O‘zbekiston | 20:23 / 06.06.2023
26866
6 daqiqa o‘qiladi

Kuchishlatar tizimlar normal ishlashi uchun, nima qilish kerak?

Ichki ishlar binolaridan odamlarning o‘ligi chiqayotganiga oliy hokimiyat tizimli va real o‘zgarishlar bilan reaksiya qilishi kerak. Toki qiynoqlar, noqonuniy ta’qiblar va qamoqlar yana avvalgidek odatiy holga aylanmasin.

Keyingi haftalarda O‘zbekiston axborot maydonida ichki ishlar xodimlari tomonidan gumondor sifatida qo‘lga olinib, so‘roqlar davrida vafot etgan vatandoshlar haqida bir necha xabarlar tarqaldi.

O‘tgan hafta, misol uchun, poytaxtning Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan qo‘lga olingan 21 yoshli surxondaryolik Hafizullo Turg‘unboyevning jasadi chiqdi. Rasmiylarning aytishicha, Hafizullo to‘rtinchi qavatda joylashgan hojatxonaga borib kelishga izn so‘ragan va qochmoqchi bo‘lib, derazadan o‘zini tashlagan va halok bo‘lgan. Lekin jamoatchilik bu gaplarga ishongani yo‘q. Aksincha, IIB bergan ma’lumotlarga shubhalar kuchayib bormoqda.

Yoki, shu kunlarda Bo‘ka tumani IIB tergov bo‘limida 1989 yilda tug‘ilgan U.S. ismli yana bir vatandoshimiz vafot etgan. Bu o‘lim aniq qiynoqlar asosida bo‘lganini prokuratura tekshiruvlari tasdiqladi.

2016 yilga qadar, nolegitim hibsga olishlar, ta’qiblar va qiynoqlar – davlat siyosati edi. U davrda jamoatchilik tafakkurini, insonlarning shuurini qo‘rquv bilan boyitish – o‘sha ma’muriyatning vaziyatni nazorat qilish borasidagi siyosiy texnologiyasi edi. Lekin, bu boshqaruv modeli, O‘zbekistonni dunyo hamjamiyati oldida sharmanda qildi, mintaqada davlatning liderlik maqomiga juda katta zarba berdi, mamlakatning iqtisodiy va siyosiy rivojiga katta to‘g‘anoq bo‘ldi.

2016 yildan keyin ham, kuch ishlatar tizimlari tomonidan nolegitim qiynoqlar va ta’qiblar kuzatilmoqda, lekin keyingi yillarda O‘zbekiston davlatchiligida muhim narsa kuzatildi – ratsionalizm.

Ikkinchi ma’muriyat, ratsionalizmdan kelib chiqib, O‘zbekistonning komplekt manfaatlari yo‘lida, nolegitim repressiv mashinadan voz kechdi. Hokimiyat huquqiy davlatchilik tomon harakat qilmoqda. Lekin xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, huquqiy davlatchilik – bu faqat siyosiy iroda emas. Huquqiy davlat qurish uchun, albatta, kuchli siyosiy iroda kerak. Lekin undan tashqari juda katta urinishlar, intilishlar va tajribalarni o‘zlashtirish kerak bo‘ladi.

Misol uchun, ko‘plab huquqiy davlatlarda, inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan aholi punktida politsiyachi bo‘lib ishlashi mumkin emas. Chunki, u mahalliy aholini yaxshi taniydi, shu sabab qonunlar ijrosi borasida tanish-bilishchilik qilishi yoki o‘zining dushmanlariga nisbatan noxolis yondashishi ehtimoli yuqori.

Qolaversa, boshqa joyga yuborilgan politsiyachi, hech bir aholi punktida 5 yildan ortiq xizmat qila olmaydi. Chunki 5 yil mobaynida u mahalliy aholi bilan tanishib, o‘zaro munosabatlar shakllangan bo‘ladi.

