Jahon | 11:47 / 08.06.2023
8556
2 daqiqa o‘qiladi

Bishkekda davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilinganlar qamoqqa olindi

Qirg‘iziston sudi “Eldik Kenesh” partiyasi rahbari Roza Nurmatovani “hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishga uringanlikda” ayblab, hibsga oldi.

Roza Nurmatova

Bishkek sudi “Eldik Kenesh” partiyasi rahbari Roza Nurmatova, “Chek ara” (“Chegara”) jamoat birlashmasi a’zosi Guljigit Isoqov va yana ikki nafar ushlaganlarni 21 iyunga qadar hibsga oldi. Ularning barchasi “hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish”ga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilinmoqda, deb xabar beradi mustaqil nashrlar 7 iyun, chorshanba kuni.

Ushlanganlardan yana biri, Qirg‘iziston Milliy universiteti o‘qituvchisi Cho‘lponbek Sidiqboyev sud tomonidan uy qamog‘iga olindi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) avvalroq Bishkekda “hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish”ga tayyorgarlikda gumon qilingan 30 dan ortiq shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qildi. “Ushbu jinoiy guruh bir yil davomida tarafdorlarni jalb qilish va mamlakat bo‘ylab eng norozi fuqarolarni o‘z safiga qo‘shish bo‘yicha maqsadli ishlarni amalga oshirdi”, - deyiladi maxsus xizmat xabarida.

Davlat to‘ntarishiga tayyorgarlikning “asosiy tashkilotchisi va g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi” “Eldik Kenesh” partiyasi raisi Roza Nurmatova bo‘lgan, deb ma’lum qildi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi. Xavfsizlik kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, uning rahbarligida doimiy ravishda "hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish rejalarini muhokama qilish bilan davlat tuzilmalariga qarshi shaxslarni to‘plashga qaratilgan maxfiy uchrashuvlar" o‘tkazilgan.

Mavzuga oid