Jahon | 18:43 / 07.06.2023
22897
14 daqiqa o‘qiladi

Maxfiy ma’lumotlarini brilliantlarga almashgan zobit: FQB agenti nega SSSR va Rossiya foydasiga josuslik qilgandi?

2001 yil fevral oyida Rossiya tashqi razvedka idorasi o‘zining AQShdagi muhim josusidan ayriladi. Shu kuni avvaliga SSSR paytida KGB, so‘ng Rossiya xavfsizlik idoralariga maxfiy ma’lumotlarni sotgan Federal qidiruv byurosi agenti Vashingtonda qo‘lga olinadi. 2002 yilda sud unga 15 marta umrbod qamoq jazosi tayinlaydi. 22 yil qattiq rejimli qamoqxonada o‘tirgan sobiq FQB agenti 2023 yil 5 iyun kuni o‘zining kamerasida jonsiz holda topildi.

Foto: expandmywealth.com

AQSh va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari tarixiga nazar tashlansa, KGB hamda sovet tashqi razvedka boshqarmasi xodimlaridan juda ko‘pchiligi G‘arb davlatlariga qochib o‘tganini ko‘rish mumkin.

Ularning aksariyati AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, aksincha Britaniya yoki AQSh xavfsizlik xizmati xodimlari sovetlar foydasiga ishlagan.

KGB josuslarining G‘arbga qochib o‘tishlariga ayrim hollarda pul, boshqasida SSSRda zo‘ravonlik va ma’muriy buyruqbozlik ustiga qurilgan tuzum sabab bo‘lgan. G‘arbga qochib ketgan juda ko‘p KGB xodimlari sovet ittifoqidagi adolatsiz va zo‘ravon tuzumda yashashni xohlashmaganini aytishgan.

Ularning ayrimlari xizmatlari qadrlanmaganini sabab qilib ko‘rsatgan. Yoki nohaq jabr ko‘rgani uchun alamzada bo‘lishgan va G‘arbga qochib o‘tishgan.

Biroq shunday bo‘lsa-da MRB yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati foydasiga ishlagan josuslarga, G‘arbga qochib borib ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan KGB xodimlariga juda katta miqdorda mukofot pullari to‘langan.

Shuningdek, G‘arb davlatlarida erkin jamiyat va yuqori maosh to‘langaniga qaramasdan ayrim hollarda SSSR foydasiga josuslik qilgan shaxslar ham uchrab turgan.

Ularning ayrimlari sovetlarning «butun dunyoni teng qilish» haqidagi puch g‘oyasiga uchgan bo‘lsa, boshqalari sovetlar tomonidan to‘langan mo‘may pulga qiziqqan. Ana shulardan biri Federal qidiruv boshqarmasi (FQB) agenti Robert Hanssen edi.

Robert Hanssen uzoq yillar davomida avvaliga KGB bilan, SSSR parchalanib ketgach Rossiya xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qiladi va bu xizmati uchun katta miqdorda pullar oladi. Oxir-oqibat u 2001 yilda qo‘lga tushadi va umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Robert Hanssen o‘quvchilik yillarida va qo‘lga olinishidan sal avval / Foto: alamy.com

Robert Hanssen – tug‘ma politsiyachi

Robert Hanssen 1944 yilda Chikagoda politsiyachi oilasida tug‘iladi. O‘rta maktabni bitirgach u kollejda rus tilini o‘rganadi. 1968 yilda Robert 24 yosh ekanida otasining izidan borib Chikago politsiyasiga ishga kiradi. U ichki xavfsizlik boshqarmasiga tergovchisi sifatida ishlay boshlaydi.

Oradan to‘rt yil o‘tib, 1976 yilda Robertni FQBga ishga taklif etishadi. U tashkilotning Indiana shtatidagi idorasida ishlaydi. 1978 yilda Robert FQBning Nyu-Yorkdagi idorasiga o‘tadi.

Bu yerda u avvaliga jinoiy surishtiruvlar bo‘limida ish boshlaydi. So‘ng razvedkaga qarshi bo‘limiga o‘tkaziladi.

