O‘zbekiston | 21:12 / 08.06.2023
30861
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston rivojlanishning qay bosqichida: iqtisodiyot, siyosat va tahdidlar

O‘zbekiston o‘z tarixidagi 7-prezidentlik saylovi arafasida turibdi. Xo‘sh, bu siyosiy jarayon mamlakat rivojlanishining qaysi tarixiy bosqichida ro‘y bermoqda? Kun.uz muxbiri yaqin siyosiy o‘tmish va bugungi status-kvo haqidagi savollarni faollar bilan muhokama qildi.

Intervyu mehmonlari Siyosatshunos Farhod Tolipov, yozuvchi Ulug‘bek Hamdam va ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert, iqtisodchi Bahodir G‘aniyevni bo‘ldi.

— Insoniyat tarixida har bir mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyasi, ya’ni rivojlanish bosqichi bo‘ladi. Bu deylik, quldorlik, feodalizm yoki kapitalizm. Bu bosqichlarga xos xususiyatlarni ham yaxshi bilasiz.

Xo‘sh, iqtisodchi, yozuvchi va siyosatshunos sifatida bugungi o‘zbek davlatchiligi, jamiyati qaysı ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya bosqichida deb o‘ylaysiz?

Farhod Tolipov:

— Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya tushunchasi siyosatshunoslikda bir xilda qabul qilingan qat’iy tushuncha emas, lekin tushunarli bo‘lgan atama. Tarixdan ma’lumki, insoniyat bugunga qadar bir nechta bosqichlardan o‘tgan: quldorlik, feodalizm, kapitalizm, sotsializm kabi. Lekin bularni qat’iy davrlashtirib bo‘lmaydi, har bir joyda har xil. Formatsiyalarning ba’zi bosqichdagi ko‘rinishlari ba’zi holatlarda ikkinchi bir bosqichda ham merosdek saqlanib qoladi. Bizda ham, ba’zi sobiq ittifoq davlatlarida ham sotsializmning ba’zi elementlari saqlanib qolmoqda. Sof bo‘linish, farqlanish keyinchalik bo‘lishi mumkin.

Farhod Tolipov

Tarixchilar, boshqa bir mutaxassislardan bu borada so‘z so‘raganimda, doim bozor iqtisodiyoti deyishadi. To‘g‘ridan to‘g‘ri kapitalizm deyishga cho‘chishadi. Mustaqillikning ilk davridan shunaqa bizda. Menimcha, Sovet davridagi qo‘rquv ongda bor haliyam. Umuman olganda, kapitalizm bu. O‘zi adabiyotlarda kapitalizmdan so‘ng sotsializmga o‘tiladi, deyiladi, lekin biz sotsializmdan so‘ng kapitalizmga o‘tdik.

Ulug‘bek Hamdam:

— Marksizm nuqtai nazaridan qaralsa: sinflar bo‘lmagan tizim, ya’ni ibtidoiy jamoa tizimi, sinflar mavjud bo‘lgan quldorlik, feodalizm, kapitalistik tizimlar, keyin esa sotsializm. Sotsializm ham bosqichlarga bo‘linib ketadi.

Odamlarni, hayotni kuzatib aytadigan bo‘lsam, bizda hammasi aralash. Ya’ni qanaqadir «mix» holatda turibmiz. Ayb formatsiyalarda ham emas, menimcha. Biz sotsializmdan voz kechdik deymiz, lekin shu sotsializmni ham juda yaxshi rivojlantirayotgan mamlakatlar bor, masalan, Xitoy, Avstriya kabi davlatlar. Qozog‘iston rivojlandi yonimizdagi, shuning uchun aybni formatsiyadan qidirmaslik kerak. Masalan, ko‘pgina kapitalistik mamlakatlarda ijtimoiy himoya masalasi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, bizda bu narsa faqat sotsializmga xos deyiladi.

Qishloqlardagi klasterlar, ijarachilar, fermerlar bor — feodalizm ko‘rinishida bular. Shaklda rivojlanish bor, lekin mazmun-mohiyati shunday. Insoniyat hu ortda qoldirib kelgan narsa bizda yashayapti. Shuning uchun aralash. Bu yerda gap o‘sha formatsiyalarni qay darajada rivojlantirish, xalq saviyasida gap.

Bahodir G‘aniyev:

Men uchun qaysidir hududda, qishloq bo‘lsin, tuman, viloyat bo‘lsin, qarorlar qabul qilishda o‘zini ega hisoblasa, bu — feodalizm. Ya’ni munosabatga bog‘liq. Qachonki xalqni o‘ylab, xalq vakili sifatida ish ko‘rsa, o‘shanda feodalizmdan chiqqan bo‘lamiz. Hokimlarni saylash masalasi deymiz, lekin uning ham bunga ta’siri yo‘q. Demokratiya rivojlanmagan jamiyatda saylov — elitalarning o‘z lavozimini rasmiy tasdiqlash usuli, xolos.

Bahodir G‘aniyev

Bizda kapitalizm yo‘q, lekin shunga qarab ketyapmiz. Yuqorida aytilgandek, qishloq joylarda yer egaligi, mahalliy hokimliklar masalasida feodalizm hali ham bor. Bundan tashqari, Sovet davridan qolgan sotsializm ko‘rinishlari bor. Oddiy misol: kommunal to‘lovlardagi subsidiyalar, ya’ni arzon. Yaxshi-yomon demayapman, ammo uch formatsiya ham bor bizda — aralash.

Shok terapiyasini o‘tkazgan davlatlar birinchi navbatda energiya resurslarining narxini erkinlashtirgan. Aholi to‘lov qobiliyati ham hisobga olinadi, lekin asosiy omil bo‘lmaydi. Bizga qimmatroq bo‘lib, qishda ham energiya uzilishlari bo‘lmagani yaxshiroq, menimcha, arzon bo‘lib, qishda yo‘q bo‘lib qolgandan ko‘ra. To‘lanayotgan so‘mmalar qayerga ketayotgani esa ijtimoiy siyosat masalasi emas, balki shaffoflik va demokratiya masalasi. Narx oshishi va korrupsiya, noto‘g‘ri sarflanish kabi narsalar ikki xil masala.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid