“Nomi bor-u, so‘zi yo‘q tashkilotlar” - Ombudsman va Milliy markaz nega jim?
Ichki ishlar organlarida tergov qilinayotgan ketma-ket ikki fuqaroning vafot etishi ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘lyapti, OAV tomonidan ham keng yoritilyapti. Lekin O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilyapman deb budjetdan milliardlar oladigan ikki tashkilot – Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz og‘ziga tolqon solib olgan.
29 may kuni o‘zini Chilonzor tuman IIB binosi 4-qavatidan tashlab yuborgani aytilayotgan 21 yoshli yigit vafot etdi. 4 iyun kuni esa Bo‘ka tumani IIB tezkor xodimlari 36 yoshli yigitni qiynab o‘ldirishgani ma’lum bo‘ldi. Rasmiylar Chilonzor IIBda vafot etgan yigitning o‘zini ayblayotgan bo‘lsa, Bo‘ka tumanidagi fojiada tezkor xodimlarning qo‘li borligi tan olindi.
Bu ikki hodisa so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqning o‘zbekzabon segmentida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, OAV tomonidan ham keng yoritilmoqda. Lekin, o‘zlarini O‘zbekistonda inson huquqlari “himoyachi”si hisoblaydigan ikki yirik tashkilot xuddi bunday fojialar fonida lom-mim deyotgani yo‘q.
Bularning birinchisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman. 2021 yildan bu lavozimda Feruza Eshmatova faoliyat yuritmoqda. Aslida tuzilishidan mohiyati va falsafasi inson huquqlarini ta’minlash, qiynoqlarning oldini olishga ko‘maklashish bo‘lgan tashkilotning vazifasi qonunda ham belgilab qo‘yilgan.
Ya’ni Ombudsman, unga kimdir shikoyat qilmasa ham “inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida axborot mavjud bo‘lganda … o‘z tashabbusi bilan faktlar tekshiruvini o‘tkazishga haqlidir”.
Undan tashqari, Ombudsmanda jurnalistlarning “dostupi” bo‘lmagan joylarga, mansabdorlarning oldiga navbatsiz kirish, faktlarni tekshirish huquqlari bor. Feruza Eshmatova jamiyatda katta rezonans uyg‘otgan bunday fojialarga munosabat bildirmagani ajablanarli. Ombudsman bu ikki fojia haqida eshitmay qolgan bo‘lishi esa, shunchaki fojia.
Jamiyatda borligi deyarli bilinmaydigan yana bir tashkilot – Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari sanaluvchi Akmal Saidov – rahbari vazirga tenglashtirilgan bu tashkilotning direktori.
Markazning asosiy vazifalari qatoriga inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohada O‘zbekiston olgan xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha davlat organlariga ko‘maklashish hamda inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o‘rganish, tahlil qilish kabi funksiyalar kiradi.
Bundan tashqari, markaz inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish vakolatiga ham ega.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Ombudsman matbuot xizmati rahbari Fotima Madrahimova tashkilot bu masala yuzasidan munosabat bildirishini ma’lum qildi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz matbuot xizmati esa qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.
Ma’lumot uchun, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanga 2023 yilda davlat budjetidan 16,4 mlrd so‘m ajratilgan, Milliy markazga esa 13,4 mlrd so‘m.
Bundan tashqari, milliy markaz direktorining o‘rinbosarlari ham vazir yordamchisi darajasida bo‘lib, tashkilot o‘z xizmat mashinalariga ham ega.
Mavzuga oid
18:39 / 19.12.2024
Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi
14:56 / 10.12.2024
Kun so‘rovi: O‘zbekistonda inson huquqlarini qaysi tashkilotlar himoya qiladi?
22:33 / 02.12.2024
“Jiddiy asoslar talab qilinishi kerak” - faollar BAAga kiritilmagan o‘zbeklar voqeasi haqida
17:35 / 18.11.2024