Nyu-Yorkda ishlab yurganida uning asosiy vazifasi AQShda diplomat sifatida ishlab aslida josuslik bilan shug‘ullanib yurganlikda gumonlangan xorijiy shaxslar haqida hujjat to‘plash edi.

Robert hujjat to‘plagan shaxslarning aksariyati SSSRning Nyu-Yorkdagi konsulligi xodimlari niqobi ostida ishlayotgan sovet josuslari edi.

1981 yilda Robert FQBning Vashingtondagi bosh idorasiga o‘tadi. Rus tilini yaxshi bilgani uchun agent u yerda SSSR bo‘yicha tahlil bo‘limida ishlay boshlaydi.

KGB bilan hamkorlik

1979 yilda Robert pul evaziga ma’lumot sotishga qaror qiladi va Nyu-Yorkdagi Sovet savdo uyiga borib, savdo xodimi qiyofasida o‘tirgan josusga hamkorlik qilish taklifini bildiradi.

O‘shanda Robert qo‘lidan juda ko‘p maxfiy materiallar o‘tishini va ular tufayli ozroq pul ishlab olishni maqsad qilganini aytadi. Shundan so‘ng undan maxfiy materiallarni so‘rashadi, u beradi. Bu ishi uchun unga o‘sha paytda yaxshi haq to‘lashadi.

Biroq uzoq yillar davomida Britaniya razvedkasi bilan hamkorlik qilgan va oxir-oqibat G‘arbga qochib ketgan KGB polkovnigi Oleg Gordiyevskiyning ma’lum qilishicha, Robert Hanssen sovet maxfiy xizmati bilan hamkorlik qilishni 1985 yilda boshlagan.

Robert sovetlarga sotgan maxfiy ma’lumotlar orasida FBR va Markaziy Razvedka boshqarmasi (MRB) bilan hamkorlik qilayotgan sovet josuslari haqidagi ma’lumotlar ham bor edi.

Foto: abeldanger.net

Jumladan, AQShda josuslik qilgan va Amerika xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan general Dmitriy Polyakov fosh etilishiga aynan Robert Hanssen sovetlarga bergan ma’lumotlar sabab bo‘lgandi.

1980 yilda Robert sovet josuslariga ma’lumot sotayotgani haqida xotiniga aytadi. Ayol zudlik bilan erini cherkovga jo‘natadi va tavba qilib sovetlardan olgan pullarini ehson qilishini tayinlaydi. Robert xotinining aytganini qiladi va sovetlar bilan hamkorlikni to‘xtatadi.

1985 yilda Robert yana sovet josuslari bilan hamkorlikni boshlaydi. U shifrlangan maxfiy ma’lumotlarni turli jamoat joylariga yashirar, so‘ng avtomat telefondan qo‘ng‘iroq qilib joyni aytardi. Sovet josuslari u aytgan joydan ma’lumotlarni olib ketishardi.

Shu tariqa 1991 yilgacha Robert KGBga juda ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni yetkazib turadi. SSSR parchalanib ketgach aloqalar uziladi.

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng bir muddat Robertning tinchi buziladi. Chunki o‘sha paytdan boshlab AQShga ko‘plab sobiq KGB xodimlari ko‘chib o‘ta boshlaydi va ulardan kimdir Robertni sotib qo‘yishi mumkin edi.

Biroq Robertning xavotirlari o‘rinsiz ekan, hech kim uni sotmaydi. O‘shanda unga o‘xshagan josuslar haqida barcha xodimlar bilmas, shu tufayli uning KGBga ma’lumotlarni sotgani oshkor bo‘lmaydi.

Rossiya tashqi razvedka xodimlari bilan hamkorlik

1999 yilda Robert AQShda ishlayotgan Rossiya maxfiy xizmat xodimlari bilan aloqaga chiqadi va hamkorlikni davom ettirish taklifini bildiradi.

Bu paytga kelib Robert Hanssenda juda ko‘plab maxfiy muassasalarga kirish va ma’lumotlar olish uchun ruxsatnoma bor edi.

