Kim Chen In o‘zini o‘ldirayotganlar soni keskin oshgani yuzasidan maxfiy yig‘ilish o‘tkazdi
Shimoliy Koreyada ko‘pchilik ochlik tufayli oilaviy bo‘lib o‘z joniga qasd qilmoqda. KXDR rahbari o‘z joniga qasd qilishni «sotsializmga xiyonat» deb atagan.
Shimoliy Koreyada o‘z joniga qasd qilish holatlari bir yil avvalgiga qaraganda 40 foizga ko‘paygan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga asoslanib Radio Free Asia nashri yozmoqda.
Nashrning KXDR hukumatidagi manbalari ismi sir qolish sharti bilan ma’lum qilishicha, mamlakat yetakchisi Kim Chen In bu masalada maxfiy majlis o‘tkazgan va mansabdorlarga o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib ketgani bo‘yicha chora ko‘rishni buyurgan. Kim yig‘ilishda o‘z joniga qasd qilishni «sotsializmga xiyonat» deb atagan.
Kim Chen In mahalliy rahbarlarga mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib ketgani, buning oldini olish shartligini aytib, ularni keskin tanqid qilgan. Shundan keyin Kim barcha mahalliy rahbarlarga o‘zi javobgar hududlarda o‘z joniga qasd qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha targ‘ibot o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan. Majlisda aytilgan gaplardan xabardor mansabdorlarga ko‘ra, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari soni hayratlanarli darajada oshib ketgan.
RFA nashri Shimoliy Koreyadagi manbalari aytgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi dalil topa olmagan bo‘lsa-da, bu ma’lumotlar Janubiy Koreya razvedka xizmati may oyi oxirida e’lon qilgan ma’lumotlar bilan mos keladi. Janub razvedkasi Shimoliy Koreyada o‘z joniga qasd qilish holatlari avvalgi yilga qaraganda 40 foizga oshgani haqida yozgan.
«Qiyinchiliklar tufayli insonlarni bunday ishga undovchi omillar ko‘p», deb Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlarini keltirgan RFA nashri. Janub razvedkasi bayonotida qo‘shimcha qilinishicha, yashash qiyin bo‘lib borayotgani sabab shimolliklar orasida zo‘ravonlik jinoyatlari ham ko‘paygan.
Yuqoridagi maxfiy yig‘ilish davomida Kim Chen In o‘z joniga qasd qilish rasman «davlatga va sotsializmga xiyonat» deb belgilanishi kerakligini ta’kidlagan. Mamlakat yetakchisining maxfiy majlisdagi buyrug‘i barcha provinsiya, shahar va uyezd rahbarlari uchun o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda mahalliy rahbarlarga yetkazilgan.
«Uchrashuv Chonjun shahridagi Pohang rayoni partiya kengashi binosida o‘tkazildi. O‘z joniga qasd qilish holatlari haqida ma’lumotlar o‘qib eshittirilganda ba’zi mansabdorlar hayratini yashirib tura olmadi», degan nomi sir qolishi sharti bilan Shimoliy Hamgyon provinsiyasida ishlovchi mansabdorlardan biri.
Oilaviy qasd qilishlar
Yig‘ilishda faqat Chonjun va unga yaqin Kyonson okrugida shu yilning o‘zida 35 kishi o‘z joniga qasd qilgani, aksar hollarda butun boshli oilalar birgalikda o‘zini o‘ldirgani aytilgan. «Zaldagilar o‘z joniga qasd qilganlarning o‘lim oldidan yozgan xatlari, ular mamlakat va ijtimoiy tizim manziliga yo‘llangan tanqidlardan hayratga tushishdi», deydi suhbatdosh.
Ryangan provinsiyasidagi uchrashuvda esa qatnashchilarga o‘z joniga qasd qilishning oqibati ochlikdan ham yomon ekani aytilgan. Bu haqda nashrga yana bir nomini oshkor qilmagan manba ma’lum qilgan. «Aksar o‘z joniga qasd qilish holatlari qashshoqlik va ochlik bilan bog‘liq bo‘lgani sabab mansabdorlar bunga qarshi qanday chora ko‘rishni ham bilmay qolishdi», degan bu manba.
Yig‘ilishda bir qator hayratlanarli holatlar misol sifatida keltirilgan. «Masalan, Hyyesan shahrida 10 yoshli bola ota-onasi margimush yeb o‘zini o‘ldirganidan keyin buvisi bilan yashayotgani aytildi. Bu misol ko‘pchilikni shok holatiga tushirdi», degan nashr suhbatdoshi.
Yig‘ilishda 60 yoshli er-xotin tog‘dagi daraxtga o‘zini osgani, to‘rt kishilik oila oxirgi marta birga ovqatlanganidan keyin oltin qazib olishda ishlatiladigan o‘ta zaharli kaliy sianidi yutib o‘lgani ham misol sifatida keltirilgan. Suhbatdoshning aytishicha, oilalar nochorlikdan qiynalgani sabab yagona chora sifatida birgalikda o‘z joniga qasd qilishni tanlagan. Katta ehtimol bilan, bunday oilalar ulardan kimdir tirik qolsa, qolganlar o‘zini o‘ldirgani uchun ham jazolanishidan qo‘rqib birgalikda o‘z joniga qasd qilgan.
Kim Chen In mamlakat darajasida o‘tkazgan yig‘ilishida o‘z joniga qasd qilish holatlari uchun mahalliy rahbarlar mas’uliyatni o‘z gardaniga olishi kerakligini ta’kidlagan.
«Sovuqqonlikka yo‘l qo‘yganlar jazolanishi, chunki o‘z joniga qasd qilish bu isyonga da’vat va davlatga xiyonat ekani aytildi», degan Radio Free Asia nashri bilan suhbatda mahalliy mansabdor shaxs.
Mavzuga oid
20:40 / 20.12.2024
Shimoliy Koreya hakerlari joriy yilda 1,3 mlrd dollarlik kriptovaluta o‘g‘irladi
11:50 / 01.12.2024
Belousov Kim bilan uchrashib, 9 may paradiga taklif qildi
16:34 / 30.11.2024
Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov KXDR rahbari bilan uchrashdi
23:50 / 29.11.2024