O‘zbekiston | 14:42 / 09.06.2023
16218
2 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlarga imtihon javoblari chiqqandan keyin yo‘nalish tanlash imkoni berilishi mumkin

Keyingi o‘quv yillaridan abituriyentlarga hujjat topshirayotganda emas, imtihonga kirib, test natijalari chiqqandan keyin yo‘nalish tanlash imkoniyati berilishi mumkin. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri mazkur tartib ustida ish boshlanganini aytdi.

Foto: KUN.UZ

Abituriyentlar test natijalari ma’lum bo‘lganidan so‘ng yo‘nalishlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda yangi o‘quv yiliga oid o‘zgarishlarga bag‘ishlangan suhbatda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.

Vazir suhbatda kelgusi yillardan OTMlarga qabulda kutilayotgan o‘zgarishlar masalasiga ham to‘xtaldi.

Bu ham yangilik bo‘ladi. Hozir shuning ustida ishlayapmiz. O‘qishga hujjat topshirayotganda 5ta yo‘nalishni tanlaydi. Keyingi yildan imtihondan o‘tgach, test natijalari chiqqandan keyin yo‘nalishlarni tanlash imkoniyatini beramiz. Yangi islohot ustida Moliya, Mehnat va bandlik [hozirgi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi] vazirliklari bilan birga bu ishlarni rejalashtiryapmiz”, – dedi Abdurahmonov.

Vazirning izoh berishicha, bunday tartibga ehtiyoj abituriyentlar imtihonga yaqin qolganda fikrini o‘zgartirib, yo‘nalishini o‘zgartirishni so‘rab qolish holatlari ko‘paygani sabab yuzaga kelgan.

Bu muammolar bor, abituriyent yo‘nalishini o‘zgartirishini so‘rab vazirlikka murojaat bilan kelgan vaziyatlar ham ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun yangi tartib haqida o‘ylayapmiz”, – dedi vazir. 

Mavzuga oid