Yana, huquqiy davlatlarda politsiyachilar hech qachon bir o‘zi xizmat yuzasidan yurishi mumkin emas. Kamida 2-3 kishi bo‘lib yurishi, ularning kiyimidagi kameralar yoniq bo‘lishi kerak. Sababi, bir tomondan xavfsizlik, ikkinchi tomondan 2-3 politsiyachi, biron bir operatsiyani amalga oshirmoqchi bo‘lsa, sovuqqonlik bilan o‘zaro maslahatlashib olishlari va bu ishlar kodeksga mosligini tekshirib olishlari kerak bo‘ladi.

Barcha davlatlarda kuchishlatar tizimlari, “davlat ichidagi davlat” bo‘lishga moyil bo‘ladi. Hatto eng demokratik davlatlarda ham. Misol uchun, AQSh tarixida bo‘lgan voqea. Edgar Guver 1924-72 yillar davomida, ya’ni 48 yil – salkam yarim asr Federal tergov byurosining direktori bo‘lgan. Hatto AQSh prezidentlari va senatorlar ham Guverni ishdan ololmagan. Hamma undan qo‘rqqan. Hamma undagi kompromatlar yoki boshqa ma’lumotlar sizdirilishidan xavotirlangan. Prezidentlar kelib ketavergan, lekin Guver o‘lguniga qadar FQB direktori lavozimida qolavergan. Faqat u 1972 yilda o‘lishi bilanoq qonun chiqarilganki, hech bir shaxs FQB direktori sifatida 10 yildan ortiq lavozimda bo‘lishi mumkin emas deyilgan.

Tarixiy tajribalar orqali o‘rganilganki, agar kuchishlatar tizimlari ustidan doimiy, malakali, institutlashgan nazorat o‘rnatilmasa – xodimlar, mulozimlar o‘z vakolatlarini albatta suiiste’mol qilishadi. Chunki, militsiya yoki politsiya xodimlari jinoyatchilik bilan kurashar ekan, ular gumonlanuvchilarni aybdor deb ishonishadi, va buni isbotlash uchun, kuch ishlatishga moyil bo‘lishadi. Lekin ichki ishlar, davlat xavfsizlik tizimi, prokuratura kabi davlat organlarining fundamental vazifasi – insonlarning haq-huquqlarini ta’minlash, himoya qilish, insonlarning erkini parvarishlash hisoblanadi.

Dunyodagi eng yaxshi kuchishlatar tizimlar – huquqiy davlatlardagi organlardir. Buning sababi, bu davlatlarda kuchishlatar tizimlari ustidan muttasil va institutlashgan nazorat tizimi mavjud. Davlatning nazorat tizimidan tashqari, jamoatchilik nazorati ham kuchli. Bu soha xodimlarining faoliyat kodeksi juda aniq belgilangan, juda chuqur o‘rgatiladi, va doimiy takrorlab boriladi. Militsiya xodimining kuch ishlatib, vakolatini oshirib xato qilganidan ko‘ra, yumshoq muomala qilib xato qilgani yaxshiroq hisoblanadi.

O‘zbekistonda kuch ishlatar tizimlarining qanday ishlashi – keyingi yillarda O‘zbekistonning global reputatsiyasiga jiddiy ta’sir qiluvchi omil. Agar qiynoqlar, nolegitim kuch ishlatishlarga tezroq barham berilmasa, bu O‘zbekistonning ikkinchi ma’muriyati uchun ham tarixiy dog‘ bo‘ladi, davlatning kompleks manfaatlariga katta zarba beradi.

Eng muhimi – qiynoqlar, nolegitim ta’qiblar va qamoqlar – yangi normaga aylanmasligi kerak. Agar bu holat normaga aylansa, O‘zbekiston yutqazgan bo‘ladi, ikkinchi ma’muriyat yutqazgan bo‘ladi, har birimiz yutqazgan bo‘lamiz.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid