.
Natijada, insonlar o‘rtasida ijtimoiy tafovut, farq bo‘rtib ko‘rinadi. Davlat esa yig‘ilgan soliqlar va boshqa vositalar orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga qo‘shimcha sharoitlar, imkoniyatlar yaratadi. Oddiy qilib aytganda, liberal-huquqiy davlatlarda ijtimoiy tenglik uchun boylarga qarshi urush ochilmaydi, aksincha, kambag‘allar va yordamga muhtojlar uchun qo‘shimcha dasturlar va loyihalar amalga oshiriladi.
Faraz qiling, bir oila juda kambag‘al. Bu oila farzandlarini yaxshi o‘qitish, yaxshi ovqatlantirish uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas. Agar davlat mana shunday boquvchisini yo‘qotgan yoki ko‘p farzandli oilalarga yordam bermasa, yillar o‘tib, jamiyatda katta miqdordagi kambag‘allar sinfi shakllanadi.
Bu qatlamni kambag‘allikdan, qashshoqlikdan chiqarish uchun keyinchalik yanada katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Bunday jamiyatlarda o‘rta sinfni shakllantirish juda qiyin kechadi, bu jamiyatlar fuqarolik urushlariga moyilroq bo‘ladi, siyosiy beqaror bo‘ladi, farovonlik va hayotiy komfortlar indeksi qoniqarsiz bo‘ladi.
Jamiyat – bu yagona organizm. Jamiyatda bugun kimdir o‘zini boy hisoblasa va aynan ushbu jamiyatda kambag‘al va qashshoqlar sinfi katta bo‘lsa, yillar o‘tib, o‘sha boylarning farzandlari ham kambag‘allar va qashshoqlar sinfiga tushib qolish ehtimoli yuqori. Shuning uchun, barchaga eng optimal jamiyat – umummilliy farovonlik jamiyati hisoblanadi.
Prezident huzurida tuzilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi oldida juda mashaqqatli, lekin sharafli missiya turibdi. O‘zbekistonda demografik o‘sish – juda yuqori. Agar O‘zbekiston o‘z potensialini to‘g‘ri ishlatsa, demografik o‘sish – faqat davlat va jamiyat qudrati hamda salohiyatini oshiruvchi omil.
Bu agentlik juda ko‘plab tarqoq tashkilotlar, muassasalarni birlashtirmoqda. Maqsad – davlatning ijtimoiy himoya siyosatini muvofiqlashtirish, kuchaytirish. Lekin, ba’zan eshitib qolamanki, davlat mulozimlari «ijtimoiy himoyaga sarflanayotgan mablag‘lar – besamar ketayotgan resurslar» deb aytishadi.
Yo‘q! Har bir insonga sarflanayotgan mablag‘ – bu kelajakka tikilayotgan sarmoyadir. Eng qimmat resurs – bu erkin, ilmli, malakali insondir. Huquqiy, demokratik, ijtimoiy davlatning asosiy maqsadi – jamiyat muammolarini anglaydigan va mas’uliyat oladigan shaxsni shakllantirishdir.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi – mintaqamizdagi eng yirik, turkiy dunyodagi ikkinchi, possovet hududidagi uchinchi yirik davlat bo‘lmish O‘zbekistonning istiqboli uchun eng kerakli va eng mas’ul tashkilotlardan biri hisoblanadi. Har bir o‘zbekistonlikda ertangi kun uchun ishonch va imkoniyat bo‘lishi kerak.
Mana shu ishonch va imkoniyatni ta’minlashda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bor kuch-quvvat va malakani ishga solishi kerak bo‘ladi. Ijtimoiy himoya agentligi – imkoniyatlar fabrikasi bo‘lishi kerak va mana shu missiyani bajarishda, agentlikka faqat muvaffaqiyatlar tilash mumkin xolos.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
- Kun.uz “Nuqtayi nazar” rukni ostida hajmi 500 ta so‘zdan oshmaydigan, muallif nuqtayi nazari ifodalangan ixcham mulohaza-maqolalarni berib boradi. Kelgusida rukn faoliyatini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
11:35 / 13.12.2024
O‘zbekistonda ijtimoiy karta joriy etiladi
20:07 / 03.12.2024
“Qaror qabul qilishda nogironligi bor shaxslar ham ishtirok etishi shart” – O‘zbekistonda nogironlik muammolari haqida
16:14 / 27.11.2024
Mahallaning faol keksalariga har oy 577 ming so‘mdan to‘lanadi
18:59 / 26.11.2024