O‘zbekiston | 19:51 / 09.06.2023
14874
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari bo‘yicha tushumlarning 1 mlrd so‘mdan ortig‘i o‘zlashtirilgani ma’lum bo‘ldi

Sobiq Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar va Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga qaytarishi lozim bo‘lgan 1,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirib yuborilgan. Adliya vazirligi bu pullar aholiga to‘liq qaytarilgani, 7 nafar xodim lavozimidan ozod qilinib, ish prokuraturaga yuborilganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Adliya vazirligi ichki audit xizmati 2019-2022 yillarda davlat xizmatlari ko‘rsatishda noto‘g‘ri to‘langan yoki xizmatdan foydalanilmagan mablag‘larni yuridik va jismoniy shaxslarga qaytarishda belgilangan tartibga rioya etilishi holatini o‘rgangan.

Vazirlik matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, o‘rganishda cobiq Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasida 864 mln so‘m va Samarqand viloyat boshqarmasida 394 mln so‘m jismoniy va yuridik shaxslarga qaytarilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar ayrim buxgalteriya va davlat xizmati markazi xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgani aniqlangan.

“Ko‘rilgan choralar natijasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar to‘liq qaytarilishi ta’minlangan. Aybdor 7 nafar xodim lavozimidan ozod etilgan hamda jinoiy javobgarlik masalasini hal etish uchun to‘plangan materiallar shu yil fevral oyida prokuratura organlariga yuborilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, davlat xizmatlari markazlari aholiga yiliga 11,5 mlndan ortiq xizmat ko‘rsatadi va bu xizmatlar uchun 1,1 trln so‘m to‘lovlar undiriladi, xato o‘tkazilgan yoki xizmatdan foydalanmagan 4 mingga yaqin shaxsga to‘langan mablag‘lar qaytariladi. Barcha jarayon maxsus elektron dasturda amalga oshadi va xodimlar suiiste’mol qilishi holatini aniqlash va oldini olish choralari ko‘rib boriladi”, –deyiladi vazirlik axborotida.

Vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar vazifasini halol va vijdonan bajarmagan taqdirda ularga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Toshkent shahar adliya boshqarmasi sobiq mansabdor shaxslari davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha to‘langan mablag‘larni talon-toroj qilgani, holat bo‘yicha prokuratura Jinoyat kodeksining 167 hamda 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qilgan edi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat xavfsizlik xizmati organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishda ayrim davlat xizmatlaridan kelib tushgan mablag‘larning budjetga va boshqa vazirlik, idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga noto‘g‘ri taqsimlanganligi aniqlandi”,deyiladi agentlik xabarida.

Agentlik o‘rganishi yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar jinoyat ishiga qo‘shib hal qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

Mavzuga oid