Rossiyaliklar bilan hamkorlik qila boshlagandan so‘ng oradan ikki yil o‘tib 2001 yilda Robert qo‘lga tushadi. Uni Rossiyaning BMTdagi vakillari orasida ishlagan va keyinchalik AQShga qochib o‘tgan Sergey Tretyakov «sotgan» deyishadi. Biroq bu ma’lumot tasdiqlanmagan.

Foto: alamy.com

Robertni MRB foydasiga josuslik qilgan sobiq KGB xodimlaridan biri «sotgani» haqiqatga yaqinroq. O‘sha xodim SSSR paytidayoq FQB agentlaridan biri Ramon Garsiya laqabi ostida sotqinlik qilayotgani haqida bilardi. Biroq sotqinning ism-sharifi Robert Hanssen ekanini bilmasdi.

KGB xodimi 2000-yillar boshida AQShga ko‘chib o‘tgach o‘zida bor maxfiy ma’lumotlarni MBR xodimlariga «sotadi». U bergan hujjatlar orasida avvaliga KGB, so‘ng Rossiya tashqi razvedka xodimlari bilan hamkorlik qilib kelayotgan FQB agenti haqidagi ma’lumotlar ham bor edi.

Biroq ungacha FQB ham o‘z agentlaridan biri Rossiya foydasiga josuslik qilayotgani haqida dalillarga ega edi. Biroq ular ham sotqin aynan Robert Hanssen ekanini bilmagan.

Oxir-oqibat FQBdagilar KGB bilan ham hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan agentni qidirayotib Robert Hanssendan gumon qilishadi. Agent kuzatuvga olinadi. Uni navbatdagi «operatsiya» ustida ushlashga qaror qilishadi.

Robertni kuzatish va qo‘lga olish ishlariga FQBning tajribali agenti Richard Garsiya boshchilik qiladi. Unga yosh xodim Erik O'Nil yordam beradi.

FQB xodimlari Robert Hansseni kuzatishar ekan, voqealar xuddi Hollivud filmlarida ko‘rsatiladigan hodisalarga o‘xshardi. Richard Garsiya Robertni chalg‘itib, uni turli joylarga olib boradi. Bu paytda boshqa agentlar, jumladan Erik O'Nil uning mashinasini, uyini, idoradagi narsalarini tekshirib ko‘rishadi.

Ana shunday tekshiruvlardan birida Robertning mashinasidan «Mutlaqo maxfiy» deb yozilgan hujjatlar to‘plamini topishadi. Shuningdek, Erik O'Nil uning mini kompyuteri va telefon qurilmasi xotirasini ham ko‘chirib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Biroq ular Robertning sotqinligi uchun yetarli dalil bo‘la olmasdi. Shu sababli uni navbatdagi maxfiy ma’lumotlarni belgilangan joyga qo‘yib ketish paytida ushlashga qaror qilishadi.

Robertni kuzatayotgan agentlar juda ehtiyotkorlik bilan ishlashgani uchun u o‘zini poylab yurishganini mutlaqo sezmaydi.

2001 yil 18 fevral kuni Robert maxfiy ma’lumotlarni Virjiniya shtatidagi Foksston parkida (Vashington shahriga yaqin) belgilangan joyga qo‘yib ketar ekan, uni qo‘lga olishadi. Robert Hansseni qo‘lga olish operatsiyasida 300 nafarga yaqin FQB xodimlari ishtirok etadi.

Robert Hanssenning qo‘lga olinishi / Foto: Getty Images

O‘sha paytda Robert Hanssen 56 yoshda bo‘lib, uning qo‘lga olinishi juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Hodisadan xabar topgan AQSh prezidenti Kichik Jorj Bush «Bugun o‘z mamlakatini yaxshi ko‘ruvchi barcha uchun og‘ir kun bo‘ldi», deydi.

FQBning o‘sha paytdagi rahbari Luis Fri esa «Bu AQSh tarixidagi josuslik bilan bog‘liq eng jiddiy hodisa bo‘ldi», degandi.

Keyinchalik uni sotgan sobiq KGB xodimiga FQB million dollardan oshiq pul to‘lagani ma’lum bo‘ladi. Biroq xavfsizlik nuqtai nazaridan uning kimligi oshkor qilinmaydi.

O‘sha paytda Robert Hanssen FQBda o‘ziga qarshi qanday dalillar borligini aniq bilmasdi. Shu tufayli bir muddat ikkilanadi.

Agar u AQShga xiyonat qilganidan tonsa va FQB buni isbotlasa, Robert o‘lim jazosiga hukm qilinardi. Mabodo aybini tan olsa va hamkorlik qilsa, faqat uzoq yillik qamoq jazosi olardi.

Robert ikkinchi yo‘lni tanlaydi. 2001 yil 6 iyun kuni o‘tkazilgan sud majlisida u 15 ta holat bo‘yicha SSSR va Rossiya foydasiga josuslik qilganini tan oladi.

Sud jarayonlarida unga SSSR va Rossiya foydasiga sotqinlik qilgan yana bir amerikalik Oldrich Eyms va 1999 yilda Bill Klinton bilan Oq uyda ishqiy munosabatda bo‘lgan Monika Levinskiyga xizmat qilgan mashhur advokat Plato Kecheris yordam beradi.

Sud jarayonida Robert Rossiya tashqi razvedka xodimlariga bergan maxfiy ma’lumotlari uchun jami 1,4 million dollar olgani ochiqlanadi. Rossiyaliklar unga 600 ming dollarlik taqinchoqlar va naqd pul berishadi. Yana 800 ming dollarni bank hisob raqami orqali o‘tkazishadi.

2002 yilda sudning yakuniy majlisida Robert bir necha million dollar jarima va 15 marta umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Shuningdek, sud qarorida u har qanday holatda ham ozod bo‘lish huquqidan mahrum qilingandi.

Foto: expandmywealth.com

O‘shanda u ishni ko‘rib chiqqan sudyaga qarab xoinligidan afsusdaligini aytadi:

«Qilgan ishim uchun uzr so‘rayman. Men uchun bu uyat. Men o‘z xatti-harakatlarim bilan butunlay begunoh bo‘lgan xotinim va o‘g‘limning tuhmat va la’nat ostida qolib ketishlariga sababchi bo‘ldim. Bu men uchun eng og‘riqli holat bo‘ldi».

Robertni Kolorado shtatidagi qattiq rejimli qamoqxonada saqlay boshlashadi. Bu qamoqxonada umrbod qamoq jazosi olganlar saqlanadi va ular alohida kameralarda bir-birini ko‘rmasdan yolg‘iz o‘tiradi.

2023 yil 5 iyun kuni 22 yildan buyon qamoqda o‘tirgan 79 yoshli Robert Hanssen vafot etdi. U Kolorado shtatidagi qattiq rejimli qamoqxonadagi o‘z kamerasida o‘lik holda topiladi.

Reuters FQB ma’lumotlariga asoslanib Robert o‘z kamerasida o‘lik holda topilganini ma’lum qildi. Associated Press o‘z manbaasiga tayanib Robertning o‘limi tabiiy yuz berganini yozib chiqdi.

Robert Hanssen haqida film

Robertning qo‘lga olinib qamalishi juda shov-shuv bo‘ladi. Shundan so‘ng 2006 yilda Hollivudda rejissyor Billi Rey shu haqda film suratga oladi.

«Xiyonat» deb atalgan filmda Robert Hanssening hayoti boricha ko‘rsatilgan. Filmda ham xuddi hayotda bo‘lganiday uning sotqinligini isbotlash va qo‘lga olishda asosiy rolni Erik O’Nill ism-sharifli yosh FQB xodimi bajaradi.

«Xiyonat» filmidan lavha. Robert Hanssenning qo‘lga olish jarayoni

Universal Pictures kinokompaniyasi tomonidan suratga olingan filmga 37 million dollar sarflangan. Uning taqdimoti 2007 yil fevralda o‘tkaziladi.

Filmda bosh rolni taniqli aktyor Kris Kuper, Erik O’Nill rolini esa Rayan Filipp ijro etgan. Film ijodkorlari uning jahon taqdimotidan jami 41 million dollar mablag‘ ishlashgan. 106 daqiqa davom etadigan film kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholangan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid